Jettiosor, yetti osor

Jettiosor, yetti osor (yetti yodgorlik) — Sirdaryoning eski o’zani Quvondaryo havzasida joylashgan 20 ga yaqin qadimgi qo’rg’on-qal’a xarobalari majmuasi (miloddan avvalgi 3-2-asr — milodiy 7-8-asr). 1946, 1949-62 yillarda S. P. Tolstoy rahbarligidagi Xorazm arxeologiya etnografiya ekspeditsiyasi tadqiqot ishlari olib borgan. Qadimgi sug’orish inshootlari qoldiqlari topilgan. Mustahkamlangan qurg’onlar (ulardagi turar joy binolari), qal’alar, istehkomli qo’rg’on- qal’a va mozorqo’rg’onlar tekshirilgan. Ularning devorlari somonli g’ishtdan qurilgan. Devorlarning pastki qismida qamish (Xorazm mahalliy me’morligida hozir ham ishlatiladi) qoldiqlari topilgan. Istehkomli qo’rg’on-qal’a — Oltinosor bu xarobalar ichida eng yirigi bo’lib, maydoni 17 gektar. Devori (kengligi 1,5—2 metr, balandligi 3,5 metr) paxsa va xom g’ishtdan. Tashqi devori shinak va burjli bo’lgan. 2 qavatli katta turar joy binosi o’rni ochilgan. Jettiosorda yorg’uchoq, tegirmon toshi, turli shakldagi sopol idishlar (kuvacha, xumcha, xumlar va boshqalar), kamon o’q uchi —paykon, turli taqinchoq (uzuklar va boshqalar) lar topilgan. Sopol idishlar och- sariq, qora jigarrang, qizil, ko’k, oq angob bilan bo’yalgan, ayrimlarining pastki qismida qora zaminga oq chiziq tortilgan. Jettiosor moddiy madaniyati Xorazmdagi afrig’iylar madaniyatiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan. S. P. Tolstoyning fikriga ko’ra, Jettiosor yodgorliklari toxarlarga mansub bo’lgan. Aholi patriarxal urug’chilik tuzumida yashab sug’orma dehqonchilik, chorvachilik va baliqchilik bilan mashg’ul bo’lgan. Keyinchalik Jettiosor aholisi Amudaryo va Sirdaryo bo’ylariga ko’chib o’tgan. Ad.Tolstoy S. P., Po drevnim deltam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Levina L . M ., Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab, T., 1964.