Qadimgi Jizzax shahri hududida ulug’ bobokalonlarimiz sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Zahiriddin Muhammad Boburlarning qadami tekkan manzillarning borligi ham uning qadimiy va mo’tabar bir diyor ekanligidan shohidlik berib turibdi. Shahar zaminidan fan va madaniyat sohasida ko’zga ko’ringan O’zbekiston xalq shoiri Hamid Olimjon, davlat va jamoa arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov, dramaturg Shukur Sa’dulla, O’zbekiston xalq yozuvchisi Nazir Safarov, yozuvchi va adabiyotshunos olim Sarvar Azimov, jahonning mashhur 500 jarrohlaridan biri O’zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor O’ktam Oripov, mashhur paxtakor, ikki marta Mehnat Qahramoni bo’lgan Hamroqul Nosirov va boshqa ko’plab el ardog’idagi mashhur insonlar yetishib chiqqan.
Jizzax shahrining paydo bo’lishi va nomining kelib chiqishi haqida ham xalq orasida ko’p afsona va rivoyatlar saqlanib qolgan. Rivoyatlarning birida hikoya qilinishicha, qachonlardir hozirgi Jizzax shahrining o’rni Uchtepa cho’liga ulanib ketgan to’qayzordan iborat bo’lgan emish. Kunlardan bir kuni qo’shni Sharq mamlakatlariga qo’shin tortgan Buxoro xoni xuddi shu yerda o’z qo’shinlariga dam bergan emish. Ana shunda xon a’yonlaridan biri to’qayzorni aylanib yurib bir xumcha oltin topib olgan emish. Ertasi kuni u xonga o’zini yomon his qilayotganini aytib, shu yerda qoldirishlarini so’raganmish.
… Oradan yillar o’tib qirg’inbarot urushdan horib-tolib qaytayotgan xon qo’shinlari avvalgi to’qayzor o’rnida bunyod etilgan mustahkam qal’aga duch kelishganmish. Xondan ajralib qolgan o’sha a’yon o’z hukmdorini shahar darvozasi oldida zo’r hurmat bilan kutib olgan emish. U xondan bir qoshiq qonidan kechishini so’rab, to’qayzordan topib olgan oltinlar hisobiga ushbu qal’ani qurdirganini so’zlab bergan emish. Xon a’yonning gunohidan kechgan, hattoki: sen men bergan tuzimni oqlading, ana shuning uchun ham bu shahar-qal’aning nomi “Tuzihaq” bo’lsin deb shaharga nom bergan emish.
Jizzax tarixi va ijtimoiy hayotiga oid ma’lumotlar Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida ham bayon qilingan. Asarda u Jizzax, Zomin, Pishag’or, Ravot, Xo’jandda bo’lganligini yozib qoldiradi. Bobur 1501 yili Shayboniyxondan zarbaga uchrab, Andijonga qaytishida Jizzaxda bo’lganligini quyidagicha yozadi: “Kech nomoz digar Ilono’ttida tushub, ot o’lturib etini shishlab, kabob qilib, otni lahza tindirib otlanduk. Tongdin burunroq Xaliliya (hozirgi Qaliya qo’rg’oni hududi) kentiga kelib tushtuk. Xaliliyadan Dizak kelildi, ul fursatta Dizakta Hofiz Muhammadbek duldoyning o’g’li Tohir duldor edi. Semiz etlar va mayda etmaklar arzon, chuchuk qovunlar va yaxshi uzumlar farovon… Andoq usrattin mundoq va arzonliq va baliyattin mundoq amonliqqa kelduk” bitiklari Jizzax chorva, bog’dorchilik va poliz mahsulotlariga boy va arzonligi, xalqining mehmondo’stligiga bergan baho hisoblanadi.
VII-XII asrlarda Jizzax vohasi hayoti birmuncha rivojlanganligi, qishloq xo’jaligi va hunarmandchiligi taraqqiy qilib, shahar yaqinidagi Mirasmanda jahon bozorida, shu yerda tayyorlangan jun matolar, jun liboslar, pilla, temir va metal buyumlar, Ustrushona feruzasi katta mavqega ega bo’lgan. Arab geografi va sayyohi Ibn Havkal o’zining “Kitob masolik al-mamolik” (“Mamlakatlar yo’llari haqida kitob”) asarida Mink va Mirasmanda ruda qazib olish va qayta ishlash rivojlanganligi, bu yerda metalldan tayyorlangan asbob-uskunalar Xuroson, Bag’dod va Eronda keng tarqalganini yozib qoldiradi.
Filologiya fanlari doktori, professor Fayzulla Boynazarov o’zining “O’rta Osiyoning antik davri” kitobida, yunon tarixchisi Arrianning “Iskandar yurishi” nomli kitobida ham Jizzax shahri Gazo nomi bilan tilga olinganini ta’kidlaydi. Farang solnomachisi G.I.Drayzer ham o’zining bundan yuz yil burun chop etilgan “Ellinizm tarixi – Maqduniy tarixi” deb nomlangan kitobida Jizzax shahrini Gazo nomi bilan ataydi. Tarixchi olim Yu.F.Buryakov, A.A.Gritsina, B.D.Kochiyevlarning “Drevniy Zaamin” nomli kitobida ham Gazoni hozirgi Jizzax shahri deb tilga olinadi.
1992 yili chop etilgan XV asr arab tarixnavisi Shahobuddin Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Ibrohim ibn Arabshoh qalamiga mansub “Ajoib ul-maqdurfi axbori Taymur” (“Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari”)-“Amir Temur tarixi” nomli ikki jildli kitobining 2-jildida Ashpora amiri Ollohdodga Farg’ona amiri Xudoydod chopar orqali yuborilgan maktubda Samarqand hukmdori Xalil Sulton huzuriga tez yetib borishini xabar qiladi. “Ollohdod kechayu kunduz (to’xtamasdan) yo’l yurib, nihoyat Xudoydodga yetib keladi. Xudoydod (uni) ko’rganidan shodlanib, uning siymosidan o’z maqsudi tomon yaqin kelgandek bo’ldi. Keyin ikkalalari Xo’jand daryosidan kechib o’tib, Samarqand atrofiga tomon yurdilar va hech bir kutilmagan g’aflat paytida Tayzaq deb ataladigan bir joyga yetib keldilar”.
Ajabo, bu “Tayzaq” degani qayer bo’ldi ekan? Shu o’y bilan kitobning oxirgi betlari berilgan ma’lumotlar o’rganilganda “Tayzaq” so’zining ustiga qo’yilgan 1130 raqamidagi izohda Tayzaq” hozirgi Jizzax nazarda tutilayotir” deb yozib qo’yilgani ma’lum bo’ldi.
Xalqaro “Antik dunyo” ilmiy akademiyasining dotsenti, journalist S.Po’latov (marhum) “Istibdod sari” gazetasida bosilgan “Yana Jizzax haqida” degan maqolasida X asrda yashab ijod etgan buyuk adib, tilshunos Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit turk” kitobi ma’lumotlariga asoslanib, Jizzax yaqinidagi hozirgi Jayilma (Yoyilma) nomi bilan atalib kelinayotgan qishloqqa nisbatan berib, Kaliya qal’asi atroflari ham qadimda yaylov bo’lgani uchun shahar nomi Tayzaq-yaylov nomidan kelib chiqqan bo’lishi mumkin, degan xulosaga keladi.
Jizzax atamasining kelib chiqishi va ma’nosi haqida olimlar tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Dizak nomining kelib chiqishi etimologiyasiga keladigan bo’lsak, bu qadimiy nom hisoblanadi. Professor To’ra Nafasov tomonidan “Dizak” so’zining lug’aviy ma’nosi izohlab berilgan. U so’zning paydo bo’lishi haqida to’xtalib: “Jizzax nomining tovush shakli – “Dizak” deb yozadi. O’rta Osiyoda Dizak degan qal’a, qishloq va shaharchalar juda ko’p uchraydi… “Dizak” – yasama so’z. Yasalishiga asos bo’lgan so’z – diz, so’g’d tilida diz – qal’a. “Diz” so’ziga kichik ma’nosini ifodalovchi –ak qo’shimchasi qo’shilib, “Dizak” so’zi yasalgan. “Dizak – kichik qal’a, qo’rg’on yoki qo’rg’oncha ma’nosini anglatadi” deb yozadi. IX-XIII asrlarda solnomalarda “Diz” so’zi bilan yasalgan qo’rg’on, qishoq, shahar nomlari ko’plab uchraydi. Masalan, Samarqand atrofida Bardiza, Tushkadiza, Sangdiza, Chiqardiza nomlari bilan atalgan qishloqlar mavjud.
