Turkiy xalqlar yashovchi keng hududlarni bosib olish Rossiya podsholarining azaliy orzusi edi. Rossiya imperiyasi Qozon, Ashtarxon (Astraxan) va Sibir xonliklarini, qozoqlar va qirg’izlar yashovchi Kichik juz, O’rta juz, Katta juz hududlarini egallagach, O’rta Osiyo xonliklarini bosib olishga kirishadi. O’rta Osiyo xonliklari shimoliy chegaralari yaqinida 46 ta katta va 96 ta kichikroq harbiy qal’a va istehkomlar qurdirib harbiy qo’shinlarni joylashtiradi. Xonliklarni bosib olish vazifasi Rossiya podshosi tomonidan Orenburg general-gubernatori V.A.Perovskiy va G’arbiy Sibir general-gubernatori general G.Gosford zimmasiga yuklanadi.
Rossiya imperiyasining dastlabki bosqinchilik yurishini polkovnik M.Chernyayev va polkovnik Verevkinlar 1864 yil may oyida Qo’qon xonligiga qarshi boshlaydilar. Shiddatli janglar natijasida bosqinchilar Toshkentni egallaydilar. Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Turkiston viloyati tuziladi va harbiy gubernator etib M.Chernyayev tayinlandi va unga general-leytenant unvoni beriladi. Rossiya qo’shinlarining Toshkentni bosib olish natijasida Rossiya imperiya bilan Buxoro amirligi o’rtasida harbiy to’qnashuv muqarrar bo’lib qoldi.
Toshkent shahri Turkiston harbiy okrugi qo’mondonligi markaziga aylantirilib, galdagi bosqin Buxoro amirligining muhim strategik ahamiyatga ega bo’lgan Jizzax bekligini bosib olishga qaratiladi.
1865 yil yanvarda general M.Chernyayev Chinoz katta harbiy kuch to’playdi. Podpolkovnik Pistolkars boshchiligidagi 14 rota, 600 nafar kazak va o’n olti to’pdan iborat qo’shin bilan 21 yanvar kuni Sirdaryoning chap qirg’og’iga o’tib oladilar. M.Chernyayev boshchiligidagi qo’shin esa 30 yanvarda Sirdaryodan kemada suzib o’tadi va qo’shinlar safini ko’paytiradi.
M.Chernyayev qo’shinlari 1865 yilning fevralida Mirzacho’l bo’ylab Jizzaxga yo’l oldi. Qattiq qish tufayli o’tin, yem-xashak tanqisligidan og’ir ahvolga tushib qoladi. Zo’ravonlikka odatlangan M.Chernyayev Jizzaxga o’z vakilini jo’natib, Jizzax begi Olloyorbekdan o’tin va yem-xashak berishni talab qiladi. Olloyorbekdan rad javobini olgach, 7 fevralda podpolkovnik Pistolkars qo’mondonligida ikkita piyoda rota, 400 nafar kazakni ikki zambarak bilan Jizzaxni bosib olish uchun safarbar etiladi. Bosqinchilar shahar himoyachilari tomonidan qattiq zarbaga uchraydi. M.Chernyayev qurshovda qolgan askarlarni qutqarish uchun yana ikkita qo’shimcha rot ava ikki zambarakni yuborib, askarlarni o’z qo’shinlarining lageriga qaytarishga muvaffaq bo’ladi. Ikki o’rtada bo’lib o’tgan jangda bosqinchilardan sakkiz kishi o’ldiriladi, o’n to’qqiz kishi jarohatlanadi. Jizzax himoyachilaridan esa yuzdan ortiq kishi halok bo’ladi. M.Chernyayev qo’shinlari Jizzaxda mag’lubiyatga uchragach, urushni davom ettirishga imkoni bo’lmaganidan, 1865 yil 10 fevralda Sirdaryo tomon chekinishga majbur bo’ladi.
General M.Chernyayevning o’zboshimchalik bilan qilgan harbiy yurishi, Jizzaxni bosib ololmagani bosqinchilarga qimmatga tushdi. Mansabini suiiste’mol qilgani uchun 1866 yil yanvar oyining oxirida rus podshosi Aleksandr II M.Chernyayevni lavozimidan olib tashlab, uning o’rniga Turkiston viloyati harbiy gubernatori general D.T.Romanovskiyni bosh qo’mondon etib tayinlaydi.
