Jizzaxda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot

Turkistonning Rossiya tomonidan bosib olinishi natijasida Jizzaxga rus tabobatchiligi kirib keldi. Xususan, shaharda harbiy qismlarning ko’payishi, zobit va askarlar sonining o’sishi bilan 1870 yilda Jizzax uyezd boshqarmasi qaramog’ida rusiyzabon aholiga tibbiy xizmat ko’rsatadigan birinchi tibbiy punkt ochildi. Bu muzofotdagi yagona tibbiy shifoxona bo’lib, unga o’rta malakali feldsher G.M.Fomin mudirlik qilardi. Shifokorlar, asosan, uyezd qoshidagi harbiy bo’linmalarga va uyezd hokimi xizmatchilariga xizmat ko’rsatardi.

Ammo bu punktda mahalliy aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish cheklangan bo’lib, Rossiya tomonidan tibbiyot maskanlari qurishga yetarli mablag’ ajratilmas edi. Ba’zi hollardagina uyezd boshqarmasida xizmat qilayotgan amaldorlarning oila a’zolariga pullik xizmat ko’rsatilardi. Tibbiyot xizmatidan, asosan, erkaklar foydalanib, ayollar tibbiy yordamsiz qolardi. Jizzax shahrida 1900 yili Rossiya amaldorlarining oila a’zolariga tibbiy xizmat ko’rsatish uchun 4 o’rinli shifoxona ochilib, shifokor I.N.Sametskiy uch nafar hamshira bilan faoliyat ko’rsatadi.

Og’ir mehnat, tibbiy xizmatning nobopligi oqibatida Jizzax shahrida va uyezdida sil, shilpiq, qichima, kal, rishta va zahm kasalliklari keng tarqalgandi. Chechak, vabo, o’lat va boshqa yuqumli kasalliklar yuzlab kishilarning yostig’ini quritardi. Umuman, XIX asrning 80-90 yillarida Jizzax chechak kasalligining keng tarqalishi, shu kasallik bilan og’rigan bemorlarning juda ko’plarini nobud bo’lishiga olib kelardi. Kasallikning oldini olishning birdan bir yo’li emlas edi. Biroq mahalliy xalqning salomatligi hech kimni qiziqtirmaganligi sababli ana shu oddiy ishga ham e’tibor berilmasdi.

O’lka aholisi boshiga tez-tez falokat keltirib turgan dardlardan yana biri bezgak bo’lib, bu kasallik Jizzaxda tez-tez takrorlanib turar edi. 1892 yilda Jizzaxning Eski shahar qismida boshlangan bezgak xuruji epidemiyasiga qarshi kurash olib borilmasdi. Natijada u Ravot, Qoratosh, Sangzor, Bog’don, Forish, O’smat singari qishloqlarga ham tarqalib, ko’plab aholining o’limiga sabab bo’ldi. O’sha yili Turkiston general-gubernatorligi bezgakka qarshi kurashuvchi maxsus komissiya tuzgan edi. Biroq uning xulosalaridan mahalliy xalq bahramand emas edi.

1893 yil 29 noyabrda Samarqand viloyat harbiy gubernatori tomonidan Turkiston general-gubernatorligi nomiga yozilgan iltimosnomada Jizzax uyezdi va Bog’don qishlog’ida shifoxonalar ochishga ruxsat berish so’ralgan edi. Bu murojaatnomaga javoban Jizzax shahri 15 o’rinli shifoxona ochishga ruxsat beriladi. Shifoxonada 10 o’rinli harbiylar va rus fuqarolari uchun, 5 o’rin esa mahalliy aholiga mo’ljallangan edi. 3 nafar o’rta ma’lumotli tibbiyot xodimi: A.Kleystorina (akusher), V.Volter, P.Sirov (feldsherlar) bemorlarga xizmat ko’rsatgan. Tabiiyki, mazkur shifoxona ham turli yuqumli kasalliklar epidemiyasi keng avj olgan bir davrda ko’psonli Jizzax uyezdi aholisi talablarini qondira olma edi. Ko’p o’tmay shifoxonaning umumiy xizmatchilari soni 5 kishiga yetdi. 3 nafar feldsher, akusher va dorishunos shifoxonada faoliyat yuritishdi.

Mustamlakachilikning dastlabki yillarida hukumat ma’muriyati Jizzax shahrining madaniy hayoti, xalqning urf-odatlar, xalq ta’limi an’analariga aralashmay, uni atroflicha o’rganish bilan cheklandi. Jizzax muzofotida xalq ta’limi rivojlanganligi, aholining ilm-fanni o’rganishga qiziqishi kuchli bo’lganli, masjid va maktablarda Buxoro madrasalarida ta’lim olgan mudarrislar talabalar savodini chiqarish uchun diniy ta’lim bilan bir qatorda, adabiyot, riyoziyot, tarix va geografiya fanlaridan saboq berishganligi tarixdan bizga ma’lum. Jizzax shahrining “Sovungarlik”, “Jizzaxlik”, “Qassoblik”, “O’ratepa”, “Toshloq” mahallalarida 1880-1888 yillarda tashkil qilingan 20 ga yaqin eski maktablarda, masjidlarda mahalliy aholi bolalari boshlang’ich ta’lim olgandan keyin, savdo-sotiq, hunarmandchilik, hattotlik kasblarini o’rganib, mehnat qilganlar. Jizzaxning o’ziga to’q oilalarining bolalari esa Samarqand, Buxoro madrasalarida o’qishni davom ettirganlar. Eski maktablarda Jizzax shahrining “Sovungarlik” mahallasida Ochil qori, Burxon qori, Egamberdi domla, Mulla Toshpo’lat domla, “O’ratepalik” mahallasida Mirzo Sodiq, Ziyo Qorilar o’z zamonasining ko’zga ko’ringan maktabdor domlalari sifatida yoshlarga musulmonchilik huquqlari, shariat qonunchiligi, islom dinidan ta’lim berishgan.