Jizzax viloyatining hududi shimoli-sharqda Qozog’iston Respublikasi, sharq tomondan Sirdaryo viloyati, g’arb va janubi-g’arbda Samarqand, Navoiy viloyatlari, Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Viloyat Sirdaryo va Zarafshon daryolari atrofida joylashgan, O’rta Osiyoning janubi-sharqidagi Turkiston, Molguzar va Nurota tizma tog’lari tarkibiga kirib, maydoni 20,5 ming kv.km ni tashkil qilib, serhosil, unumdor tekisliklar, yaylovlardan iborat. Mirzacho’l tekisligi Turkiston tog’ining janubiy yonbag’ri Sangzor vodiysining tabiiy-geografik joyidan o’rin olgan. Mirzacho’l yerlari Sirdaryo va Jizzax viloyatlari tarkibiga kiradi.
So’nggi yillar mobaynida Samarqand arxeologiya institute olimlari tomonidan Jizzax viloyati hududlarida arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Jizzax va G’allarorol vohalarida, Xarakana (G’allaorol tumani) majmuasida antik va o’rta asr yodgorliklari – Oydinsoytepa, Qing’irtepa, Jalmantepa, Lapaktepa, Nushkent singari yodgorliklarni ochib o’rganishlari natijasida bu hududda istiqomat qilgan ibtidoiy odamlarning hayot tarji, xo’jalik faoliyatiga doir ma’lumotlar to’plandi. Sangzor daryosi havzasidagi vodiyda qadimdan aholi yashaganligi, dehqonchilik, chorvachilikka asoslangan o’troq va yarim-o’troq hayot qaror topganligi ma’lum bo’ldi. Arxeologik qazilmalar paytida topilgan qadimgi ashyoviy dalillar Neolit (yangi) tosh davridayoq Jizzax vohasida, xususan, Sangzor vodiysi, Ilono’tti darasi, Tuzkon hududlarida aholi manzilgohlari bo’lganligini ko’rsatadi. Demak, Sangzor vodiysidagi yerlarning ajdodlarimiz tomonidan o’zlashtirilishi qariyb V ming yillik tarixga ega.
Neolit (yangi) tosh davrida kishilar tasavvurlari va e’tiqodlarida keskin o’zgarish yuz bergan davr hisoblanadi. Bu jarayonni Molguzar va Nurota tizma tog’larida eng qadimgi suratkash ajdodlarimizning qoyatosh bitiklari, rang tasvirlari ham tasdiqlaydi. 1956 yili akademik A.R.Muhammadjonov va arxeolog M. Xujanazarov hamkorlikda Jizzax shahri yaqinidagi Sayxonsoy va Taqatosh manzillaridagi qoyatoshlarga suratkash ajdodlarimiz tomonidan ov manzaralari, odamlarning boshqa xil maishiy turmush jarayonlari o’yib ifodalangan rasmlar galereyasini topib o’rgandilar. Tadqiqotchilar Sayxonsoyning chap qirg’og’idagi qal’alardan bir necha metr, 12, hatto 15 metr balandlikdan o’rin olgan 683 ta turli xil hayvonlar — tog’echkilari, arxar, butu, ot, yovvoyi chuchqa, jayron, bo’ri, qoplon va itning toshga o’yib bitilgan ko’pgina geometrik shakllarini, ovchilarning yoy bilan ov qilish jarayonlari tasvirga tushirilgan tosh bitiklarni topib o’rganishga muvaffaq bo’ladilar.
Sayhonsoy atrofidan o’rin olgan Taqatoshda balandligi 6 metr, eni 4 metr toshga o’yib tushirilgan rasmlar ham topilgan. Bu rasmlarning asosiy qismi o’tkir asboblar vositasida uzoq yillar davomida tarashlab o’yilgani shaklda olimlar bir xulosaga keladilar. Bu rasmlarning eng qadimgi nusxalari quyosh va shamollar ta’sirida qorayib ketgan bo’lsa-da, quyosh tikka kelganda ko’zga yaxshi tashlanadi. Qoyatoshdagi ushbu rasmlarning eng qadimgilari davriy nuqtai nazardan miloddan avvalgi IV ming yilliklarda bitilgan, degan xulosaga kelingan.
Tadqiqotchi olimlar A.Muhammadjonov va M.Xo’janazarovlar tomonidan topilgan Sayhonsoy va Taqatoshdagi qoyatosh bitiklari va rasmlar Sangzor, Jizzax vohasida ovchilik, chorvachilik bilan kun kechirgan qadimgi odamlarning turmush tarzi, hayvonot olami, ov manzaralari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.
1966-1974 yillari arxeolog A. Kabirov tomonidan ham qoyatosh bitiklarini o’rganish bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. 1987 yili Samarqanddagi Arxeologiya institutida Molguzar va Nurota tog’larida qoyatosh bitiklarini o’rganish guruhining tashkil topishi, qoyatosh rasmlarini o’rganishda muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda. Arxeologlar tomonidan Jizzax vohasi, Xatirchi va Nurota tumanlarida haligacha ma’lum bo’lmagan 30 dan ortiq, qoyatosh yodgorliklari topib o’rganildi. Birgina Xatirchi tumanidagi Oqsoqolota soyi qoyatoshi kamarlaridan 500 dan ortiq qizil rangdagi bo’yoq bilan ishlangan qadimgi qoyatosh suratlari topib o’rganilib, qoyatosh rangli suratlari cho’kich yordami bilan urib, cho’kichlab, tirnab ishlangani aniqlandi. Bu qoyatosh rasmlari miloddan avvalgi I ming yillikda va milodning I ming yilligida ishlanganligi qayd etiladi.
Sangzor vodiysida istiqomat qilgan odamlar dastavval tabiiy oqova suvlar yoqalarida, Turkiston, Molguzar, Nurota tog’laridan oqib keladigan soylar, ko’llar atrofida, chorva mollari va odamlar suv icha oladigan, qiynalmasdan ekinlarni sug’orish imkoniyati bo’lgan hududlarda o’troq va yarimo’troq tarzida istiqomat qilishgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, ibtidoiy odamlarning mehnat qurollari juda oddiy bo’lib, yirik hayvonlarni ovlashda qiynalganlar. Shu sababli kishilar jamoaga birlashib hayot kechirishga majbur bo’lganlar. Chunki yolg’iz odamlar xayvonlarni ovlay olmaganlar. Ibtidoiy odamlar yirik jamoaga birlashib, katta kuchga aylanib ov qilishga, tabiatdagi yuz beradigan qiyinchiliklarni, ofatlarni birlashib engishga muvaffaq bo’lganlar. Ibtidoiy odamlar toshdan, daraxt shoxlaridan yasalgan mexnat qurollari yordamida mayda hayvonlarni ovlaganlar, o’simlik ildizlarini kovlab olib, yegulik topishga muvaffaq bo’lganlar. Tabiat odamlarga nimani in’om qilgan bo’lsa, o’sha tayyor narsalarni o’zlashtirganlar. Bu jarayonda odamlarning o’zlari xam jismonan, ham aqlan takomillashib borganlar.
Arxeologlar O’zbekistonda o’rta paleolit davri yodgorliklarini topib o’rganishga muvaffaq bo’lganlar. Bu yodgorliklar birgina ochiq joydagi manzilgohlarda bo’lmay, balki g’orlardan ham topilgan. Ana shunday g’orlardan biri Boysun tog’laridan topilgan Teshiktosh g’ori bo’lib, u o’rta paleolitga xos neandertal tipidagi odamlarning manzilgohi bo’lganligi aniqlangan. G’ordan o’rta paleolit davriga xos neandertal odamlari suyaklari topilgan. Neandertal odamlarining mazkur makoni muste davriga, ya’ni 100-40 ming yilliklarga oid bo’lib, neandartal odamlari tomonidan yasalgan 3000 ga yaqin keskich, arralagich va chopqi kabi tosh qurollari, arxar, kiyik, yovvoyi ot, qoplop, quyon va boshqa hayvonlarning suyaklari topilgan.