Muarrix Mirzo Abdulazim Somiyning “Tarixi salotini Mang’itiya” asarida yozilishicha, rus qo’shinlarining tobora ichkarilab kelishi amirlikning ilg’or fikrli ziyolilari orasida qattiq nafrat uyg’otadi. Buxoroda madrasa talablari junbishga kelib, bosqinchilarga qarshi muqaddas urush ya’ni “g’azovot” qilishni talab qilib chiqa boshlaydilar. Buxoro shahri raisi eshon Baqoxo’ja Sad amirni “g’azovotga” otlanishga da’vat etadi. Ilojsiz qolgan amir Abdulazim Somiyning aytishicha: “Beixtiyor bosqinchilarga qarshi yurishga qaror qildi. Muqaddas “g’azovot” uchun payshanba kuni beadad qo’shin va behisob xayrixohlar bilan uzangiga oyoq qo’ydi va Buxoroi sharifdan jo’nab ketdi”.
Buxoro amiri Muzaffar 60 ming kishilik qo’shin bilan Jizzax, Sirdaryo tomon yurdi, biroq qo’shin yaxshi qurollanmagan, askarlarining aksariyat qismi harbiy tayyorgarlikdan o’tmagan edi.
Angliya va Turkiyadan yordam kutgan Amir Muzaffar ulardan, hatto o’z homiyligidagi Qo’qon xoni Xudoyorxondan ham madad ololmadi. Qo’l ostidagi mavjud imkoniyatlardan foydalanib, barcha beklar va sardorlarning boshini qovushtirib, dushmanga qarshi birlashib hujum uyushtirishni ham uddalay olmadi.
Bosh qo’mondon general D.T.Romanovskiyning qo’shini Sirdaryo dashtiga chiqqani haqida xabar olingandan keyin Amir Muzaffarning xatti-harakatlari kishining g’azabini oshiradi. Amir dushman qo’shinlarining yo’lini to’sish uchun 30 ming kishilik lashkarni Olloyor devonbegi qo’mondonligida jangovar marrani egallashga buyuradi va ular O’ratepa bilan Jizzaxni birlashtiruvchi karvon yo’lidagi tepalikda o’rnashadi. Amirning o’zi esa o’z ixtiyoridagi lashkarlar bilan aprel oyining oxirlarida yo’lga chiqib, O’ratepa yaqinidagi Rogun qishlog’ida to’xtaydi va Olloyor devonbegining husni jamolda tengi yo’q qizini o’z huzuriga keltirishga buyuradi. Amir mamlakat taqdiri uchun hayot-mamot jangi oldida ham o’z huzurini o’ylaydi va haramiga keltirilgan 10 yoshli qiz, o’z lashkarboshisining farzandi ekanligini ham unutib, ishratga beriladi. Olloyorbek devonbegining sarbozi Parchayuz Abdurahmondan yozib olingan esdalikda aytilishicha, o’sha tongda bu qizning so’yilgan murdasini topishgan. Ko’p o’tmay, sevimli qizininig mudhish o’limi haqidagi xabar jangovar marrani egallab turgan Olloyorbek devonbegiga yetib kelgach, u o’z farzandi dog’iga kuyib, bir necha kun chodirdan chiqmay yotadi. Olloyorbek devonbegiga qilingan zulm uning qarindoshlari To’xtamishbek va Fozil dodxohlarning ham amirga qarshi adovatini uyg’otadi. Qo’shni O’ratepada ham amirga qarshi norozilik kuchayadi. Amir Muzaffar o’z qo’shinidagi bunday holatdan bexabar holda O’ratepa bilan Jizzaxni birlashtiruvchi bir tepalikda o’z qarorgohini o’rnatadi. 1866 yil may oyi boshlarida general D.T.Romanovskiy qo’shinlarining kichik avangard qismi Oqjarga yaqinlashganda Olloyorbek devonbegi va uning qarindoshlari To’xtamishbek va Fozil dodxohlar jang qilmay Xovos tomon chekinadilar. Bu bilan ular begunoh halok etilgan qizchaning o’limi uchun amirdan olgan qasosimiz, deb hisoblaydilar. Shaxsiy musibat yurt manfaatidan ustun kelib, 30 ming kishilik qo’shin jang maydonini dushmanga bo’shatib berdi.
Amir Muzaffar Sirdaryo bo’yidagi Oqjar (Irjar) degan joyga katta qo’shin va olomon bilan kelib o’rnashadi. Amir Muzaffarning Oqjarda to’plagan qo’shini, asosan, Buxoro, Samarqand, O’ratepa va boshqa joylardan to’plangan yuz ming kishilik askarlardan iborat bo’lib 21 to’p qurollangan edi. Vatan himoyachilarining soni ko’p bo’lgani bilan, Ahmad Donishning yozishicha, amir qo’shinlari harbiy mashqni yaxshi o’zlashtirmagan, urush maydonini ko’rmagan kishilardan iborat bo’lib, askarlar pilta miltiqlar bilan, ko’pchilik askarlar esa uchiga temir o’rnatilgan oddiy tayoq qurollar bilan qurollangan edi.