Jizzax shahridagi O’rda qal’asining shimoli-sharqiy mavzesida, “Toshkentlik”, “Jizzaxlik” mahallalarida Sadriddin Mahsum, Muhammad qori, “Qalandarxona” mahallasida Mulla Sobir domla, Mulla Hasan singari ziyolilar tomonidan ochilgan jadid yangi usul maktablarida o’quvchilarga diniy bilimlar bilan bir qatorda, dunyoviy fanlardan ham mashg’ulotlar o’tilgan, darslar o’rtasida tanaffuslar tashkil qilinib, dunyo xaritalari, globus va boshqa ko’rgazmali qurollardan keng foydalanish yo’lga qo’yilgan. Yangi usul maktablarida islom dinini o’qitish bilan bir qatorda, dunyoviy ilmiy bilimlarni o’rgatishga ham alohida e’tibor berilgan. Jizzaxlik keksalar Nazirtosh Hazratqul qizining nomini mehnatkashlarning farzandlariga bilim va ma’rifat tarqatgan mo’tabar ayol sifatida hurmat bilan eslashadi. Bu ziyoli ayol Jizzaxda ilm va san’atni sevgan inson edi. Jizzax shahrida Nazirtosh Hazraqtul qizi boshlagan qutlug’ ishni uning shogirdlaridan biri Risolat buvi davom ettiradi. U jizzaxlik yoshlarga hayotiy bilim berishni o’zining muqaddas burchi deb biladi. Respublika ahamiyatiga molik nafaqaxo’r, marhum Narziqul Yo’lchiboyevning o’g’illari xonadoni arxivida saqlanayotgan esdaliklarda: “Nazirtosh, Risolatxon opalardan bir guruh yoshlar – Xolmat Karimov, Mamadali Abdurasulov, qizlardan Xolida Xudoyberdiyeva, Ulug’oy Sharipova kabilar ta’lim olgan. Shunisi qiziqki, biz u vaqtlar kunduzi Nazirtosh, Risolatxon, Ochildi qori, Jo’ra qorilardan bilim olsak, kechqurunlari yetim bolalar maktabiga qatnab ta’lim olardik”, deb ta’kidlanadi.

Jizzax shahrida 1910 yilda dastlab yangi usul maktabini ochganlardan biri taraqqiyparvar Mirziyo qori Mirabdulla o’g’li edi. U yangi usul maktabini dastavval Jizzaxning ot bozori yaqinidagi masjidda ochadi. Biroq o’qitishning bu usuli u yerda ta’qib qilingach, o’z uyida davom ettiradi. Mirziyo qori Samarqandda yangi usul maktabini ochgan Abduqodir Shukuriy, Siddiqiy, Azjiy va ayniqsa, Samarqand ilg’or vakillaridan biri shoir Vasfiy bilan yaqin aloqa bog’lab, ular yordami bilan tilga oid kitob ham chop qilishga muvaffaq bo’lgan edi. Bu kitob yangi usul maktablarida foydalanishda o’sha yillari nihoyatda qimmatli o’quv qo’llanmasi bo’lib xizmat qilgan.

Jizzax shahrining ma’muriy markazi O’rda ichkarisida bir qancha me’moriy qurilmalar bilan bir qatorda shayx Nuriddin hoji mablag’i hisobiga Qizil masjid va Oq masjidlar ham qurilgan edi. Bu ikki masjid noyob me’morchilik yodgorligi, sharq me’moriy madaniyati usullarini o’zida mujassam etgan. Oq masjid O’rda bog’i oldida, hozirgi tikuv fabrikasi o’rnida pishiq g’ishtdan ishlangan, ganch bilan ishlov berilib, ganchkorlik usulida bezatilgan. Masjidning atrofi ayvon bilan o’rab olingan. Ustunlar va barcha yog’och qoplamalarning oq rangi saqlanib, o’ymakorlikdan bezak berilgan.

Qizil masjid esa O’rdaning sharq tomonidagi hozirgi favvora o’rnida bo’lib, bu imorat ham pishiq g’ishtdan qurilgan, atrofi esa ayvon bilan aylantirilgan. Qizil masjid deyilishining sababi binoning burun ko’rinishi to’q qizil rangdagi g’ishtdan bo’lgan. Bu masjid ham naqqoshlik va ganchkorlik san’ati namunasi sifatida O’rda qal’asiga keluvchilarning nigohini o’ziga tortib turgan. Har ikkala masjid binolarining markazida qiroatxona va namoz o’qiladigan zal bo’lib, atrofi hujralardan iborat bo’lgan.

Bu ikkala masjid faqatgina namoz o’qiladigan va yoshlarni o’qitishga xizmat qiladigan joy bo’lib qolmay, balki targ’ibot va tashviqot markazi ham hisoblangan. Masjid hujralarida ko’plab diniy va dunyoviy, huquqiy adabiyotlar saqlangan. Demak, bu masjidlar bizningcha o’sha davrlarda kutubxona va qiroatxona vazifasini ham o’tagan.