O’rta paleolit-muste davriga oid yodgorliklar Toshkent vohasidagi Xujakent, Obirahmat g’orlari, Samarqand yaqinidagi Omonquton, Taqalisoyda ham topib o’rganilgan. Bu davrda odamlar olovni kashf qilib, go’shtni gulxanda pishirib yeyishni, yirtqich hayvonlarni olov bilan qo’rqitishni o’rganganlar.
So’nggi paleolit davri odami manzilgohlari esa Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida, O’rta Osiyoda 30 dan ortiq joylarda topilib, o’rganilgan. So’nggi paleolit davri oxirida odamlarning ibtidoiy to’dasi o’rnida urug’jamoalari (matriarxat, patriarxat) vujudga keladi. Urug’jamoasi a’zolari birgalikda mehnat qilgan, mehnat mahsulotlari umumiy mulk hisoblangan. Urug’jamoasi ishlariga oqsoqol (jamoaning tajribali, hurmatli a’zosi) rahbarlik qilgan.
Jizzax viloyatida paleolit davri odamlar hayoti, turmush tarzi haqida ma’lumot beruvchi manzilgohlari hali yetarli topib o’rganilmagan va so’nggi yillargacha umuman tadqiqotlar o’tkazilmagan. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida Samarqanddagi Arxeologiya institutining Jizzax ekspedisityasi guruhi dastlabki arxeologik qidiruv ishlarini amalga oshirmoqdalar. Arxeologlar Forish tumanining Chimqurg’on jamoa xo’jaligi hududidagi qum karyerlari va uning atrofidagi yerlarni o’rganib, Qoratog’g’ori atroflaridagi yer qatlamlari paleozoy davrida shakllanganini aniqlashdi. Chunki, paleozoy davri tektonik harakatlarning (yer silkinishlarining) o’ta faolligi bilan ajralib turadi. Bu davrdagi yerning ustki qobig’ida qattiq egilishlar, yorilishlar oqibatida katta hajmli chuqurliklar hosil bo’lib, suv havzalari, ko’llarning yuzaga kelishiga sabab bo’lgan. Qoratog’etaklarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida qum karyeri aynan shunday suv havzalarining qurib qolgan o’rni bo’lganligi isbotlandi. Guruh tarkibidagi tarixchi-arxeolog mutaxassislarning qayd qilishicha, Forish tumani, xususan, Jizzax viloyati hududida yer ustining tektonik harakatlari juda uzoq davom etganligini, shu boisdan, bu yerda egilish, bukilish, ko’tarilmalar paydo bo’lganligini aniqladilar. Bundan tashqari, qum karyeri atrofida bundan 100-40 ming yil avval o’rta paleolit ibtidoiy odamlar hayoti bilan bog’lik bo’lgan tosh qurollari topilgan. Topilmalar orasidagi qayroqtoshdan ishlangan, hajmi 54x53x21 mm bo’lgan tosh quroli — nukleus g’oyat ahamiyatli hisoblanadi. Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, ushbu nukleus tosh qoldig’idan ibtidoiy ustalar bir necha pichoqsimop tosh qurollari yasab olganligi isbot qilindi. Jizzax hududidan topilgan tosh asriga oid dastlabki osori atiqalar o’lkamiz tarixini, uzoq o’tmishga borib taqaluvchi madaniyatini 100-40 ming yilga qadimiylashtirib, odamlar yashagan qadimiy o’lkalar safidan o’rin olishini taxmin qilishni ko’rsatmoqda. Balki Jizzax viloyati hududida yashagan ajdodlarimiz Zirabuloq Omonquton hududlarida yashagan odamlar bilan bevosita madaniy aloqada bo’lgan bo’lishlari ham mumkin degan xulosaga kelingan.
Mezolit davri (12-7 ming yilliklar)ning yirik ixtirolaridan biri — insoniyat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo’lgan o’q-yoy va o’tkir uchli irg’ituvchi nayza qurollaridir. Odamlar bu davrda o’q-yoy va nayza yasashni o’rganib olgani tufayli tez harakat qiluvchi, chopqir hayvonlar va qushlarni ov qilish, tutib olish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Kichik ovchilar to’dasi tomonidan itni qo’lga o’rgatish va ko’plab hayvonlarni ov qilish orqali jamoa urug’doshlarini boqa oladigan darajada mahsulot topishga muvaffaq bo’ladilar. O’q-yoy quroli odamiing yolg’iz o’zi hayvonlarni ovlash, jamoadan ajralib kun kechirishiga imkoniyat yaratdi. Ibtidoiy odamlar ov jarayonida tutib olgan qo’zichoq, echki, buzoqlarni so’ymasdan manzilgoh yonida zaxira tariqasida honakilashtirib boqishni, yovvoyi o’simliklar urug’ini yerga ekib, g’alla yetishtirishni ham o’rganib bordilar.
Neolit (yangi tosh), ya’ni miloddan avvalgi 6-4 ming yillik davrida mehnat qurollari yanada takomillashdi. Tosh boltalar, tosh teshalar, iskanalar, sopoldan yasalgan uy-ro’zg’or idishlari paydo bo’ldi. Xo’jalik yuritishning 3 xil tarmog’i — chorvachilik, dehqonchilik va hunarmandchilik vujudga keladi. Urug’jamoalari qo’ra-qo’ra chorva mollariga, don-dun zaxiralariga ega bo’ladilar. Odamlar tabiatga qaramlikdan qutuldilar. Urug’jamoalari Vatanimizning ko’pgina hududlarida oziqa izlab ko’chib yurishdan o’troq hayotga o’tdilar. Natijada doimiy yashaydigan uylar, manzilgohlar, qishloqlar vujudga keladi.
Eneolit (mis-tosh) davrida, ya’ni miloddan avvalgi 4 minginchi yillarda odamlarning yana bir kashfiyoti sodir bo’ldi. Misdan qurol yasashni o’rgandilar. Bronza (miloddan avvalgi 3 minginchi yillar) davrida esa mis va qalayni eritib, eritilgan qorishma metalldan bronza qurollarini yasashni o’rganib olishga muvaffaq bo’ladilar. Metall asbob-uskunalar, zargarlik buyumlari yasaladigan ustaxonalar, hunarmandchilik vujudga keladi.
Metallning kashf qilinishi bilan undan yasalgan mehnat qurollarining paydo bo’lishi, odamlarning moddiy-madaniy hayotiga ijobiy ta’sir qiladi. Chorvador, dehqon va hunarmandlar o’rtasida mahsulot ayirboshlash boshlanadi. Natijada bozorlar vujudga kelib, shahar va qishloqlarning yuzaga kelish jarayoni yanada tezlashdi.
Jizzax vohasida, Sangzor daryosi bo’ylarida sug’orma dehqonchilik rivojlanadi. Hunarmandlar yasagan mis, bronza va temirdan yasalgan mehnat quroliga ega bo’lgan odamlar tomonidan yerga ishlov berish yaxshilanib bordi. Chorvachilik va hunarmandchilikning rivojlanishi, ekin maydonlarining kengayishi tufayli qo’shimcha mahsulot ishlab chiqarish yuzaga keladi. Bu hol chorvachilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishiga, hunarmandchilikning rivojlanishiga, mehnat taqsimotining yuzaga kelishiga sabab bo’ladi.
O’rta Osiyo hududida qadimgi yuksak madaniy hayot yo’lini bosib o’tgan So’g’diyona, Baqtriya, Xorazm, Qang’va Parkana kabi davlatlar vujudga keladi. Xitoy solnomalarida bayon qilinishicha, bu davlatlar qatorida Ustrushona davlati ham yuzaga keladi. Milodiy III—IV asr boshlariga kelib, Ustrushona madaniyati taraqqiy etib, tarixda «400 qal’a mamlakati» deb nomlanadi. Ustrushonada yirik kent va qo’rg’onlar o’rnida ilk o’rta asr shaharlari, mudofaa va sug’orish inshootlari yuzaga kela boshlagan. Milodning VI asriga oid Xitoy va Arab manbalarida Ustrushona davlatining chegarasi quyidagicha bayon qilinadi: «Ustrushona tubdan Samarqand, shimoldan Shosh, janubdan Kesh, So’g’diyona, sharqdan esa Farg’ona o’rab turgan hududlardan iborat bo’lgan». Al Istaxriyning guvohlik berishicha, «Ustrushonaning katta qismini tog’lar egallagan, unda kemalar suzib yurishi mumkin bo’lgan daryolar ham, ko’llar ham yo’q. Ustrushona davlati 18 ta rustoqqa bo’linib idora qilingan. Tekislikdagi rustoqlarga Bunjikat, Savat, Zomin, Hovas, Shovkat, Fankat, Xarakana kiradi. Tog’li rustoqlarga esa: Mink, Asbanikat, Biskar, Bankar, Vakir, Shagar, Maschog, Buttam va Burnakan kirgan». Bunjikat, akademik V. V. Bartold ta’kidlaganidek, Samarqand bilan Zomin o’rtasida joylashgan hozirgi Jizzax shahridir.