D.T.Romanovskiy qo’shinlari 1866 yil 8 mayda 14 piyoda rotasi va 500 kazak, 28 to’p, sakkiz rota qurilmasi bilan qurollanib, Oqjarda amir Muzaffar qo’shinlariga qarshi jang olib boradi. Jangda amir qo’shinlari mag’lubiyatga uchraydi. Oqjarda bo’lib o’tgan jangda Vatan himoyachilaridan 5 ming kishi halok bo’ladi, ko’pchiligi jarohatlanadi. Rossiya qo’shinlari qo’mondonligi jang maydonida ko’plab qurol-yarog’, kiyim-kechak va oziq-ovqatdan tashqari 6 zambarak, 670 pud porox, 22 ming dona patron, amirning chodiri va uning ichidagi qimmatli buyumlarni o’lja qilib oladi. Amir Muzaffar Oqjardagi jangda mag’lubiyatga uchrab, uning qarorgohi o’rnashgan tepadan Jizzax tomon qochadi, shu bois keyinchalik bu tepa “Amir qochgan tepa” degan nomni oladi. Amir kechurun Jizzaxga yetib keladi.
Oqjarda osonlikcha qozonilgan g’alaba general D.T.Romanovskiyga qo’l kelib, rus qo’shinlari 17 mayda Xo’jand ostonalariga kelib marrani egallaydilar. Xo’jand himoyachilari bilan rus lashkarlari o’rtasida sakkiz kun davom etgan jangu-jadallarda xo’jandliklardan 5000 kishi shahid bo’ladi, dushman tomonidan esa 2500 kishi nobud bo’ladi.
Rossiya qo’shinlari og’ir janglar bilan 1866 yil 8 may kuni Xo’jand shahrini va Nov qal’asini egallashga muvaffaq bo’ladilar. Xo’jandning bosib olinishi Rossiya yuqori hukumat doiralarida zo’r mamnuniyat bilan kutib olinib, harbiy boshliqlarning unvonlari bir daraja ko’tariladi, soldatlar pul bilan taqdirlanadi. Urushni boshqargan general D.T.Romanovskiy esa uchinchi darajali “Svyatoy Georgiy” ordeni bilan taqdirlanadi.
Buxoro amiri Muzaffarxon Oqjarda bo’lib o’tgan jangda yengilganidan so’ng Jizzaxga mang’it Olloyor devonbegini hokim etib tayinlab, Jizzaxning Eski shahridagi O’rda qal’asi devorlarini mustahkamlash va ta’mirlash haqida unga buyruq beradi. Amirning buyrug’iga ko’ra, Jizzax shahridagi O’rdani harbiy jihatdan mustahkamlash ishlari amalga oshiriladi. Qal’a ikkinchi devor bilan o’rab olinadi. Muhammad Yoqubbek bosh qo’mondon etib tayinlanib, shaharni himoya qilish uchun 12 ming kishilik askar, 53 ta turli kalibrdagi zambarak va boshqa qurol-yarog’, aslahalar O’rda qal’asiga keltiriladi. Shahar himoyachilari buzilgan harbiy istehkomlarni va O’rda qal’asi devorlarini qayta tiklab, bosqinchilar hujumini qaytarish uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik ko’radilar. Zomindan Jiyanhoja to’qsabo boshchiligidagi qo’shinlar ham Jizzax himoyasiga yetib keladilar.