Oq masjid va Qizil masjidlarda tashkil qilingan eski va yangi maktablaridagi mashg’ulotlarni Buxoro shahridagi madrasalarda tahsil olgan Ahmad Normuhammad o’g’li, Ziyo qori Abdulla o’g’li, Nuriddin hoji Ma’rufxo’ja o’g’li, Mirza qori Mirabdulla o’g’li, Sobir domlalar tomonidan olib borilishi bu masjidlar shuhratining oshishiga sabab bo’lgan. Yoshi ulug’ kishilarning eslashlaricha, Oq masjid va Qizil masjidlarni barpo etishda Jizzax O’rdasining so’nggi beklari Mulla Ashubek, Muqim qozilar amaliy va moddiy yordam ko’rsatganlar.

Jizzax shahrida sovet hokimiyati o’rnatilgach, har ikkala masjid yopib qo’yiladi. O’zbekiston xalq o’qituvchisi Bosim Abdurahmonovning eslashicha, XX asrning 30-yillarida bir guruh jadidlar, shu jumladan, har ikkala masjid imomlari, mudarrislari hibsga olinib, temiryo’l orqali “qizil vagon”larda Samarqandga olib ketilayotganda Ilono’tti darasida vagonlar izdan chiqib ketib, fojia yuz beradi. Fojia tufayli jizzaxlik islom ulamolaridan 30 ga yaqin kishi hayotdan ko’z yumdilar.

Sovetlar hukumati yillarida har ikkala masjid nurab, vayronaga aylanadi. Oq masjida o’t tushib, yonib ketadi. So’ngra har ikkala masjid g’isht va yog’ochlaridan foydalanib, Eski shaharda hammom qurilib, ishga tushiriladi.

Shayx Nuriddin hoji Ma’rufxo’jayev asli jizzaxlik bo’lib, taxmin qilishlaricha (1850-1916) shahardagi “Toshkentlik” mahallasida tavallud topgan. U o’zining odamshavandaligi, bilimi, ma’rifatparvarligi bilan el-yurt e’tiborini qozongan insonlardan biri bo’lgan.

Padari buzrukvori Ma’rufxo’ja o’z zamonasining badavlat, islom dinining o’ta bilimdon kishilaridan bo’lib, Nuriddin hoji tarbiyasiga alohida e’tibor beradi. Nuriddin hoji boshlang’ich ilmni o’z otasi Ma’sifxo’jadan oladi.

Farzandining zehni o’tkirligi, ilmga tashnaligini sezgan ota Nuriddinni, Buxoro shahridagi mashhur ma’rifatparvar mudarrislar tahsil berayotgan madrasalarning birida o’qishi uchun imkoniyat yaratadi. Aytishlaricha, Nuriddin Buxoro madrasasida qariyb 15 yil tahsil olib, Qur’oni Karimni, islom dini falsafasi, musulmonchilikning huquqlari, shariat qonunchiligi va dunyoviy fanlardan ham puxta bilim oladi. Arab, fors tillarini qunt bilan o’rganadi. Balog’at yoshiga to’lganda Buxoro madrasasini tugatib, o’zi tug’ilib o’sgan Jizzaxga kelai. “Toshkentlik” mahallasidagi masjidda, eski maktablarda mudarrislik qilib, yoshlarga diniy ilmlardan tahsil beradi.

U Jizzaxning ko’zga ko’ringan ulamolari, yangi usul – jadid maktabdorlaridan Sovungarlik mahallasidagi Mulla Hasan domla, Ochil qori, mulla Egamberdi, mulla Toshpo’lat domla, O’ratepalik mahallasidan Mirzo Sodiq, Ziyo qori, Toshkentlik mahallasidan Muhammad qori, Sadriddin Mahsum va Komil qorilar tomonidan tashkil qilingan jadid maktablarida yoshlarga saboq beradi.

Nuriddin Ma’rufxo’ja bu maktablarda o’quvchilarga arabiy o’qish, yozish, hisob, “haftiyalik” va hadis ilmini o’rgatadi. Yoshlarga savod o’rgatish bilan birga ularni dunyoviy bilimlardan ham bahramand qiladi.

U o’zining odamoxunligi, kambag’alparvarligi, xushfe’lligi, islom dini ilmiga asoslangan mulohazalari bilan butun Jizzax ahlini, yangi usul maktabdorlarining e’tiborini jalb qilib, yuzlab ilm toliblarini tarbiyalab, voyaga yetkazadi.

Nuriddin Ma’rufxo’ja 50 yoshlarida musulmonchilikning muhim shartlaridan birini bajarish uchun – Makkayu Madinaga haj safariga boradi. Bir necha yil Saudiya Arabistonidagi shaharlar, Turkiya, Qora dengiz bo’ylab sayohat qiladi. Rossiyaning janubiy hududidagi Odessa, Sochi, Kislovodsk shaharlari bilan tanishib, o’z ona yurti Jizzaxga eson-omon hoji bo’lib qaytib keladi. Hajdan qaytib kelgan Nuriddin hoji bo’lib qaytib keladi. Hajdan qaytib kelgan Nuriddin hoji Fayzulla, Ubaydulla, Muhitdin, G’ulom (xo’jalar) ismli farzandlar ko’radi.

