XX asrning 20-30-yillarida kommunistik partiyaning Jizzax shahrida olib borgan madaniy qurilish siyosati “shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyatni” shakllantirishga qaratilib, xalqimizning o’ziga xos madaniyati, milliy qadriyati, ma’naviy-madaniy merosi inkor etildi. Jizzax ahlining uzoq davrlarga borib taqaladigan qiziqchilik, masxarabozlik, hajv singari san’at turlari kommunistik mafkura o’lchovi va tamoyillariga mohiyatan zid edi.
Ana shuning uchun ham o’sha yillarda Jizzax xalqining olis asrlarga borib taqaluvchi moddiy va ma’naviy madaniyati durdonalari, osori atiqalariga zo’r berib hujum uyushtirildi. Xalqimizning o’z zamonasining ko’zga ko’ringan san’atkorlari, ziyolilari, ruhoniylar, mullalar, ulamoi fuzalolar quvg’inga duchor qilinib, turmalarga tashlandilar. Shaharda arab tilidagi ko’plab kitoblar yoqib yuborildi. Ko’pgina ulamolar bola-chaqalari bilan Eron, Turkiya, Afg’oniston, Pokiston va boshqa mamlakatlarga bosh olib ketishga majbur bo’ldilar. Jizzax xalqining Mulla Hoshim, Abdulla Ahmedov, Ibrohim Rajabov, Qodirjon Imomov, Abdusattor Abdurazzoqov, Ibrohim Mustafoqulov, Orifjon Olimjonov, Toji Odilov, Oxunjon Shernazarov va boshqa ko’plab yurtparvar ziyolilari fidoyilik namunalarini ko’rsatib, barcha qiyinchiliklarga bardosh berib shaharning madaniy hayotida faol qantashdilar. Ularning sa’y-harakatlari bilan eski va yangi shaharda klub, kutubxonalar va boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalar tashkil qilinib, aholiga madaniy xizmat ko’rsatish birmuncha yaxshilandi.
Shaharda 1921 yilda tashkil topgan “Ko’k ko’ylak” sayyor havaskorlik drama to’garagi yakshanba kunlari, xalq to’planadigan joylarda, tuman markazlarida aholiga tomoshalar ko’rsatdilar. “Ko’k ko’ylak” havaskorlik sayyor drama to’garagi 1927 yilda Jizzax shahar siyosiy-oqartuv bo’limi ixtiyoriga olinib, unga “Ko’k ko’ylak” agitteatri nomi berildi. “Halima” (rejissor P.Nosirov) teatrda sahnalashtirilgan birinchi spektakl edi. Keyingi yillarda “Arshin-mol-olon” (U.Hojibekov), “Buxoro jallodlari” (S.Ayniy), “Tuhmatchilar jazosi” (Hamza), “Lolaxon” (K.Yashin) kabi spektakllar teatr sahnasida ko’p martalab qo’yildi.
1932 yilda “Ko’k ko’ylak” agitteatri Samarqand kolxoz-sovxoz teatriga birlashtirilib, S.Jo’raboyev badiiy rahbar etib tayinlandi. “Paxta shumg’iyalari” (U.Ismoilov), “Gulsara” (K.Yashin), “Uyg’onish” (N.Safarov), “Malikai Turandot” (K.Gotssi) va boshqa spektakllar sahnaga qo’yildi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida teatr davr ruhini aks ettirib, “Davron ota” (K.Yashin, S.Abdulla asari T.Sodiqov, A.Kozlovskiy musiqasi), “Front” (A.Korneychuk), “Qurbon Umarov” (S.Abdulla, A.Chustiy asari, T.Jalilov musiqasi), “O’lim bosqinchilarga” (K.Yashin) pyesalari sahnalashtirildi.
Urushdan keyin teatr repertuaridan “Boy ila xizmatchi” (Hamza), “Nurxon” (K.Yashin), “Shohi so’zana” (A.Qahhor), “Dalada bayram” (Sh.Sa’dulla) va boshqa spektakllar joy oldi
1957 yili kolxoz-sovxoz teatrlari birlashtirilishi munosabati bilan Jizzax teatr a’zolari Samarqand viloyati musiqali drama teatri ixtiyoriga o’tkazildi. 1960 yilda Jizzaxda xalq teatri tashkil etildi.