O’ratepa va Jizzax uchun janglar. 1866 yil 23 sentabrda polkovnik Vorontsov-Dashkov O’ratepa qal’asi atrofini o’zining xufiyachilari tomonidan o’rgangandan so’ng unign buyrug’iga muvofiq polkovnik Mantefeyl, polkovnik rotmeystr Baranov boshchiligidagi qo’shinlar shaharni to’plardan o’qqa tutisha boshlaydi. 29-30 sentabr kunlari shahar janubiy tomondan o’qqa tutilib, shahar ichida yonginlar chiqadi. 1 oktabrda rus qo’shinlari hujumga o’tadilar. Muarrix Avaz Muhammad Attor Ho’qandiyning asarida esa haqiqiy manzara tasvirlangan: “Ahli kuffor qal’ani egallash qasdi ila yo’lga chiqdi. Musulmonlar bir qancha musulmon merganlarni qal’a atrofiga joylab qo’ygan edilar. Merganlar battol kofirlar yaqinlashishlari bilanoq, ularning atroflarini o’rab olib, to’pu to’fangni jo’shu xurujga keltirib, to’rt tomondan muqobatsiz otdilar. Kofirlarda tob-toqat qolmadi va ular katta zarar ko’rib, qattiq zarba yeb qaytdilar. Kundan kunga jangu jadal kuchayib borardi. Yakshanba kechasi, jumodi-ul-oxir oyining 4-si, yo 5-sida kofirlar uchta darvozaga odamlarni tayinlab va o’rnashtirib, Mug’ darvozasining chuqur xandaqini xas-xashak bilan to’ldirib, shunday keng joyni bir kechada tekis qilib, o’zlariga yo’l ochib, tongni kutib turdilar. Shu payt shahar aholisi g’ofil va o’z ahlu holiga mashg’ul bo’lib, olamdan bexabar uyquda yotar edilar. Bir oz vaqt o’tgach, sahar paytida, shahar darvozalariga bir ming-ikki ming kishini qo’yib, o’ruslarning gubernatori va generali ko’p sonli to’da ila Mug’ darvozasida hozir bo’ldi. To’satdan, o’zlari tekislagan yo’ldan o’tib, shahar darvozasidan kirib tug’ sanchig’ini Mug’ qal’asiga o’rnatishga buyurdilar. Mug’ qal’asi shu viloyat hokimining joyi edi. Kofirlarning qolgan Lashkari shaharning har bir darvozasidan firqa-firqa, to’p-to’p, guruh-guruh bo’lib, qichqiriq, shovqin-suron ko’tarib kirdi va olamni to’s-to’polonga ko’mib bozorga yaqinlashdilar. Ahli islom musulmonlik hamiyatini dilga joylab, Saddi Iskandarbek turib jang qildilar”.
O’ratepa hokimi Abdug’aforbekning dushmanlar kelishi bilan qochishi shahar himoyachilarini sarosimaga solib, ularning jangda mag’lub bo’lishiga sabab bo’ldi. Bo’lib o’tgan jangda vatan himoyachilaridan 2500 kishi halok bo’lganligi, rus soldatlaridan 17 kishi o’lganligi va 217 kishi yarador bo’lganligi manbalarda qayd etiladi. Avaz Muhammad Attor Ho’qandiy asarida esa jangda musulmonlardan 8 mingdan ko’proq kishi, bosqinchilardan besh mingdan ortiq kishi o’lganligi qayd etiladi. Bosqinchilar 27 to’p, qurol-aslaha va boshqa narsalarni o’lja qilib oladi.
Rossiya soldatlari O’ratepadan keyin Zomin qal’asini qo’lga kiritib olgach, qon to’kish, vayronachilik navbati Jizzax shahriga keladi. Rus zobiti Z.Zinovyev butun mintaqada Jizzax istehkomiga o’xshagan mustahkam qal’a bo’lmaganligini, qal’ada murakkab mudofaa ishlari amalga oshirilganligini yozadi. Jizzaxda Iskandarbek boshchiligida 10 ming kishilik qo’shin, 53 to’p bilan qurollangan himoyachilar bo’lib, to’p otishda mohir afg’on askarlari ham bor edi.
General D.T.Romanovskiy qo’mondonligidagi qo’shinlar 1866 yil 11 oktabrda shaharni qurshov ostiga oladilar. Mudofaachilar dushmanning dastlabki hujumini qaytarishadi. Iskandarbek boshchiligidagi afg’on harbiylari mohirlik bilan jang qilib, himoyachilarga dalda berishadi. Dushman shaharga boradigan suv yo’llarini berkitib, Samarqand va O’ratepa darvozalaridan hujum qilishga kirishadilar. 15 oktabr kuni kechqurun Kapitan Mixaylovskiy 4 piyoda rota, 6 to’p va 2 mortira bilan Samarqand darvozasi ostonasidan joy oladi. Polkovnik Vorontsov-Dashkov qo’mondonligidagi 2 ta rota, 200 kazak va 4 to’p bilan shaharning janubi-g’arbiy burchagidan joy oladi. Rus qo’shinlari va himoyachi qo’shinlar o’rtasida qattiq janglar bo’lib o’tadi.
Jizzaxning qariyb 100 gektar yerini egallagan O’rda qal’asi mustahkam istehkomga aylantirilgan edi. Qal’a 9-10 mer baland devor bilan o’ralgan, atrofidagi chuqur xandaqlar suv bilan to’ldirilgan, qal’a devorining eni 4-5 metr bo’lib, otga qo’shilgan qo’qon aravadagi zambarak bemalol devor ustida harakatlana olardi. Shu bilan birga ko’pgina o’q otish tuynuklariga ega edi.