Ibn Havqalning «mamlakatlar yo’llari haqida kitob» nomli asarida bu shaharlar quyidagi nomlar bilan yuritilgan: Asbanikat, Kurkat, Banket, Savat, Suvsant, Zomin, Nushkent, Xarakana va poytaxt shahar Bunjikat (Jizzax) hisoblangan. Qo’shni davlatlar: Shoshda 40 ta, Farg’onada 39 ta shahar bo’lgan bir paytda Ustrushonada 10 ta shahar bo’lgan.
Jizzax shahri atrofida olib borilgan arxeologik qazilmalar sug’orish inshootlarini qurish Kushonlar imperiyasi tanazzulidan keyin boshlanib, ilk o’rta asrlarda keng tus olganligini ko’rsatmoqda. 1978 yilda arxeologiya institutining ilmiy hodimlari tomonidan Jizzax vohasidagi ko’hna, hozirgi paytda ham xarobalari saqlanib qolgan Sharqiy Kaliya qal’asi, Shimoliy O’rda qal’asi, Pardakultepa, Qing’irtepa, Almantepa (G’allaorol) yodgorliklari ochib o’rganildi. Sangzor havzasining III—IX asrlarga taalluqli Rasulboykultepa, Pardakultepa yodgorliklari ilk o’rta asrlarda tekislik yerda qad rostlagan. Pardakultepa aylana shaklida bo’lib, hajmi 0,6 ga, balandligi 7 metrni tashkil qilib, qal’aning Markaziy qismi mudofaa devoridan iborat. Imoratlar, asosan, paxsa va katta qolipdagi g’ishtlardan qurilgan. Markaziy imorat 9 ta xonadan iborat. Pardakultepani o’rganish chog’ida tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan topilmalar, kundalik ehtiyoj va uy ro’zg’or buyumlari topiladi. Bu topilmalar orasida kosa, piyola, choynak, ko’za, qozon kabi idishlar, toshdan ishlangan urchuqboshi, etik oshik moshiqlari, yorg’ichoq (qo’l tegirmon) va sopol toshlari bor. Bu topilmalar Pardakultepadagi tarixiy inshoot IV asrda qurilib, VI asrgacha mavjud bo’lgani isbot qilindi.
Komilbobotepa ham eng qadimgi qal’alardan biri hisoblanadi. Qal’a ochib o’rganilganda ajdodlarimizni loydan ishlangan burama shoxli qo’chqor haykalchasi, ushbu haykalchaga taqlid qilib yasalgan buyumlar VII—IX asrlarga oid ekanligidan dalolat beradi.
Qadimgi Ustrushonaning shimoli-g’arbiy qismida Jizzax vohasida 1980— 1985 yillar mobaynida o’tkazilgan arxeologik qazuv ishlari G’allaorol tumani hududida bo’lgan Harakana rustoqining antik va o’rta asr yodgorliklari — Oydinsoytepa, Qinqirtena, Almantepa, Lanaktepa, Nushkent yodgorliklari, G’allaorol vohasining tog’va tog’oldi hududlari, Sangzor daryosi havzasidagi katta tekislikda qadimdan aholi zich joylashganidan, dehqonchilikka asoslangan o’troq hayot qaror topganidan guvohlik beradi.
Yunon tarixchisi Gerodotning 9 kitobdan iborat «Tarix» asarida, yunon tarixchilari Ksenofont va Ktesiylarning miloddan avvalgi V—IV asrlardagi asarlarida ham yurtimiz tarixi tilga olinadi.
Milodning I asr oxirlarida yashab o’tgan yunon tarixchisi va geografi Strabonning «Geografiya» nomli asarida, miloddan avvalgi II asr oxiri — I asr boshlarida yashagan Xitoy tarixchisi Tsima Szyanning «tarixiy yilnomalar» nomli asarida, milodning I asrida o’tgan Kvint Kursiy Rufning «Buyuk Iskandar tarixi», Arrian, Strabon asarlarida yurtimizning qadimgi tarixi, aholisi, madaniyati, tarixiy voqealar haqida ma’lumotlar keltiriladi. Bu asarlarda miloddan avvalgi III asrlarda Ustrushonadagi o’trok hayot, sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilik faoliyat ko’rsatgani haqida ham qimmatli ma’lumotlar keltiriladi.
Ustrushonaning Jizzax vohasi tarixini o’rganishda Arab geograf sayyohlari Abulqosim ibn Havkalning «kitob masolik al-mamolik» («mamlakatlar yo’llari haqida kitob»), Mazdisiyning «Sharq madaniyatining Nodir yodgorliklari» nomli asarlarida Jizzax shahrining tasvirlarini to’liq ta’riflamasalar-da, uning aholisi, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti, tabiati haqida umumiy tarzdagi bitiklar yozib qoldirishgan. Mualliflar Ustrushona davlatining Faknon (Dizak) rustoqi Zomindan keyin ikkinchi o’rinni egallab, aholisi dehqonchilik, chorvachilik, savdo-sotiq bilan shug’ullanganligini hikoya qilishadi.
Taniqli tarixshunos olima O. I. Smirnova Ustrushonada miloddan avvalgi IV asrlardayoq shahar rivojlangani, sun’iy sug’orish tizimlariga asoslangan dehqonchilik taraqqiy qilgani haqida ma’lumotlar yozib qoldirgan.
Ustrushona zamini xalqlarning xo’jalik yuritishi qadim zamonlardayoq dehqonchilikka asoslanganini ko’rsatmoqda. U o’z navbatida jamiyatdagi ikki xil: o’troq dehqonlar va ko’chmanchi chorvadorlar turmush tarzining paydo bo’lishiga asos soladi. Ko’chmanchi chorvachilikning o’troq dehqonchilikdan alohida soha sifatida ajralib chiqishi bundan to’rt yarim ming yil avval — bronza davrida sodir bo’ladi. Bu tarixiy jarayonlardan Jizzax shahrida yashagan xalqlar ham istisno bo’lmaganligidan darak beradi. O’rta asrlarda ham Movarounnahrning So’g’d, Farg’ona, Shosh viloyatlari qatorida Ustrushonada ham ko’p tarmoqli qishloq xo’jaligi taraqqiy etganligini arxeologik qazilma manbalari ham tasdiqlamoqda.
Jizzax vohasida, xususan, Sangzorning quyi oqimi Jizzax shahri va uning atrofida o’troq dehqonchilik xo’jaligi, shaharsozlik madaniyatining ko’p yillik tarixga ega ekanligini ko’rsatmoqda. Al Istahriy Ustrushona, Shosh, Farg’ona viloyatlari hakida yozar ekan «…Eng toza, eng yumshoq, xush ta’mli suv ularda» deb yozadi.
Ibn Xavqal bu o’lkada mevalarning juda ko’p yetishtirilishi, hatto mevalar bilan «uy hayvonlari boqilishi haqida hayratomuz ma’lumotlar keltiradi. O’z navbatida Jizzax va Zominning eng «mo’l oqar suvi, g’allazorlari, anvoyi bog’lari, son-sanoqsiz chorva mollari» haqida ma’lumotlar beradi. «Xudud al-olamning» noma’lum muallifi esa Jizzaxni «oqar suv bo’yidagi shahar» deb ta’riflaydi.
Sohibkirozi Amir Temur va Temuriylar davrida Shimoliy Ustrushonada, Jizzax vohasida ham dehqonchilik xo’jaligiga alohida e’tibor beriladi. Qadimgi shahar ariq va yordamchi ariqlar tiklanib, shu asnoda dehqonchilik o’z faoliyatini tiklab oladi.