1964 yilda yangi Sirdaryo viloyati tashkil etilishi munosabati bilan Jizzaxda faoliyat ko’rsatayotgan xalq teatr o’zagida Sirdaryo viloyat musiqali drama teatri tashkil qilindi. Yunus Xo’jayev bosh rejissyor, A.Shodmonqulov bosh rassom etib tayinlandi. Jizzaxda faoliya ko’rsatayotgan xalq teatri artistlari ham shu teatrga qo’shildilar. Jizzax viloyati tashkil etilishi munosabati bilan Sirdaryo teatri Jizzax viloyati musiqali drama teatriga aylantirilib, 1988 yilda Yu.Rajabiy nomi berildi. G’.Hamidullayev, keyinchalik G’.Iskandarov bosh rejissryor, S.Najafov bosh rassom, A.Abdurahimov bosh dirijyor, D.Karimov bosh baletmeyster etib tayinlandi.
Teatr kamolot sari yuksalib bordi. Shuningdek, aktyorlardan H.Amirqulov, G’.Hasanov, M.Rahmatova, A.G’afurov va boshqalar sahna obrazlarini yaratishda yetakchilik qildilar. Teatr repertuari “Oltin devor” (E.Vohidov), “Xolisxon” (Hamza), “Aslzoda kelin” (M.Shamxalov), “Kelinlar qo’zg’oloni” (S.Ahmad), “Qoraqum fojiasi” (U.Badiqov), “Xonuma xonim” (A.Tsagareli), “Guli siyoh” (S.Jamol) va boshqa spektakllar bilan boydii.
Teatrda turli yillarda A.Jo’rayev, B.Nazarov kabi rejissyorlar, G.Vizel, V.Riftin, M.Musayev kabi rassomlar, H.Azimova, T.Sodiqov, X.Bekjonov singari aktyorlar ijod qilganlar.
1980 yilda teatr jamoasining 700 o’rinli yangi zavonaviy binoga ko’chib o’tishi teatr hayotida muhim voqea bo’ldi. Teatrning yetakchi aktyorlari: O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar G.O’rinova, O.Eshto’xtarova, A.Lapasov, G’.Yo’ldoshev, artistlar O.Normatov, J.Dehqonova, bosh rejissyor G’afur Hamidullayevlar teatr taraqqiyotiga munosib hissa qo’shdilar.
Jizzaxda maktab o’quvchilari va yoshlarga madaniy xizmat ko’rsatish maqsadida 1983 yilda viloyat qo’g’irchoq teatri tashkil etiladi. A.Mamatov, Z.Mahmudovalar teatrning ilk aktyorlari hisoblanib, “O’jar quyoncha” (M.Suponin) spektakli bilan ochilgan edi. Keyingi yillarda “Farhod va Shirin” (A.Navoiy), “Tomoshada tomosha” (M.Ashurova), “Makkor tulkicha” (S.Pavlovskiy), “Kashmir qo’shig’i” (Sh.Rashidov), “Tomosha” (K.Qodirov, N.Normatov), “Bo’g’irsoq” (Ye.Petrik), “Quvnoq ayiqchalar” (M.Polivanova), “Obihayot” (M.Ashurova), “Sho’x xo’tikcha” (Temurbek), “Semurg’” (H.Olimjon) va boshqa spektakllardagi rollarni ijro etishda J.Muxtorov, J.Mamarahimov, Z.Mamarahimova, Z.Mahmudova, G’.Yo’ldoshev, F.Hasanov va boshqa aktyorlar zo’r mahurat ko’rsatdilar.
Teatr jamoasi 1992 yilda Rustam Aliyev tomonidan sahnalashtirilgan “Farhod va Shirin” spektakli bilan Respublika qo’g’irchoq teatrlari 3-festivalida qatnashib, uning oliy mukofotini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi. 1998 yilda jamoa AQShda gastrolda bo’lib qaytdi.
Matbuot. 1924 yil O’zbekiston Respublikasi tashkil etilgandan so’ng Jizzax shahrida (shahar Samarqand viloyati tarkibiga kirib, shahar, tuman markazi edi) jurnal va gazetalarni aholi o’rtasida tarqatish yo’lga qo’yildi. “Zarafshon ovozi” viloyat gazetasining Jizzax shahrida muxbirlar posti tashkil qilinib, mahalliy o’qituvchilar, ziyolilar jalb etildi. Vaqtli matbuotning o’sha yillardagi sahifalarida yozilishicha, jizzaxlik muxbirlar Hamid Olimjon, Nasrulla Oxundiy, Toji Odilov, Bahrom Ibrohimov, Narziqul Hasanov va boshqalarning maqolalari chop etila boshlangan.