1866 yil 15 oktabrda bosh qo’mondon D.Romanovskiy va shtab boshlig’i V.Krijanovskiylar Jizzax shahar hokimi Olloyorbekka shaharni jangsiz topshirish haqida ultimatum yo’llaydi. Olloyorbek esa shahar oqsoqollari, lashkarboshilari bilan maslahatlashib, qo’mondonlik ultimatumiga Buxoro amiridan shaharni topshirish haqida ruxsatnoma olguniga qadar, hujum qilmasligini so’rab javob xati yo’llaydi. Rus qo’mondonligi Olloyorbekning bu hiylasidan xabardor bo’lib, 15 oktabr kuni shaharni qamal qilish va uni qurol kuchi bilan bosib olish uchun shaharning Samarqand, O’ratepa darvozalari atrofida turgan pokovnik Vorontsov-Dashkov, polkovnik Grigoryev qo’mondonligidagi qo’shinlarga Buxoro sarbozlarini tor-mor qilib, so’ngra Toshkent darvozasi atrofini butunlay egallab olish va zarba berish haqida buyruq beradi.
16 oktabr kuni erta tongdan jang boshlanadi. Polkovnik Vorontsov-Dashkov boshchiligidagi 2 rota, 200 kazak va 4 to’p shaharning janubi-g’arbiy tomoniga yuboriladi. 17 oktabr kuni ertalab dushman soldatlari O’ratepa va Samarqand darvozalari oldida devorni teshib, shaharning O’rda qal’asiga hujum boshlaydilar. Bu jangda Grigoryev, Vorontsov-Dashkov va Pistolkars qo’mondonligidagi soldatlar faol qatnashadilar.
Rossiya qo’shinlari O’rda qal’asini qo’lga kiritish uchun barcha kuchlarini safarbar qiladi. 17-18 oktabr kunlari Buxoro sarbozlari bilan rus qo’shinlari o’rtasida shiddatli janglar bo’ldi. O’rda qal’a darvozalari ichki va tashqi tomondan tuproq bilan berkitib qo’yilishi dushman qo’shinlariga qo’l keladi. O’rda ichida qamalib qolgan Buxoro sarbozlarini istilochilar ayovsiz qirib tashlaydilar.
Shuni aytish joizki, O’ratepa qirg’ini Jizzaxda to’kilgan qonlarga nisbatan birmuncha oz edi. O’ratepa qal’asida 4 ming kishi himoyada turgan bo’lsa, Jizzaxda 10 ming kishi himoyada turgan edi. O’ratepa qal’asida himoyachilarning ko’pchiligi qochishga ulgurgan bo’lsa, Jizzaxda darvozalar tuproq bilan to’silgani tufayli kamdan kam kishi qocha olgan edi. Buxoro sarbozlari Toshkent darvozasidan tashqariga chiqib, jang qilmoqchi bo’lganlarida pistirmada turgan dushman askarlari miltiqlardan o’q uzib, shahar himoyachilarini qirib tashlaydilar.
Rus muarrixlarining yozishicha, Toshkent darvozasida otliq askarlarning murdalaridan go’yo tog’ hosil bo’lib “Jizzaxda qon daryo kabi (krov lilos rekami) oqqan edi”. Istilochilarga qarshi jang yuz bergan voqealar ularni hayrat va dahshatga solgan edi. Rossiya jurnalistlaridan biri “Russkiy vestnik” gazetasida “shahar himoyachilarinig qahramonligiga va qattiq qarshiligiga tan berish lozim. Hatto qal’adagi bir guruh kishilar jangni davom ettirishga iloji qolmaganidan keyin porox omboriga kirishib, o’zlarini portlatib yubordilar. Bunday qilish uchun yuksak ma’naviyat, katta jasorat va matonat kerak bo’gan edi”, deb yozgan edi.
General Romanovskiyning e’tirof etishicha, Jizzax mudofaachilaridan 6 ming kishi o’ldirilgan, 2 ming kishi asir olingan. Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha esa, hayot-mamot jangida jizzaxliklardan 9000 jangchi, mahalliy tinch aholidan 1500 kishi halok bo’lib, 1500 ga yaqi kishi asirga tushib, ularning 600 tasi og’ir yarador bo’lgan edi. Buxoro amirining 18 lashkarboshisidan 16 nafari, jumladan, Olloyorbek devonbegi, Odil dodshoh, Adbusattor Inoq, Jo’yan To’qsoba, Husanbiy va Iskandarxon singari jasur lashkarboshilar Jizzaxni himoya qilishda mardlarcha halok bo’ldilar.
Jizzax shahri xonavayron qilinib, qo’lga olingach, general Krijanovskiy Jizzax komendanti etib tayinlanadi. Favqulodda holatlarning oldini olish uchun uning tasarrufida 10 ta rota askar, 10 ta to’p, 300 jangari kazak va boshqa qurol-yarog’lar qoldirildi.