Ko’chmanchi chorvador qabilalarining o’troq dehqonchilik vohalariga bosqinchilik, talonchilik hujumidan himoya qilish maqsadida O’rta Osiyo shahar-qishloqlari mudofaa devorlari — «kanpir devor» bilan o’rab olingan. M. Narshaxiyning «Buxoro tarixi», tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiyning «Samariya» kitoblarida Buxoro vohalari kabi Jizzax vohasida ham mudofaa devorlari mavjud bo’lganligi yozib qoldirilgan. 1956 yilning kuzida Jizzax tumanidagi Kaliya mahallasida istiqomat qilgan Sohib ota Pirnazarov O’zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Ya. G’ulomovga Jizzax shahri atrofida ham «kanpir devor» qoldig’i saqlanib qolganini so’zlab beradi.
Akademik Ya. G’ulomov rahbarligida tuzilgan A. Rahimjonov, X. Muhammedovlardan iborat arxeologlar guruhi bu borada izlanishlar olib borib, Jizzax vohasini ko’chmanchi chorvador qabilalardan himoya qilish uchun Jizzax shahri va uning atrofidagi obod dehqonchilik yerlari «kanpir devor» bilan o’rab olinganini aniqdaydilar.
Arxeologlarning izlanishlari natijasida Ravot qishlog’i hududidan Qo’rg’ontepaga qadar 20 kilometr masofada «kanpir devor» xarobalari saqlanib qolganligi ma’lum bo’ldi. 1959 yilning bahor oylarida X. Muhammedov boshchiligidagi arxeologlar yana Jizzaxda «kanpir devor» xarobalarini o’rganishadi. O’zaro urushlar natijasida vayron bo’lgan «kanpir devor» xarobalaridan ma’lum bo’ldiki, mazkur devor Zomin va O’ratepa atrofidagi obod dehqonchilik vohalarini o’rab olgani, hozirgi Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahriga qarashli Toshkent qo’rg’oni orqali Uyas va boshqa qishloqlariga qadar davom etganligi aniqlandi.
Zarafshon vohasini o’z ichiga olgan «kanpir devor» harobalari hozirgi G’allaorol hududidagi temir yo’l bekati tarafidan o’tib, Sangzor daryosi bo’yidagi Kushumbaz (Oqtepa)ga kelib ulanib ketganligi aniqlandi. «Kanpir devor» ning mudofaa qo’rg’oni balandligi taxminan; 10 metr, qalinligi 3-4 metrga to’g’ri kelgan. Mudofaa devorlari juda katta hududni qamrab olgan bo’lib devor ustida askarlar kecha-kunduz navbatchilik qilib bosqinchilarni kuzatib turishgan. Qo’rg’onlarning ichida quduq va lahm yo’llari ham bo’lgan. Devor to Jizzaxning janub tomonidagi hozirgi Kuyovboshi qishlog’iga qadar davom etgan. Kuyovboshi qishlog’iga yaqin masofada ikkinchi yama bir devor xarobasi ham saqlanib qolganligi ma’lum bo’ldi. Bu devor ham «kanpir devor»ning davomi bo’lib, birinchi devorga parallel holda o’sha yo’nalishda davom etganligi va toqqa taqalganligi ashyoviy dalillar asosida isbot qilindi.
Arxeologlarning va mahalliy aholi orasida to’plangan ma’lumotlarga ko’ra, Kuyovboshi qishlog’i orqali o’tgan «kanpir devor» shimoli-sharqiy yo’nalishida davom etib, Jizzax shahrining shimol va g’arb tomonlarida o’rnashgan qishloqlarni shu tarafdan o’rab olgani, Jizzax shahri atrofida yoy hosil qilib, shaharning Sharq tomoniga o’tib, Siyponchiqtepaga kelib ulangani aniqlanadi. Mazkur devor harobalarini tekshirish paytida shahar atrofidagi Kushqand qishlog’i hududidagi jamoa xo’jaligining brigada boshlig’i Qo’ldosh Mirzayev traktor yordamida chuqur qaziyotganida devor tagidan topilgan odam ustixonidan topilgan yumaloq holdagi bronza tumorni arxeolog X. Muhammedovga topshiradi. Bu bronza tumor kishilarning bo’yniga, ko’kragiga taqib yuriladigan tumor bo’lib, Xitoyda tayyorlangani ma’lum bo’ldi.
Mazkur bronza tumorni ilmiy jihatdan o’rgangan Toshkent davlat universitetining (hozirgi O’zbekiston Milliy universiteti) Xitoy tili o’qituvchisi M. I. Malohatova va universitetning kutubxona xodimi o. A. Vaginlarning ilmiy adabiyotlar asosida olib borgan izlanishlari natijasida tumorning teskari tomonida Xitoy tilida yozilgan iyeroglif yozuvi «boylik va hurmat uzoq yillar sizga yor bo’lsin!»degan yaxshi tilak ma’nosini bildirsa, o’ng tomonidagi qabartma usulida yuksak san’at bilan ishlangan o’n ikkita davriy sana esa Xitoyda o’n ikki hayvon nomi bilan atalgan yil va sutkadagi soatlarni bildirishi ma’lum bo’ldi.
Jizzax shahri xavfsizligini ta’minlash uchun shahar atrofi devor bilan o’rab olinib, kirish-chiqish uchun Samarqand, Toshkent, O’ratepa va Buxoro darvozalari bo’lgan. Darvozalar kecha-kunduz askarlar tomonidan qo’riqlanib, himoya qilingan. Bu darvozalarning birinchisi orqali Samarqandga, ikkinchisi orqali Toshkentga, uchinchisi orqali Buxoroga boriladigan yo’lga chiqilgan. Shaharning «Kunchilik», «Jizzaxlik», «Zargarlik», «Oqqo’rg’onlik» mahallalari aholisi savdo-sotiq hunarmandchilik, kulolchilik, sovungarlik bilan shug’ullanishgan.
Uzoq yillardan buyon Jizzax arxeologiyasi va tarixi bilan shug’ullanib kelayotgan A. Berdimurodov, M. Pardayev va A. Pardayevlarning ma’lumotlariga qaraganda, qadim va o’rta asrlarda Jizzax shahrining o’rni vohaning Sharqiy qismida joylashgan, xalq orasida hozirgacha «eski Jizzax» nomi bilan atalib kelinayotgan Qaliya qal’asi o’rnida bo’lganligi isbot qilindi. Qaliya qal’asing Shaxristoni va arkida olib borilgan arxeologik qazilmalar davomida XVI—XVII asrlarga oid tepaping tarixi, ijtimoiy hayotiga oid qimmatli ashyoviy dalillar topilgan Jizzax vohanining eng qadimgi va ulkan yodgorligi hisoblangan Qaliya qal’asi o’rta asr Ustrushonasining bosh shahri deb talqin qilingan. Qaliya qal’aning umumiy maydoni 30 gektar, shahristoni va arkining yer maydoni qariyb 5 gektar atrofida bo’lganligi hisobga olinsa, bu shahar maydoni o’rta asrlardayoq, muhim harbiy-strategik ahamiyatga ega bo’lganligini isbotlaydi. Qaliya qal’aning Sharqi atrofidagi qush karvonsaroy va inshootlar 600-800 metr masofada joylashgan bo’lib, o’ziga xos mudofaa «zanjiri»ni hosil qilgan.
Qaliya qal’ada 1985-1991 yillarda o’tkazilgan stragrafik qirqimlar natijasida Shahriston xarobalaridai topilgan tarixiy topilmalar miloddan avvalgi II—I asrlarga taalluqli ekanligini ko’rsatadi. Umuman, Qaliya qal’ada hayot ba’zi to’xtalishlarini hisobga olmaganda, XVI asr oxiriga qadar davom qilgan.
Arxeologik qazilmalar Qaliya qal’asi qurilishida asosan xom g’isht, paxsa, juda kam hollarda yog’och va tosh materiallari ishlatilganini ko’rsatdi. Qal’aning atrofi baland devorlar bilan o’rab olingan. VII—IX asrlarda — arablar bosqini paytida yuzaga kelgan yong’inlar paytida qal’aga katta zarar yetkazilgan. O’sha paytda Qaliya qal’asi butunlay vayronaga aylantirilganini arxeologik qazilma paytidagi topilmalar ham tasdiqlaydi.