“Zarafshon ovozi” gazetasining 1925 yil 9 may sonida berilgan ma’lumotga qaraganda, Samarqand viloyatidagi jami 239 nafar muxbirning 41 nafari Jizzaxda Qalam tebratayotgan muxbirlar edi. Bu borada Eski shahardagi yoshlar sardori Narziqul Yo’lchiboyev boshliq muxbirlar posti tomonidan tayyorlangan materiallar viloyat va jumhuriyat gazetalarida muntazam chop etilib borgan. Bu ishda Jo’raboy Ahmadjonov, Yo’dosh Hoshimov, Sohib Sultonov va Toji Odilovlar, ayniqsa, faol ishtirok qilganlar.
Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, 1887-1888 yillarda Jizzax uyezdida gazeta va jurnallar kam tarqalgan edi. Samarqand viloyatida 62 dona gazeta tarqatilgan bo’lsa, Jizzax shahrida birorta ham gazeta tarqatilmagan.
Jizzax shahrida 1932 yili rayon gazetasiga asos solindi. Gazetaning 1-soni 1932 yilning 15 iyunida Samarqand shahridagi Morozov nomli bosmaxonada chop etilgan. Gazetaga asos solingan o’sha yili uning sahifalarida Jizzax, Forish, G’allaorol va Zomin tumanlari mehnatkashlarining turmush tarzi keng yoritilib borildi. Gazetaga Husan Umarov, so’ngra Mahmud G’ozixonov, Yusuf Yo’ldashev, Xo’jam Isroilov, Toji Odilov, Ibrohim Donishlar muharrirlik qildilar.
1932 yilning oktabrida Jizzax shahrida birinchi bosmaxona ishga tushirilib, gazeta shu yerda chop etila boshlandi. Bosmaxonaning birinchi ishchi qaldirg’ochlari Murtazoqul Umarov, Tolib Shodiyev, Natasha Parsel, Sabohat Teshaboyeva, N.Ahmedov, T.Tuhfatullina, T.Mamadiyorovlar gazetaning muntazam chiqishini ta’minlashda katta xizmat qildilar.
Gazeta atrofiga Munavvar Tursunov, Haydar Egamberdiyev, Lapas O’tashev, Karim Fozilov, Yo’ldosh Toshpo’latov singari ko’plab qishloq muxbirlari birlashib, xilma-xil mavzularda o’z maqolalari bilan qatnashganlar. Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Nazir Safarov, Qodirjon Imomov, Nasrulla Oxundiy, Shukur Sa’dulla, Jo’ra Ahmadjonovlarning ilk asarlari dastlab ana shu gazetada chop etilgan. Radioeshittirish ishlarida Ma’mur Zaripov, Ibodat Teshaboyeva, Sohib Sultonovlar faol qatnashishgan.
1962 yilning iyun oyidan boshlab rayon gazetasi tumanlararo gazetaga aylantirilib, Jizzax, G’allaorol, Zomin, Forish tumanlarida tarqatildi. 1982 ilda tashkil etilganiga 50 yil to’lishi munosabati bilan gazeta O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining Faxriy yorlig’i bilan mukofotlandi. Yubiley munosabati bilan bosh moharrir Ibrohim Donish va jamoatchi muxbir Sharof Zikirovlarga “Respublikada xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berildi.
Gazeta tahririyatiga keyingi yillarda O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist Akrom Inomov muharrirlik qildi. 1990 yilda gazeta respublika miqyosida o’tkazilgan “Samarali mehnat va sog’lom turmush” tanlovida 3-o’rinni egallab, O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy yorlig’i va pul mukofotini olishga muvaffaq bo’ldi. 1973 yil 28 dekabrda Jizzax viloyati tashkil etilgach, matbuot ishlari rivojlandi. 1974 yil 1 may kuni qo’riq Jizzax matbuot yilnomasiga olti harflar bilan yozilgan muborak sana bo’lib qoldi. Shu kuni Jizzax muzofoti tarixida birinchi bor “Jizzax haqiqati” va “Djizakskaya pravda” nomi bilan viloyat gazetalari chiqa boshladi. Dastlab “Jizzax haqiqati” gazetasiga Oktyabr Javlonov, “Djizakskaya pravda” gazetasiga Shavkat Ramazonov bosh muharrirlik qildi. Keyingi yillarda “Jizzax haqiqati”da Abdulla Ahmedov, Bahriddin Sattorov, “Djizakskaya pravda”da Meli Mahmudov, Andrey Orlov, Viktor Tokarev, Leonid Adilshayevlar moharrir bo’lib ishladilar. Keyinchalik har ikkala gazeta muharririyati birlashtirilgan bo’lib, Salohiddin Safarov bosh muharrirlik qildi.