Rossiya qo’shinlari Jizzaxni bosib olgach, polkovnik Abramov rahbarligidagi Orenburg o’qchi batalonining 2 ta rotasi, kazaklarning bir vzvodi, 100 askardan iborat, 4 ta to’p bilan qurollangan qo’shinlari 1867 yil 27 mayda Samarqandga qarab yurdilar. Bosqinchilar Ilono’ttidan o’tib, Ko’kgumbaz, Yangiqo’rg’on qal’alariga hujum qilib, ularni, kultepaga aylantiradilar. Jizzaxni bosib olishda faol qatnashgan Orenburg general-gubernatori Krijanovskiyning Rossiya imperiyasi harbiy vaziri D.N.Milyutinga 19 oktabrda yozgan telegrammasida: “Buxoro amirining Sirdaryo vodiysidagi so’nggi tayanchi Jizzax besh kunlik qamaldan so’ng, 18 oktabr kuni soat 12 da egallandi… 26 ta bayroq, 53 ta qurol va ko’p boyliklar qo’lga tushirildi. Bizning yo’qotishimiz, Xudoning irodasi bilan, 100 kishidan kamroq bo’lib, 4 zobitimiz yaralandi”, deb yozilgan edi.
Shu o’rinda Qo’qon xoni Xudoyorxonning o’z homiysi Buxoro amiriga nisbatan xoinona ish tutganini muarrixlar tarix sahifalariga yozib qo’yganligi diqqatga sazovordir. Xudoyorxon Xo’jand, O’ratepa va Jizzaxda minglab vatanparvarlar qonini to’kkan general D.Romanovskiyga tabir telegrammasi yo’llab: “Oq podsho bilan do’stlikni saqlab, turli bahonalar bilan Qo’qondan chiqmadim va o’z hududlarimni saqlash uchun 35 ming kishilik qo’shinni to’plab, Shaytonmuzgarda turdim. Shundan so’ng, Xo’jandda turgan amir Muzaffar o’z qo’shini va harbiy boshliqlarini olib, shahrni mutlaqo bo’sh qoldirganini eshitdim. Agar men Oq podsho bilan do’stlikni istamaganimda, qo’shinim bilan Shaytonmuzgarga qaytmasdan Xo’jandga kirar edim. Olloh yordamida Siz Xo’jandni zabt etdingiz. Buni eshitib ilgarigi do’stlikni mustahkamlash uchun Sizni g’alaba bilan tabriklayman!” deb yozgan edi. Biz nodon Xudoyorxon hali ham “Oq podsho bilan do’stlik” yaqin kelajakda o’lkada milliy davlatchilikni ham, uning sulolasini ham yer bilan yakson qilib tashlanishi, o’lka mustamlakaga aylantirilayotganini mutlaqo tushunib yetmagan edi.
Turkiston general-gubernatorligining tashkil topishi. Rossiya hukumati yangidan bosib olingan yerlarni boshqarish va bu harakatni yanada davom ettirishni muvofiqlashtirish maqsadida 1867 yil 11 iyulda Turkiston general-gubernatorligini ta’sis etdi va unga rus imperatori Aleksandr II bilan yaqin aloqada bo’lgan general Kaufman general-gubernator etib tayinlanadi va unga mustaqil ravishda urush e’lon qilish, sulh tuzish va unga mustaqil ravishda urush e’lon qilish, sulh tuzish va boshqa vakolatlar beriladi.
Turkiston general-gubernatori K.P.Kaufman tez orada Samarqand va Kattaqo’rg’onni bosib oladi. Buxoro amiri qo’shinlarini tor-mor etadi. Keyin Xiva xonligi va Qo’qon xonligi qo’shinlarini tor-mor etib, katta hududlarni bosib oladi. Buxoro va Xiva xonlari Rossiya imperiyasi vassallariga aylantiriladi, Kaspiyorti yerlari ham bosib olinadi. Qo’qon xonligi tugatilib, Turkiston general-gubernatorligi tarkibi kiritiladi.
1867 yilda tasdiqlangan “Turkiston o’lkasini boshqarish tartibi haqida vaqtli Nizom”ga muvofiq, Turkiston o’lkasi Rossiya imperiyasi tomonidan viloyatlarga, viloyat uyezdlarga, uyezdlar uchastkalarga bo’linib idora qilinadi. Viloyatlarga geneal, uyezdlarga polkovnik, uchastkalarga Kapitan darajasidagi zobitlar boshqaruvchi qilib tayinlanadi. Vosqinchilik yurishlari natijasida Turkiston general-gubernatorligida besh viloyat: Farg’ona, Sirdaryo, Samarqand, Kaspiyorti va Yettisuv viloyatlari tashkil etiladi. Samarqand viloyatida Samarqand, Kattaqo’rg’on, Xo’jand va Jizzax uyezdlari tashkil qilinadi.