Qadimgi Qaliya qal’asining aholisi masalasiga kelsak, «Qaliyamulkanlik», «Chulmulkanlik» mahallalari aholisi aslida Toshkent shahridagi «Arpapoya» ko’chasida istiqomat qilishgan bo’lib, so’ngra Sirdaryoning Mulkent qishlog’iga (hozirgi Niyozboshi) ko’chiriladi. Shayboniyxon Samarqandni Bobur Mirzodan (1501) tortib olganidan so’ng, Toshkentda unga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonni bostirish uchun Sirdaryodan o’tib, Shoxruxiyani va Mulkentni vayron qiladi, omon qolgan aholi boshqa joylarga ko’chib ketishga majbur qilinadi. Jizzaxni bosqinchi kuchlardan himoya qilish va mustahkamlash maqsadida Mulkent qishlog’ida istiqomat qilgan aholining bir qismi Jizzaxga ko’chirma qilinadi. Ana shu ko’chib kelgan aholi avlodlari bugungi kunda ham «Qaliyamulkanlik», «Chulmulkanlik» mahallalarida istiqomat qilishmoqda. Bu mahallalar ahli hanuzgacha Toshkent va Yangiyul shahri aholisi bilan bordi-keldi qilishmoqda. Jizzaxning O’rda nomli qal’asi ham vohaning eng ulkan va qadimiy yodgorligi bo’lib, Qaliyatepadan 6 kilometr uzoqdikdagi shimoli-g’arbda, Sangzor daryosining o’ng qirg’og’ida, shaharning «eski shahar» deb atalgan mavzesidan o’rin olgan. Jizzax o’rdasi VII—IX asrlarda muhim harbiy istehkom bo’lib xizmat qilgan. Qal’aning joylashgan hududida o’zining tekisligi va kengligi, yerining unumdorligi va Sangzor daryosiga nisbatan Nishab tomonda joylashganligi, Jizzax o’rdasi Nurota— Forish—O’tror karvon yo’lidagi bekatlardan biri bo’lganligi bilan diqqatni o’ziga tortadi.
Akademik Ya. G’ulomov o’zining «Jizzax tarixiga oid» va «Qadimgi Jizzax» maqolalarida Jizzax shahri deyarli 2000 yildan ko’proq tarixga ega ekanligini va O’rda qal’asi esa muhim strategik ahamiyatga ega bo’lganligini bayon qiladi. O’rda qal’asi atrofi 9— 10 metr devor bilan o’rab olingan.
O’rda ichkarisi Ark va Shahriston, ular atrofidagi mahallalardan tashkil topgan qal’a qo’rg’on bo’lgan. Tashqi dushmandan himoyalanish uchun O’rda qal’asi devori tashqarisida zovur kovlanib, suv bilan to’ldirilgan. O’rda qal’asi 1866 yilda vayron qilingan va yoqbayta tiklanmagan.
O’rda qal’asi o’rnida (hozirgi Jizzax ip-yigiruv fabrikasi hovlisida) o’tkazilgan rejali qazuvlar natijasida XVIII — X1X asrlarga oid yerosti yo’lagi (maxfiy laxm) qoldiqlari topilgan. Arxeolog M. Pardayevning yozishicha, bu maxfiy yo’lak O’rda qal’asi arkidan boshlanib, shimoli-Sharqiy tomon yo’nalgan bo’lib, pishgan g’ishtlardan (o’lchami 32x32x60 sm, 30x30x6 sm, 28x28x5 sm, 26x26x5sm) ishlangan, uning eni 1,8 metr, balandligi 2,2 metr, ustki qismi arksimon shaklda yopilgani ma’lum bo’ldi. Yerosti yo’lagining ikki yon devoridan 6-8 metrli masofada yuqorida qayd etilgan o’lchamli g’ishtlardan maxsus tokchalar ishlangan va ularga yoritshsh uchun mash’allar o’rnatilgan. Ushbu yerosti yo’lagi harbiy harakatlar davrida O’rda qal’asi hokimi va uning yaqinlari muhofazasi uchun xizmat qilgan. Maxfiy yerosti yo’lagining o’lchami dalolat beradiki, undan faqat odamlargina emas, otliq suvoriylar ham otini etaklagan holda qal’adan chiqib ketish imkoniyatiga ega bo’lgan.
1865 yilgacha Rossiya imperiyasi harbiy xufiyachilari tomonidan harbiy maqsadlar uchun tuzilgan O’rda topografik xaritasining topilishi (M. Yuldoshev, I. Muzaffarov) qal’a haqida qimmatli ma’lumotlarni qo’lga kiritish imkonini berdi. O’rda harbiy xufiyachi topograflar tomonidan izchil o’rganilib xaritaga tushirilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, qal’ani o’rab olgan devorning balandligi 9-10 metr, eni 4-5 metrni tashkil qilib, O’rdani qo’riqlovchi mudofaa devorining uzunligi 4 km ekanligi aniqlandi. Mudofaa devorlari ustida ot qo’shilgan Qo’qon aravada yurish mumkin bo’lgan. Mazkur xarita O’rda devorlari atrofidan xandaqlar qazilib, ular dushmandan himoyalanishni kuchaytirish maqsadida suv bilan to’ldirib qo’yilganligini aniq isbotladi.
Huddi tatarniki singari O’rda qal’asining to’rtta darvozasi mavjud bo’lib, ular Nurjonlik, Oqqo’rg’onlik, Jizzaxlik, cho’l tomondagisi esa cho’lki (cho’l tomonidan kiradigan darvoza) deb nomlangan. Qal’a ichiga Nurjonlik arig’i orqali suv kiritilgan, qal’aga kiriladigan ko’priklar tun paytida ko’tarib qo’yilgan. Qal’a darvozalari tunukun askarlar tomonidan qo’riqlangan. O’rda qal’asining umumiy maydoni qariyb 100 gektar, Ark maydoni esa 6 gektarga to’g’ri kelgan.
1866 yili 13— 11 oktyabr kunlarida bo’lib o’tgan Rossiya imperiyasi bosqin davrida O’rda va o’rta asr mahallalari hisoblaigan kulollik, Xo’jalar, Zargarlik, Jizzaxlik, O’ratepalik, Qalandarxona va boshqa mahallalar xarobaga aylantiriladi.
1960-1973 yillarda arxeologik yodgorliklarni o’rganish va hisobga olish bo’yicha izlanishlar olib borgan M. Isokov, N. Nemsevalarning ma’lumotiga qaraganda, Jizzaxdagi O’rda o’rta asrlarga oid yirik tarixiy yodgorliklardan biri bo’lgan. 1974-1975 yillarda O’rdada ikkinchi jahon urushining 30 yilligiga bag’ishlangan «Xotira» yodgorlik majmuasi qurilishi munosabati bilan O’rda qal’asi xarobalari qoldiqlariga jiddiy zarar yetkazilib, mudofaa devorlari, handaklar o’rni, g’isht terilgan hovuz, masjid va ko’chalar, shahar istehkomidagi boshqa joylar tekislab yuboriladi.
Jizzax shahrining obod bo’lishida va uning kengayishida miloddan avvalgi II asrda o’z faoliyatini boshlagan, Shark va G’arb mamlakatlarini o’zaro bog’lagan Qitalararo karvon yo’li — Buyuk ipak yo’li muhim rol o’ynaydi. «Buyuk ipak yo’li dastavval Xitoyni O’rta Osiyo mamlakatlari orqali Eron va Arab mamlakatlari bilan bog’lagan bo’lsa, o’rta asrlardan boshlab Evropa mamlakatlari bilan bog’lab, savdo-sotiq va madaniy aloqalarni mustahkamlashda alohida o’rin egallaydi. Buyuk ipak yo’li 1500-1600 yillik tarixiy faoliyati mobaynida ikki Azim Daryo — Amudaryo va Sirdaryo oralig’ida joylashgan xalqlar hayotida ham muhim rol o’ynaydi.
XIV—XV asrlarda Amir Temur va Temuriylar tomonidan Buyuk ipak yo’lida savdo karvonlarining behatar qatnovi yo’lga qo’yildi. Amir Temurning karvon yillarida savdo-sotiqning rivojlanishiga, karvonlarning xavfsizligini ta’minlashdagi juda katta xizmatlarini alohida ta’kidlash joiz. Sohibqironning bevosita farmonlariga muvofiq karvonsaroylar, bozorlar tashkil etilib, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Karvonlarni muhofazalash maqsadida soqchilik postlari tashkil qilinib, ularning behato qatnovi yo’lga qo’yiladi. Hatto biron-bir viloyatda karvonlar talon-taroj qilinsa, keltirilgan zararni viloyat hokimlarining shaxsiy jamg’armasidan undirilishi belgilab qo’yiladi.