1898 yilda Nuriddin hoji o’zining shaxsiy mablag’i hisobiga qo’li gul me’mor-usta Ahmad Yunus Samarqandiy loyihasi va uning bevosita boshchiligida Jizzaxning Eski shahar mavzesida madrasa qurilishini boshlab yuboradi. Madrasaning qurilish ishlari 1902 yili bitkazilib, ishga tushiriladi. Madrasaning qurilishini Mirzarahim hoji o’zining xumdonida pishirilgan g’ishtlari bilan ta’minlaydi. Jizzax ahli baholi qudrat mablag’ to’plab usta-mardikorlarga haftalik oziq-ovqat bilan yordam ko’rsatishadi.

Madrasa qurilishida usta O’ktam, Hikmat bobo va boshqalar faol qatnashib, uning o’z vaqtida ishga tushirilishiga munosib hissa qo’shganlar. Madrasa eshik va derazalar Usta Olim bobo tomonidan tayyorlangan. Madrasa o’qish 1912 yilgacha, ya’ni podsholik hukumati buyrug’i bilan madrasa yopib qo’yilguniga qadar davom etadi. Buxoro, Samarqand madrasalarida tahsil olgan ulamolar talabalarga islom shariati va qonunlariga oid boshlang’ich ta’lim beradilar. Keksa xalq ta’limi xodimi Yusuf Xolmatovning aytishicha, madrasada o’sha yillari jizzaxlik Soli qori, Sa’dulla hoji, hoji Yusupov, Murodxo’ja Po’latov, mulla Isoq Qurbonov, Mirza Said Rahimov, g’allaorollik Abdusattor Mirzakarimov, Abduqodir Sangirov, Rashid Sodiqovlar tahsil olishgan. Ularga oliy toifali mudarrislar tasavvuf ilmidan, shariat (fiqh) va tariqat hamda dunyoviy fanlardan ta’lim berganlar. Madrasada o’zbek qizlarini o’qitish va savodini chiqarish ham yo’lga qo’yilgan.

Bugungi kunda Jizzax shahar ko’chalaridan biri ma’rifatparvar Nuriddin hoji nomi bilan atalmoqda. Jizzax shahrida XIX asrning II yarmida va XX asr boshlarida maktab va madrasalar ta’limida ayrim ijodiy o’zgarishlar yuz berdi. Qozon shahrida chop qilingan “Qur’oni Karim” va “haftiyak”lar, Pokiston va Erondan turli shoirlarning tashabbusi bilan bitilgan to’plam devonlari keltirila boshlandi. Biroq ko’p o’tmay, Turkiston general-gubernatorligi xazinasidan madrasa va maktablar uchun ajratiladigan mablag’lar to’xtalib qo’yildi.

Mustamlakachilar Turkiston aholisini yevropacha muhitda tarbiyalashga, o’lkada Yevropacha turmush tarzini o’rnatishga harakat qildilar. 1880 yilda Turkistondagi mahalliy bolalarni rus bolalari bilan birgalikda o’qitib, o’lkadagi rus muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari uchun mahalliy millat bolalaridan tarjimonlar, ish yurituvchilar tayyorlash maqsadida rus-tuzem maktablari ochish masalasi ko’tariladi. Unga Rossiya harbiy vaziri, general-adyutant graf, D.Milyutin, Maorif vaziri graf Tolstoylar rozilik berishadi. General Fon Kaufmanning izdoshi general-leytenant G.O.Rozenbax o’lkada rus-tuzem maktablarini ochish loyihasini ishlab chiqishga va uni amalga oshirishga bevosita boshchilik qiladi. Toshkent, Samarqand, Kattaqo’rg’on shaharlarida 6 ta rus-tuzem maktablari ochiladi. 1883 yili Jizzaxning Eski shaharida ham rus-tuzem maktabi ochilib, 15 nafar talaba o’qishga qabul qilinadi.

Bu rus-tuzem maktabi hozirgi Sharof Rashidov nomli maktabning ilk negizi edi. Ma’lumotlarga qaraganda, 1889 yilda maktabda 21 o’quvchi tahsil olgan. Maktab uchun bino bo’lmagani sababli o’qish Soatboyning mehmonxonasida olib borilgan. 1889 yilning noyabrida rus-tuzem maktabi uchun 4 xonali bino quriladi. Bu shahardagi yagona oqlangan bino bo’lganligi uchun xalq uni “Oq uy” deb atay boshlagan. Bu davrda Jizzax shahrida 1 ta rus-tuzem maktabi, 11 ta eski maktabda jami 122 nafar bola o’qigan edi.

Rus-tuzem maktabiga Mixail Shalitov mudirlik qilib, rus tili va adabiyotidan dars bergan. Maktabda S.I.Ananyev, N.D.Alekseyev, Buxoro madrasasini tamomlagan Mulla Ahmad Normuhammedov, Mirzo qori Mirabdulla o’g’li, Ismoil Mo’minov, Hotam Tursunov va boshqalar o’zbek tili adabiyoti, rus tili, tarix, geografiya fanlaridan dars berganlar.