Jizzax uyezdi XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Samarqand viloyatining uyezdlaridan biri hisoblanib, 20 ta volostdan iborat edi. Uyezd shimoldan Sirdaryo, sharqdan Dashkat dovoni, janubi-g’arbdan Qorachatog’, g’arbdan Qizilqum cho’li bilan chegaralangan edi. O’sha davrda Jizzax uyezdining maydoni 43420 kvadrat verst (verst-1,06 km), aholisi 222683 kishini tashkil qilgan edi.
Qulay geografik hududda joylashgan Jizzax shahri Turkiston general-gubernatorligining buyrug’i bilan Jizzax uyezdining ma’muriy markazi etib belgilandi. O’rta Osiyo va Qozog’iston shaharlarida bo’lganidek, XIX asrda Jizzaxda ham savdo munosabatlari va hunarmandchilik biroz rivojlanishiga qaramay, mehnatkash aholining ahvoli nochor edi. Jizzax shahriJizzax uyezdining ma’muriy markaziga aylantirilishi munosabati bilan shahar Yangi va Eski shaharga bo’linib idora qilindi. Mahalliy aholi Yangi shahar deb belgilangan hududdan ko’chiriladi. Yangi shaharda rusiyzabon harbiylar, zobitlar, savdogarlar, rus amaldorlari istiqomat qiladigan yevropacha uy-joylar, madaniy-maishiy binolar quriladi. Yangi shaharda Jizzax uyezdi ma’muriy binosi, nasroniy – pravoslav cherkovi, rusiyzabon bolalar o’qiydigan gimnaziya, uyezd mahkamasi binosi, hozirgi “Ko’kbozor” hududida ham rus amaldorlari uchun bir qancha turar-joy binolari, harbiy garnizon uchun kazarma (qizil kazarma), mahbuslarni qamash uchun turma binosi qurilib ishga tushiriladi. Yangi shahardagi ko’chalar elektr energiya bo’lmaganligi uchun kechalari har yer-har yerda o’rnatilgan fonarlar yordamida yoritilar edi.
Turkiston general-gubernatori Fon Kaufman juda katta huquqlarga ega bo’lib, oddiy xalq orasida “yarim podsho” deb atalib, u bir vaqtning o’zida o’lka bosh hokimi, harbiy okrug qo’mondoni, bosh prokuror va bosh mirshab vazifalarini bajargan. Shuningdek, u xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar olib borish, soliq tizimini belgilash, kishilarga Rossiya fuqaroligini berish, mahalliy aholi ustidan chiqarilgan turli xil sud hukmlarini ijro etishga ruxsat berishdek cheklanmagan huquqlarga ega edi. “Turkiston o’lkasini boshqarish tartibi haqidagi vaqtli Nizom” qonuni chor ma’muriyatining mustamlakachilik siyosati manfaatlariga mos kelmasligi sezila boshlagach, K.P.Kaufman, Rossiya imperatoriga Turkiston o’lkasini boshqarishning yangi Nizom loyihasini taqdim etadi. Yangi Nizom 1886 yil 12 iyunda imperator Aleksandr III tomonidan tasdiqlanadi. Nizomning asosiy g’oyasiga ko’ra, Turkistonda o’lka boshqaruvi yanada mustahkamlanib, o’lka yerlari avvalgidek harbiy vazirga bo’ysundirilishi ko’zda tutilgan edi.
XIX asrning 90 yillariga kelib, Turkiston general-gubernatorligi Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand, Yettisuv, Kaspiorti viloyatlariga, viloyatlar esa uyezdlarga, volost va oqsoqolliklarga bo’linib boshqariladigan bo’ldi. Turkistonning barcha viloyatlarida harbiy gubernatorlik boshqarmalari ta’sis etilib, viloyat harbiy gubernatorlari general darajasidagi harbiy ofitserlardan bevosita podsho tomonidan tayinlanadigan bo’ldi. Viloyatlar tarkibidagi uyezd boshlig’i Rossiya armiyasinign yuqori lavozimlardagi (polkovnik darajasidagi) zobitlaridan iborat bo’lib, viloyat harbiy gubernato tavsiyasi bilan Turkiston general-gubernatori tomonidan tayinlanar va faoliyat ko’rsatardi.
Uyezd tarkibiga kiruvchi uchastkalarni boshqarishga shtabs-kapitan unvoniga ega bo’lgan zobitlar tayinlanar edi.