Buyuk ipak yo’lining O’rta Osiyo yo’nalishi tarmog’i Jizzax shahri bekatidan o’tgan. Buyuk ipak yo’lida joylashgani bois Jizzax shahrida savdo sotiq, hunarmandchilik yanada rivojlanadi. X asrlarda Buyuk ipak yo’li orqali sayohat qilgan Arab geograflari Ibn Xavqal, Al-Istaxriy, Al-Muqaddasiylarning ta’kidlashicha, IX—X asrlarda Jizzax orqali o’tadigan Bag’dod—Tabriz—Koshon—Marv—Chorjuy—Buxoro—Samarqand—Xarakana (G’allaorol)—Dizak (Jizzax) bo’ylab o’tgan karvon yo’li Arab mamlakatlarini Movarounnahr va Xitoy bilan bog’lagan. Qadimgi zamonlardayoq, Buyuk ipak yo’li viloyat hududidagi mahalliy bozorlarni bir-biri bilan bog’lashga xizmat qilgan, bir necha tarmoqlari o’tgan eng serqatnov yo’l — Bulung’ur yaqinidagi Barkent shaharchasidan Katvin cho’li orqali Xushufagi qo’rg’oniga (hozirgi Ravot qishlog’i) o’tgan. Bu yo’l Xushufagi qo’rg’onidan uch tarmoqqa bo’linib, biri Qoraqishloq (hozirgi Baxmal tumani markazi) yonidan, Molguzarning g’arbi orqali Ko’rpasoy— Ravot — Pishog’or— Zomin yo’nalishlarida harakat qilingan bo’lsa, ikkinchisi zargar—Xuroson—Jizzax— Yettiquduq orqali Toshkentga yo’nalgan. Yettiquduq yo’lidan karvonlar, asosan, bahor va kuz oylarida qatnagan. Xushufagi bilan Zomin o’rtasidagi eng qisqa uchinchi yo’l Xushufagi—Sadr Vaqqos avliyo—Tuyabuyin—Og’ajon—Ardoxshon— Ravot—Pishog’or—Zomin bo’ylab yurilgan. Yana bir savdo yo’li viloyatning shimol qismida Barket —Ali —Ahmad Raboti— Katvin— Forish— Novoyli— O’tror bo’ylab amalga oshirilgan. Barkent — O’smat—Novqa—Nushkent— Berka karvon yo’llaridan yengil yukli savdo karvonlariga yurish qulay bo’lgan. Samarkand—Jizzax— Chinoz— Toshkent, Jizzax— Ravot—Zomin— O’ratepa— Farg’ona kabi karvon yo’llari Jizzax shahrining «Ilono’tti» darasi orqali o’tishi bu vohada savdo-sotiqning rivojlanishiga olib keldi. Tarixiy manbalarga qaraganda, Xarakana (G’allaorol) mavzesidan o’sha davrda ham karvon yo’lining ikkita shoxobchasi mavjud bo’lib, birinchisi «Ilono’tti» darasi orqali Jizzaxga kelgan bo’lsa, ikkinchi yo’nalishi hozirgi Sadr Vaqqos avliyo qishlog’i orqali Molguzardai oshib, Zomin tomon yuradigan karvonlarning harakatiga xizmat qilgan.
Sangzor vohasi va shahar atrofida kishi diqqatini o’ziga tortadigan tarixiy yodgorliklar juda ko’p. Qadimgi Ustrushonadagi diqqatga sazovor arxeologik kashfiyotlardan biri G’allaorol tumanidagi Moltob qishlog’i atrofidagi hududda o’rin olgan Shahidtepa yodgorliklari kompleksi hisoblanadi. Arxeologik qazilmalar, ilmiy-tadqiqotlar natijasida Shahidtepa yodgorlik majmui asosiy qo’rg’ondan tashqari, diametri 11-12 metr, balandligi 1 metrgacha bo’lgan 120 ta mozor-qo’rg’onlardan tashkil topganligi aniqlanadi.
O’zbekiston Respublikasi madaniyat ishlari vazirligining San’atshunoslik instituti olimlari L.I.Rempel va Ye.V. Rtveladze rahbarligidagi maxsus ilmiy guruh Shahidtepada va yana ikkita tepalikda qazuv ishlarini olib borib, yer satxidan 5 metr chuqurlikdagi mozorqo’rg’ondan chalqancha yotgan odam suyaklari, uning yonidan esa shamshir topishgan. Tarixchi-arxeolog Ye.V. Rtveladzening fikriga qaraganda, bu topilma milodiy I asrga oidligi bayon qilingan. San’atshunos professor M. Bulatovning fikriga qaraganda, Shohqo’rg’on, Shaxidtepa o’troq so’g’diylar va saklar birga sig’inadigan va ilmiy nujum sirlarini o’rganadigan, ko’chmanchi qabilalar o’rtasida zardushtiylik dinini tarqatish uchun sajdagox — rasadxona, mafkuraviy maskan hisoblangan. Shaxidtepa kompleksida tashkil topgan 365 tepa esa yil hisobi, fasllar almashinuvini belgilashda taqvim kalendar vazifasini o’taganligi ma’lum bo’ldi.
Akademik Ya. G’ulomov, tarix fanlari nomzodi S. Anorboyevning asarlarida bayon qilinishicha, Zarafshon daryosining o’ng qirg’og’ida, Samarqand shahridan 45 km chamasi uzoqlikda qurilgan Ravotxo’ja Turoni juda qadim zamonlarda qurilgan shox inshootlari hisoblanadi. Ravotxo’ja tug’onining chap qirg’og’idan boshlanadigan, Tuyatortar deb nom olgan kanal qaziladi. Tuyatortar kanali orqali Bulung’ur, G’allaorol, Jizzax vohasi yerlariga obihayot keltirilgan.
97 km uzunlikdagi Tuyatortar kanali Zarafshon daryosi suvi bilan Jizzax vohasi dalalarini sug’orishga xizmat qilgan. Kanalning qaysi davrda barpo etilganligi to’g’risida turli xil fikrlar mavjud. Abdullaxon II davrida qayta qurilgan. Ya. G’ulomov rahbarligidagi Mohandaryo ekspeditsiyasi arxeologi S. Anorboev tomonidan olib borilgan arxeologik qidiruv ishlari Tuyatortar kanalining yoshi 2000 yillik tarixga ega ekanligidan dalolat beradi.
S. Anorboyevning yozishicha, kanalning bosh qismida Farmontepa degan qal’a bo’lgan. Bu qal’a Tuyatortar kanali qurilganidan keyin barpo etilgan. Bir vaqtlar kanal suvi tufayli qal’a va uning atrofida hayot gullab-yashnagan bo’lsa, VI—VIII asrlarga kelib, o’zaro feodal urushlar natijasida kanal vayron qilinib, dehqonchilik izdan chiqqan. Arxeologik qazilmalarda kanal yunalishidagi Do’smat deb atalgan vohada Tog’aysufi deb atalgan mozordan va boshqa tepalardan ilk kushonlar davriga oid materiallar: sopol buyumlar, tosh, yorg’ichoq (qo’l tegirmon) va boshqa uy-ruzg’or buyumlari topiladi. Bu ashyolar Tuyatortar kanali Do’smat vohasigacha bo’lgan yerlarni suv bilan ta’minlaganidan darak beradi. Kanal IX—X asrlarda qaytadan tiklangan bo’lsa-da, keyin yana vayronaga aylanadi. Nihoyat, Amir Temur va Temuriylar davrida kanal qayta tiklanib, Do’smat vohasi atroflari va uning quyi qismlari obod qilinadi. Mirzo Ulug’bek vafotidan so’ng taxt uchun kurashlar boshlanib, ko’pgina sug’orish inshootlari qatori Tuyatortar kanali ham vayronaga aylanib, sug’orish izdan chiqadi.
XVI asrning II yarmida Buxoro xoni Abdullaxon II katta kuch to’plab juda katta strategik ahamiyatga ega bo’lgan Jizzax vohasi sug’orishini qayta tiklashda Tuyatortar kanalining o’rta va quyi qismini yangidan qazitib Zarafshon suvini Tuyatortar kanali orqali Jizzax vohasiga keltirishga boshqosh bo’ladi.