Turkiston general-gubernatori Fon Kaufman musulmon maorif shaxobchalari mustamlakachilik tartiblari va siyosatiga zid ekanligini hisobga olib, musulmon o’quv yurtlari va diniy muassasalarini qaytadan ro’yxatdan o’tkazish, o’qituvchilarni ham sinovdan o’tkazib, alohida guvohnomalar olishga topshiriq beradi. Siyosiy jihatdan “zararli” deb hisoblangan madrasalar yopib qo’yiladi. General-gubernatorlik tomonidan musulmon maktablari va madrasalaridan tushgan shikoyatlarni e’tiborsiz qoldirish haqida buyruq beriladi. Bu esa mahalliy madrasalar va maktablarga o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatdi.

Jizzaxda ham chorizmning mustamlakachilik davrida olib borilgan og’ir zulm ostida juda katta yo’qotishlar bo’lishiga qaramay, mahalliy aholi o’zligini, milliy qadriyatlarini, ma’naviyatini, madaniyatini, urf-odatlarini va turmush tarzini saqlab qolishni ta’minlashga muvaffaq bo’ldilar. Mustabid tuzum sharoitida ham Jizzax xalqining erkinlikka, taraqqiyotga intilishi va istiqbolga bo’lgan harakati so’nmadi. Jizzaxliklaning qalbiga teran o’rnashgan istiqlol va ozodlik uchun kurash tuyg’usi yanada qudrati kuchga aylana bordi.

Hunarmandchilik va savdo. XIX asrda Jizzax shahri Sangzor vohasining ma’muriy markazlaridan biriga aylanib, hunarmandchilik, savdo-sotiq birmuncha taraqqiy qiladi. Shahar aholisining kundalik turmush ehtiyoji hunarmandlar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulot va tovarlar evaziga qondirilardi, aholining turmush tarzida kulollik, temirchilik, zargarlik, ko’nchilik, to’qimachilik hunarmandchiligi muhim mashg’ulot turi hisoblanar edi. Hunarmandchilik kasbi otadan bolaga o’tgan, yoshlar ustalar qo’lida kasb o’rganishgan. Jizzaxlik hunarmandlar tomonidan yasalgan uy-ro’zg’or buyumlari va madaniy mollar Qo’qon, O’ratepa bozorlarida ham raqobatga bardosh bergan.

XVI-XIX asrlarda hunarmandchilikni rivojlantirishda kulolchilikning o’ziga xos o’rni bo’lgan. Kulolchilik xumdonlarda kulollar tomonidan oddiy oyoq charxi yordamida soz tuproq loyidan yasalgan, sirlangan va sirlanmagan kosa-tovoqlar, payola, ko’za, xum, xumcha, tuvak singari uy-ro’zg’or idishlari va turli-tuman bolalar o’yinchoqlari pishirilib tayyorlangan va bozorlarda sotilgan. Xumdonlarda to’rt tomoni teng (kvadrat) shakldagi g’ishtlar ham pishirilib, masjidlar, madrasalar, turar joy binolari qurilishida ishlatilgan.

“O’ratepalik”, “Oqqo’rg’onlik” mahallaridagi xumdonlarda o’ta pishiq g’ishtlar tayyorlangan. Kulol Mirzo Qayum Hasanov, usta Muhammad Allayorovlarning xususiy xumdonlarida yiliga 50-100 ming donagacha g’isht pishirilgan.

Shaharning “Jizzaxlik”, “O’ratepalik”, “Qalandarxona” guzarlarida esa metallga ishlov berish muhim o’rin tutgan. Temirchilik otadan bolaga meros bo’lib o’tgan. Temirchilik ustaxonalarida tayyorlangan asbob-uskunalar hunarmandchilikning turli sohalarini, quruvchilarni mehnat qurollari bilan, qishloq xo’jaligi ishlariga doir ketmon, o’roq, qaychi va chalg’ilar bilan ta’minlanganlar. Duradgorlarga boltalar, teshalar, arralar va boshqa ish qurollari yasab berilgan.

Shaharda faoliyat ko’rsatayotgan temirchilar keng tarmoqli va tor ixtisosli sohalarga qarab uch guruhga bo’lingan. Birinchi guruhga mayda uy-ro’zg’or buyumlari – uy zanjirlari, taqalar, mixlar, qarmoqlar, arava o’qlari tayyorlovchilar, ikkinchi guruhga suvoqchi va g’isht teruvchilar, duradgorlar ishlatadigan metallardan yasalgan mehnat qurollari, chalg’i, o’roq yasovchilar, uchinchi guruhga esa pichoq, qaychi va arra yasovchilar kirgan. “Sovungarlik” mahallasida aholi sovun tayyorlash bilan shug’ullangan. Mahallada sovun pishiruvchilar tomonidan tayyorlangan sovun bilan sham Jizzax, G’allaorol, Zomin, Forish va Baxmal volostlarining bozorlarida xaridorgir bo’lgan.

Shaharda hunarmandchilikning keng tarqalgan sohalaridan yana biri xarratchilik hisoblangan. Xarratlar tomonidan ip yigiradigan charx, bolalar beshigi va belanchak, chilim va yog’och laganlar ishlab chiqarish Jizzaxlik mahallasi aholisi o’rtasida keng tarqalgan edi. Mahallada omoch uchun tish ishlab chiqarish ham yo’lga qo’yildan. Ahmadxo’ja Eshonxo’jayevning kichik korxonasida omoch tishi ishlab chiqarilgan.

Shahar o’zining sandiqsozlari bilan ham mashhur bo’lgan. Sandiqsozlik hunarmandchiligi “O’ratepalik” va “Toshkentlik” mahallarida yaxshi yo’lga qo’yilgan.