Har ikkala gazeta tahririyati jamoasi zabardast jurnalistlardan tashkil topgan edi. Anvar Jo’raboyev, Abdurashid Abdurahmonov, Xolbo’ta Xudoyorov, Abdukarim Sharipov, Sulton Po’latov, Ibrohim Donish, Turob Maqsudov, Xolmuhammad Nurullayev, Nushar Qarshiboyev, Islom Usmonov, Hayitboy Nabirayev, Keldiyor Jo’raqulov, Sulaymon Husainov, Nikolay Barashkin, Lidiya Ivanovna Dolina, Svetlana Vasilyevna Pyatayeva, Leonid Adilshayev, Raisa Florovna Agronovich, Asadulla Kattabekov, Tursunboy Kamolov, Toshqul Beknazarov, Bekpo’lat Tog’ayev, Nodira Soliyeva, Toir Norqulov, Ulug’bek Daminov, Renat Sigbatullin, Ilhom Nosirov, Hasan Tojiyev, Xalil Husanov, Doniyor Mdiyorov, Usmon Ochilov singari jurnalistlar, Toshbuvi Qobiljonova, Munisa Vosiqova, Lidiya Sedemetova, Rahima Boyzoqova, Nortoji Botirova, Nigora Ismoilova singari fidoyilar gazetalarning 30 yillik tarixida o’chmas iz qoldirdilar.
“Jizzax haqiqati”, “Djizakskaya pravda” gazetalarini dastlabki qadamlaridan boshlab qo’llab-quvvatlagan, qolaversa, bosmaxona va gazeta tahririyati uchun hashamatli bino qurib ishga tushirishga ulkan hissa qo’shgan viloyat partiya qo’mitasi kotiblari Seit Toirov, Sodiq Nishonov, viloyat nashriyot va matbaa boshqarmasining boshlig’i Vahob Jalilovlarning xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak.
Jizzax shahri va viloyat madaniy hayotida 1974 yil mart oyida viloyat teleradiosi komitetining tashkil topishi nihoyatda katta voqea bo’ldi. Teleradiokomitet dastavval Beshquvurdagi maktab binosida joylashib, unga tajribali, tashkilotchi jurnalist Nasim Noriyev rais etib tayinlandi.
O’sha paytlarda radioeshittirishlari moslashmagan, eski binoda olib borilardi. Komitet raisi Nasim Noriyevning yelib-yugurishi tufayli tez vaqt ichida uning binosi ta’mirlanib, qayta qurildi. Jurnalist xodimlar tanlanib, ishga qabul qilindi. Radiostudiya zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Birinchi eshittirish o’sha yili efirga uzatildi. Eshittirish avgust oyida Qo’ytosh radiostansiyasi orqali qisqa to’lqinli radioda ishlaydigan efidan havoga tarqatilgan. Har kuni kunduzi soat 11.00 dan 12.00 gacha, kech soat 17.00 dan 18.00 gacha doimiy ravishda eshittirish olib boriladi. 1983 yili viloyat teleradiokomiteti teleradiokompaniyaga aylantirilib, maxsus zamonaviy binoga ko’chib o’tdi. Bino Vengriyadan keltirilgan zamonaviy binoga ko’chib o’tdi. Bino Vengriyadan keltirilgan zamonaviy teleradioapparatlari bilan ta’minlanib, jurnalistlarning to’liq ishlashlari uchun yaxshi ish sharoitlari yaratildi. Radiotinglovchilar radioeshittirishlarini o’rta to’lqinda eshitish imkoniyatiga ega bo’ldilar. Eshittirishlarni bosh muharrir Sherlon Aliyev, muxbir va suxandonlar Baxtiyor Rizoyev, Pardaboy Tojiboyev, Dildora Rahimova, Salomat Qoraboyeva, Lenura Adilshayevalar olib borishdi.