Tuyatortar kanalini qazishda ibtidoiy ishlab chiqarish vositalari va ishlab chiqarish kuchlariga ega bo’lgan boy va amaldorlar o’zlarining qo’l ostidagi kishilarni shafqatsiz ishlatganlar. Kanal qazish ishlari nihoyatda og’ir mehnat va zulm ostida olib borilganligi haqida rivoyatlar, hikoyatlar bizgacha yetib kelgan.
Buxoro xoni Abdullaxon II vafotidan so’ng kanal yana vayron bo’lib, 30 yil davomida tiklanmay qolib ketadi. O’rta Osiyo Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin, XII asrning II yarmida paxta yetishtirishni amalga oshirish maqsadida kanalni qaytadan tiklashga kirishiladi. Sobiq Ittifoq davrida kanal qaytadan qaziladi.
Tuyatortar kanali suvidan Jizzax vohasining 40 dan ortiq ariqlari suv olgan. Bu ariqlarning eng qadimgilari — Toqchilik, Tomchi, Qorasoy, Taytoqsoy, Sharilloq, Qorayantoq Olmachi, Suloqli, Qaliya, Qangli, Ravotlik, Nayman, Xayrobod, Saroylik, Gandumtosh ariqlari orqali Jizzax shahri va uning atrofidagi yerlarga obihayot keltirilib, dehqonchilik ishlari amalga oshirilgan.
Shahar aholisi ichimlik suvni, asosan, hovuzlardan olishgan. Shahar Sangzor daryosi suvi bilan ta’minlanib, Hayrobod, Beshquvur suv ayirg’ichi orqali 12 ta daha nomi bilan ataluvchi ariqlar orqali taqsimlangan. Shaharning Ko’tarma, Ravalliq, Toqchilik, Qaliya, Qangli, Hayrobod, Eroni shoh ariqlariga suv Sangzorning Hayrobod suv ayirg’ichidan olinib, Jizzaxning Janubiy-Sharqiy qismidagi yerlar sug’orilgan. Jizzaxlik, Mulkanlik, Nayman, Saroylik, Toshkentlik ariqlariga esa Beshquvur suv ayirgichidan suv olinib, shaharning Markaziy, shimoli-g’arbiy hududlariga oqqan.
Toshkent shahrida Navro’z Ahmadxonning o’g’illari aka-uka Darveshxon, Bobosultonlar avlodi yashagan bo’lib, Buxoro xoni Abdullaxon II hokimiyatini egallash uchun doim harakat qilgan. Abdullaxonga qarshi kurashda qozoqlar va mo’g’ul hukmdorlari urug’lari yordamiga suyanishgan. Darveshxon Toshkent, Andijon, Xo’jand, Turkistonda 100 mingdan ortiq kishilik qo’shin to’plab, Abdullaxonga qarshi kurashda birodari Bobosultonga yordamlashish uchun Samarqand tomon kelayotgan edi. Abdullaxon yuz ming suvoriysi bo’lgan dushmanga qarshi Ilono’tti darasida Navro’z Ahmadxon avlodlari bir-birlari bilan qo’shilmay turib, Darveshxon qo’shiniga qarshi jangga kirishadi va g’alaba qozonadi. Bobosulton had-hisobsiz lashkar bilan o’z birodari Darveshxonga yordam uchun yetib keladi. Biroq u ham jangda yengilib, orqaga chekinadi. Abdullaxon Samarqandni egallaydi. U jangda Darveshxon va Bobosultonni yengib, Toshkentning e’tiborli amirlaridan Qodirberdi Qushchi, Tangirisbiy Durmon va boshqalarni asir olib, intiqom tig’idan o’tkazadi. Shu g’alaba munosabati bilan Abdullaxon Ilono’tti darasidagi qoyatoshga quyidagilarni o’yib yozdiradi: «964 hijriy (1557) yilning Javzo (aprel) oyida xonlarning ulug’, Ollohning yerdagi soyasi, Iskandarxon o’g’li Abdullaxonning halifalik kuchlari, 30 ming jangovar to’dasi bilan Darveshxon va Bobosultonlar to’dasi o’rtasida jang bo’lib o’tdi. Mazkur tudada hammasi bo’lib sultonlar avlodidan 50 mingga yaqin kishi hamda Turkiston, Toshkent, Farg’ona va Dashti Qipchoqdan kelgan 40 mingga yaqin xizmatkor kishi bor edi. Bu jangda baxt yulduzi hamroh bo’lgan to’da g’alaba qozondi. Butun sultonlarni yengib, ularning qo’shinlariga shunchalik qattiq zarba berdikim, jangda o’ldirilgan va asir olinganlarning qoni Sangzor daryosi suvida oqdi». Buxoro xoni Abdullaxonning Bobosultonga qarshi 1557 yil may oyidagi Achchi qo’rg’onida va Uchtepada olib borgan janglari ham uning g’alabasi bilan tugaydi.
Ilono’tti darasida Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulugbek (1409-1449) tomonidan qoyatoshga yozib qoldirilgan yana bir bitik ham Jizzax tarixining qonli sahifalari haqida hikoya qiladi. Mirzo Ulug’bek Shermuhammadxonga qarshi bo’lgan jangda g’alaba qozongach, qoyatoshga quyidagilarni o’yib yozdirgan: «Alloh taoloning yordami bilan xonlar va xalqlarni bo’ysundirgan Ulugbek Kuragoniy (Xudo uning umrini ziyoda qilsin!) jetlar va Murullar yurtiga yurish qildi va u yerdan hijriy 828 yilda eson-omon qaytib keldi.
Ilono’tti darasidagi qoyatoshga bitilgan yozuvlarni o’rganish maqsadida 1867 yili 7 sentyabrda Sankt-Peterburg shahridan harbiy, tarixchi-olim Aleksandr Kasheyev kuzatuvida areontolog Jizzax shahriga keladi. Bu yosh tarixchi olim qator tillarni bilardi. U 1858-1859 yillarda bir necha bor O’rta Osiyo tarixini o’rganishga qiziqib, polkovnik Ignatyev boshchiligida elchilik missiyasi bilan Xiva va Buxoro xonligiga tashrif buyurgan va o’shanda bir qancha qimmatbaho qo’lyozma va tangalarni Rossiyaga jo’natgan edi. Manbalarda bayon qilinishicha, bular orasida juda ko’p Sharq qo’lyozmalari, qimmatbaho nodir ashyolar ham bo’lgan. U 1871 yili Rossiya podshosining topshirig’iga muvofiq yuzga yaqin adabiy qo’lyozma va yodgorliklarni Turkiston general-gubernatori fon Kaufman yordamida sharqshunos A. A. Kun to’plagan qimmatbaho osori-atiqalarni Sankt-Peterburgdagi kutubxonaga olib borib topshirib, podsho tashakkurini olishga muvaffaq bo’lgan edi.
Ilono’tti darasidagi kuzatuv ishlari sharqshunos P. I. Lerxni nihoyatda qiziqtiradi. U maxsus narvon yordamida qoyaga chiqib olib, ikkala yozuvni ham tasvirga tushiradi va Sankt-Peterburgga olib qaytadi.
Har ikkala yozuv arabchadan ruschaga o’girilib, uning imzosi bilan «Arxeologicheskie poezdki v Turkestanskiy kray» degan ilmiy maqolasida e’lon qilinadi. Maqolada Ilono’tti darasidagi qoyatoshga XIX asrning 70-yillarida bitilgan, «Jizzaxga 1895 yili temiryo’l keladi» degan yozuvlarni ham bayon qilgan.
Mazkur qoyatosh bitiklari haqida sharqshunos rus olimlari akademik V.V. Bartold, M.Ya. Masalskiy, V.Ye. Masson va boshqa tarixchi olimlar ham o’zlarining ilmiy ishlarida bir necha bor fikrlarini bayon qilishgan.
Sohibqiron Amir Temurning Dashti Qipchoq, Mo’g’uliston va Xitoyga yurishlari, aynan Jizzax orqali bo’lib, u shaharda bir necha kun tunab hordiq olib o’tganligi ham ma’lum. Sohibqiron Jizzax harbiy qal’alarini mustahkamlashga qaratilgan bir qator tadbirlarni ham amalga oshirgani aniq Jizzax xalqi orasida Amir Temurning Nurota, Molguzar tizma tog’lari etaklarida o’z askarlari mashqlarini o’tkazganligi to’g’risida xalq orasida haligacha ko’plab afsona va rivoyatlar saqlanib qolgan.