Shaharda va atrof qishloqlarda paxtani chigitdan tozalab, undan tayyorlangan toladan va jundan ip yigirish, gilam, shol, olachalar to’qish, kigiz, namat bosish, chopondo’zlik, kashtachilik, do’ppichilik ham ommaviy hunarmandchilik turlariga aylangan. Hunarmandlar qo’y va echki terilaridan po’stin tayyorlashni ham yaxshi yo’lga qo’yishgan. Keksalarning hikoya qilishlariga qaraganda, shahardagi “Ko’nchilik” mahallasida qoramol, ot, qo’y, echki terilaridan tayyorlangan etik va maxsilar, ayniqsa, bozorgir bo’lgan.

Bu buyumlar Samarqand, O’ratepa, Qo’qon bozorlarida ham sotilgan. Keyinchalik Turkistonda yetishtirilib Rossiyaga olib ketilgan paxtadan tayyorlangan ko’plab to’qimachilik mahsulotlari va boshqa mollarning Jizzax bozorlariga keltirila boshlanganligi mahalliy to’quvchi hunarmandlarni kasodga uchratib, ko’plarining xonavayron bo’lishiga olib keldi.

Jizzax shahrining O’rda qal’asi, atrofdagi, “Oqqo’rg’onlik”, “Jizzaxlik”, “Sovungarlik”, “Toshkentlik”, “Zargarlik” va boshqa mahallalaridagi bozorlarga qo’shni Turkin, Afg’oniston, Eron, Pokiston va boshqa xorijiy mamlakatlarning tijoratchilari to’qimachilik mahsulotlari, jun va gazlama, kiyimlar olib kelib sotishgan hamda mahalliy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan turli xil uy-ro’zg’or buyumlari, Ustrushona nefriti, jun, paxta tolasidan tayyorlangan buyumlarni, zebu-ziynat, zargarlik buyumlarini, quruq mevalarni xarid qilishgan.

1899 yili Kavkazorti temiryo’l izlarining Jizzaxga kelib tutashganligi munosabati bilan Jizzaxning Xayrobod qo’rg’onida joylashgan bozor XIX asr oxirlarida Alovxon Eshonning chorbog’iga ko’chiriladi. Bozor hududida kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan savdo qiladigan savdo rastalari, do’konlar, oshxona uchun binolar qurilib, bozorchilar va xaridorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Bozor qoshida qurilish materiallari, yem-xashak va o’tin sotiladigan bozorcha ham faoliyat ko’rsatgan edi.

Shahar bozorlarida ma’lum boylikka, mol-mulkka ega bo’lgan kishilar ko’tara savdo-sotiq ishlari bilan mashg’ul bo’lganlar. Qo’shni shaharlardan kelgan savdo karvonlari Jizzax karvonsaroylarida “chakanafurush attorlar”ga mol sotishgan. Shahar bozorlarida gilam, do’ppi, chopon va boshqa iste’mol mollari bilan savdo-sotiq qiladigan rastalari bo’lgan.

Taniqli yozuvchi Nazir Safarov o’zining “Navro’z” nomli tarixiy romanida shaharda tayyor umumiy ovqatlanish mahsulotlari bilan Beshquvur, Eski shahardagi bozorlarda savdo qilish ham yaxshi yo’lga qo’yilganini yozadi. Umumiy ovqatlanish maskanlari xo’randalarga qulay bo’lishi uchun oshxona, choyxonalar bozor atrofidan o’rin olgan. Shahar novvoylari tomonidan tayyorlangan xilma-xil obi non, chalpak non, patir nonlar iste’molchilarga manzur bo’lganini yozib qoldirgan.

Shahardagi “Beshquvur”, “Oqqo’rg’onlik”, “Qalandarxona” guzarlarining choyxonalari hamisha xo’randalar bilan gavjum bo’lgan. Choyxonalarda palov, sho’rva, go’ja oshi, kabob, manti, no’xat sho’rva, qatiqli osh tayyorlanib xo’randalarga sotilgan. Shaharda novvot, nisholda, holva, kallaqand tayyorlangan bo’lsa, uning bir qismi Samarqanddan ham olib kelingan.

Jizzax bozorlarida xo’l mevalar – qovun-tarvuz, handalak, uzum, olma, nok bo’lgan, quritilgan mevalardan mayiz, turli meva turshaklari sotilgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya imperaiyasi Turkistonni bosib olgach, markaziy shaharlardagi sanoat korxonalarini muntazam ravishda Turkistonda yetishtirilgan xomashyo bilan ta’minlab turish, yerosti va yerusti boyliklarini tashib ketish tadirlarini amalga oshirdi. 1880-1886 yillarda Mixaylov ko’rfazidagi Krasnovodsk (hozirgi Turkmanboshi shahri)dan Marv, Chorjo’ygacha, ya’ni Amudaryogacha bo’lgan masofada Kaspiyorti temir yo’li qurilib, 1887 yili mazkur temir yo’l Qoraqum sahrolardan o’tkazilib, Samarqandga yetkazildi. Rossiya imperatori Nikolay II ning farmoyishi bilan 1895 yilda Samarqandni Jizzax, Xovos, Xo’jand, Farg’ona vodiysi va Toshkent shahri bilan tutashtiradigan temir yo’l qurilishiga kishiladi. Tez orada temir yo’l Jizzaxga yetib keldi va Jizzaxda temir yo’l stansiyasi barpo etildi. 1899 yilda Krasnovodsk-Toshkent-Farg’ona yo’nalishi bo’yicha poyezdlar qatnovi yo’lga qo’yildi. 1900-1906 yillarda Toshkent-Orenburg temir yo’li qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu yo’llar orqali o’lkada yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari va tabiiy boyliklarni ko’proq Rossiyaga tashib ketish imkoniyati yuzaga keldi. Jizzax uyezdidagi temir yo’l bekatlariga Rossiya generallari Kuropatkin (Lalmikor), Milyutin (G’allaorol), Obruchevo (Dashtobod), Lomakin (Zarbdor) nomlari qo’yildi.

Temir yo’l qurish azob-uqubatdan iborat bo’lib, asosiy ishlar qo’lda bajarilar edi. Ichimlik suvi, oziq-ovqat mahsulotlari yetishmas, ishchilarga to’lanadigan maosh nihoyatda kam edi. Buning ustiga temir yo’l qurilishida ishlovchilarning dam olishi to’g’ri tashkil etilmagan, tibbiy xizmat deyarli yo’lga qo’yilmagan edi. Bu esa ishchilarning noroziligini kuchayishiga, tez-tez ish tashlashlar yuzaga kelishiga, temir yo’l qurishdan bosh tortishga sabab bo’lardi. Bu hol temir yo’l qurilishida katta qiyinchiliklarning yuz berishiga olib kelardi. Jizzaxda temir yo’l qurilishida, asosan, qishloq joylaridan kelgan o’zbek, tojik, turkman va boshqa mahalliy millat vakillari, askarlar, Turkiston qamoqxonalarida yotgan mahbuslar ishlatiladi. Ayniqsa, Ilono’tti darasidagi temir yo’l qurilishida qoya toshlarni qo’l kuchi yordamida kesish ishlari ancha qiyin kechgan edi. Ming-ming tonnalab tosh va tuproq uyumlari g’altak arava va zambil yordamida tashilar edi. Bu ishlarni amalga oshirishda, g’allaorollik, jizzaxlik O’ktam poyezdchi, Mulla Korjov, Barot Polvon, Toyloq bobo singari temir yo’lchilar astoydil mehnat qilishadi.

O’rta Osiyoning paxta yetishtirayotgan tumanlari kabi Jizzax uyezdi ham temir yo’l orqali Rossiya markaziy shaharlaridagi to’qimachilik korxonalariga paxta tolasi yetkazib bera boshladi. Bu esa o’lkada g’alla, poliz ekinlari maydonini qisqartirishga, paxta maydonlarini kengaytirib, paxta yakka hokimligining o’rnatilishiga olib keldi.

Temir yo’llarning qurilishi nafaqat Jizzax, balki butun Turkistondagi shaharlarning rivojlanishiga, o’sha yillari “Yangiqo’rg’on”, “Jizzax” deb nomlangan temir yo’l bekatlarining tashkil topishi Jizzax aholisining, Turkistonning boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya, Yevropa mamlakatlari bilan turli sohalardagi aloqalarini yanada o’sishiga olib keldi.

O’z navbatida temir yo’l qurilishi rossiyalik aholiga mansub kishilarning O’rta Osiyoga va xususan, Jizzaxga ko’chib kelishini jadallashtirdi, bu jarayonlar o’lkadan paxta, teri, jun, sanoat xomashyosi, oziq-ovqat mahsulotlarini tashib ketishga xizmat qildi.

Turkistonda Amerika g’o’zasining iqlimlashtilishi va uning talablariga mos kelishi puldor korchalonlarning Turkistonga kelib paxtachilik bilan shug’ullanishiga, paxta tozalash zavodlari qurish harakatining kuchayishiga olib keldi. 1888-1890 yillarda Farg’ona, Samarqand, Kattaqo’rg’on, Jizzax shaharlarida paxta tozalash korxonalari barpo etildi. Jizzax shahridagi paxta tozalash zavodiga S.P.Kouzov, S.Kraftlar egalik qilishar edi. Zavodga injener L.N.Yugovich tomonidan ixtiro qilingan “jin” mashinalarining o’rnatilishi paxtani chigitdan tozalash ish hajmining kengayishiga olib keldi.

Jizzax uyezdida “Amerika” navli paxta ekilgan maydon 1884 yilda 372 desyatinani tashkil qilgan bo’lsa, 1895 yilda 142527 desyatinani tashkil qildi. Jizzax xususiy paxta tozalash korxonalarida 1894 yili mahalliy nav paxtadan 3227 pud, amerika navli paxtadan 9519 pud paxta tolasi Rossiya sanoat korxonalariga jo’natiladi.

XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiyada kapitalistik munosabatlarning jadal rivojlanishi, to’qimachilik sanoatining gurkirab o’sishi Turkistonda paxta “yakka hokimligi’ni ta’minlashga keng yo’l ochib berdi. Metropoliyaning mustamlakachilikka asoslangan iqtisodiy siyosiy Turkistonni xom ashyo manbalariga va Rossiya mollari sotiladigan bozor maydoniga aylantirish uchun hamma vositalarni ishga soldi. Turkiston tabiiy boyliklarini tinimsiz tashib ketish rejasining amalga oshishidan dvoryan pomeshchiklar sinfidan tashqari, tobora kuchga to’lib borayotgan Rossiya burjuaziya tabaqasi, uning to’qimachilik sanoati g’oyat manfaatdor edi.

Rossiya markazidan mo’may foyda ko’rish ilinjida amaldorlar, sanoatchilar, bankirlar yopirilib kela boshladilar. Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida 1867-1900 yillarda qishloq xo’jaligi xom ashyosi, shu jumladan, paxtani qayta ishlaydigan 170 ta korxona ochilgan bo’lsa, 10 yil davomida (1900-1910) yana 220 ta, keyingi to’rt yilda (1910-1914) 180 ta korxona ishga tushirildi.

Jizzax uyezdida 1894 yili savdogar Z.P.Kouzov shaharning Toshloq mavzesida O’rta Osiyo sanoat shirkatining ruxsati bilan paxtani qayta ishlaydigan kichik paxta tozalash korxonasini quradi. Zavodga o’rnatilgan jin mashinalari yordamida to’qimachilik sanoati uchun qimmatli xomashyo – paxta tolasi, lint (momiq) ishlab chiqarish amalga oshiriladi. Shaharda sanoatchi capitalist S.Kraft oilasiga qarashli paxta tozalash zavodi ham faoliyat ko’rsatib, dehqonlardan arzon-garovga sotib olgan paxtani chigitdan ajratib, Rossiya to’qimachilik korxonalariga yuborar va shu orqali mo’may daromad olar edi.

Turkistonda 1867-1900 yillar mobaynida ishga tushirilgan 175 ta sanoat korxonasining ko’pchiligi paxta tozalash korxonasi bo’lib, yalpi sanoatning 80 foizi paxtani dastlabki qayta ishlaydigan korxonalariga to’g’ri kelar edi. Turkiston sanoatida paxta zavodlaridan so’ng chigitdan yog’ ishlab chiqariladigan korxonalar asosiy o’rinni egalladi.

Paxtachilik sohasida babk kreditining o’ziga xos shakli – yer va undan olinadigan paxta hosiliga kredit – qarz berib turish tez rivojlana boshladi. Jizzax uyezdida paxta, pilla, qorako’l teri uchun kredit berish o’sib bordi. Bu tadbirlar mahalliy dehqonlarni ekspluatatsiya qilishni yanada kuchaytirdi.

Jizzax shahrida Sibir savdo bankining O’rta Osiyo bo’limi ish olib borib, katta mablag’ni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ladi. U sanoat korxonalari tovarlarini sotish bilan birga paxtakorlarni kredit bilan ta’minlab, katta mo’may foyda olar edi.

Paxta sotib oladigan to’qimachilik kombinatlari va firmalarining Jizzaxda ish olib borayotgan Kraft va Kouzovlarga tegishli paxta tozalash zavodlari veksellariga 60-70 foiz haq to’lanar edi. Dehqonlarga qarz qisqa muddatga berilar edi. Paxtafurushlar tomonidan bir botmon paxta uchun 85-100 tanga hisobida qarz to’lanardi. Holbuki, bozorda bir botmon paxtaning narxi 145-150 tanga edi.

Banklarning krediti ko’p pog’onali bo’lib, u paxta zavodi egalariga, to’qimachilik korxonalariga, paxta yetkazib beradigan firmalarga berilar edi. Firm ava zavodlarning egalari ssudalarni paxta sotib olish bilan shug’ullanadigan savdogarlarga, ular esa mahalliy millat vakillaridan chiqqan paxtafurushlardan arzon-garovga paxta sotib olib, boyishar edi.

Jizzaxda Rossiya mustamlakachiligi yillarida shahar sanoati yetarli rivojlanmagan bo’lib, 1892 yilda Jizzax shahrida 95 ta moyjuvoz, 10 ta katta-kichik g’isht xumdonlari, 7 ta sovun pishiradigan, 13 ta kulolchilik, 1 ta ko’n zavodi, 31 ta etikdoz’lik, 20 ta temirchilik va zargarlik, 31 ta duradgorlik, 2 ta sham tayyorlaydigan, 20 ta alacha va shoyi to’qiydigan katta-kichik korxonalarda aholi kundalik ehtiyojini qondiradigan tovarlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan edi.

Jizzax aholisining asosiy qismi qishda xonalarni sandal yordamida qizdirib, mo’rili o’choqdan foydalanishgan. Bu davrda gaz, elektr, ko’mir rasm bo’lmagani uchun uylarni isitishning asosiy manbai o’tin bo’lgan.

Jizzax aholisi qadimdan o’z hovlisini toza, saranjom-sarishta saqlashga intilgan. Avlodlarimiz go’zallikka oshufta va moyil bo’lganligi bois, har bir oila o’z hovlisini chiroyli qilib bezash, garchi oddiy bo’lsa-da, ko’rimli qilishga harakat qilgan. Uylarning devorlari bo’ylab to’g’ri burchakli yoki gumbaz shaklida bir necha taxmon, ular o’rtasida esa tokchalar qilingan. Ularga ko’rpa-to’shaklar, uy-ro’zg’or buyumlari joylashtirilgan. Chiroyli ko’rpacha, bolishlar sandiq ustiga taxlab qo’yilgan. Umuman, Jizzax mahallalarida “O’z uying o’lan to’shaging” naqliga hamisha amal qilishib, unio bod va pokiz saqlashga harakat qilishgan.