Jizzax uyezdi boshlig’i – pristavi lavozimiga polkovnik V.N.Ryabushkin Samarqand viloyati harbiy gubernatori tomonidan tayinlanadi. V.N.Ryabushkin boshqa uyezd boshliqlari kabi Jizzax uyezdining ma’muriy, politsiya, harbiy hokimiyatlarini o’zida mujassimlashtirgan edi. U odamlarga jarima solish, 7 kungacha hibsda saqlash huquqiga ega bo’lgan. Shuning uchun uyezd boshliqlari “Hokim to’ra” deb ham atalgan.
Jizzax uyezdi Jizzax shahri va bir necha uchastkalarga bo’linib boshqarilgan. Masalan, Zomin uchastkasiga Kapitan Glinitskiy, Bog’don uchastkasiga Kapitan Borilda tayinlangan. Uchastkalar volostlarga bo’lingan. Masalan, Bog’don uchastkasi Bog’don, Sintob, Qoratosh, Forish kabi volost (bo’lis)larga, bo’lislar esa oqsoqolliklarga bo’lingan. Har bir uchastka (tuman) uyezd (tuman) o’z tarkibidagi shahar va qishloqlari bilan uyezd boshlig’i (pristavi)ga bo’ysungan. Uyezd boshliqlariga mahalliy aholidan istalgan odamga jarima solish va 3 kungacha hibsda saqlash huquqi berilgan edi.
Jizzax uyezdi boshqaruvi. Turkistonning boshqa joylarida bo’lgani kabi mahalliy aholiga nisbatan zo’ravonlik, adolatsizlik, qalloblik, poraxo’rlik kabi illatlar kundalik hayotning odat tusiga kirib qolgandi. Shahar hokimligiga, volost boshlig’i (mingboshi) va oqsoqollari (yuzboshi, ellikboshi) lavozimlariga “saylov” usuli joriy qilingan edi. Turkistonning boshqa yerlarida bo’lgani kabi Jizzax uyezdida ham “saylov”lar nomigagina o’tkazilib, faqat badavlat kishilar volost boshlig’i, (mingboshi), qishloq oqsoqoli (yuzboshi va ellikboshi) lavozimiga katta mol-mulkka ega bo’lgan Eshbek Turotboyev, Toshtemir Muhammadiyorov, Yo’ldosh Qarshiboyev, Hasan Tog’aymurodovlar saylangan edilar.
Mahalliy aholining shikoyat-arizalari, fuqarolik va jinoyat ishlarini shariat qonunlari asosida ko’rib chiqish uchun qozixonalar qurilib, mulkdor kishilardan qozilar saylangan. Qozilar ham mahalliy aholini tutqunlikda tutib turishda Rossiya hukumatiga xizmat qilishga majbur edi. Jizzax shahrida G’iyos so’fi Mahsumov, Muhammad Yusupov, Muso qori Muhammadiyorov va boshqa qozilar hukumatga sadoqatli mehnatlari uchun orden va medallar bilan taqdirlangan edilar.
Turkiston general-gubernatorligi boshqaruvi o’lkani ruslashtirish va iqtisodiy qaramlikni yuzaga keltirishga xizmat qildi. 1886 yilgi “Nizom”da rus aholisini Turkistonga ko’chirib keltirish yo’li bilan o’lkani ruslashtirish siyosati qonunlashtirib olindi. Jizzax shahri va uning atrofidagi eng yaxshi sug’oriladigan yerlar ko’chirilib keltirilgan Rossiya aholisiga mansub kishilarga; zobit, savdogarlarga mulk qilib beriladi. Bu yerda istiqomat qilgan mahalliy aholi esa majburan ko’chirilib yuboriladi.
Rossiyadan ko’pgina kishilar ma’muriyat ruxsatisiz o’lkaga ko’chib kela boshladi. 1875-1890 yillar mobaynida 100 oila ko’chib kelib, 19 ta rus qishloqlari tashkil etilgan bo’lsa, 1906-1913 yillar mobaynida Turkistonda va Jizzaxda 116 ta rus qo’rg’oni barpo etildi.
Jizzax shahar hududidagi eng yaxshi sug’oriladigan yerlar, hozirgi Baxmal va G’allaorol tumanlari tog’oldi hududlaridagi unumdor yerlar ko’chmanchilarga ajratib berilib, qurol-yarog’ bilan ta’minlandi. Ular ma’muriyat uchun zaxira qo’shin bo’lib, harbiy ma’muriyatning birinchi chaqiruv-xabarini olishlari bilanoq tayinlangan joyga darhol yetib kelishga majbur edilar.
Rossiyadan ko’chirib keltirilganlarga katta imtiyozlar berildi. Ularning joylashishi, dehqonchilik qilishlari uchun ko’p miqdorda mablag’ ajratildi, o’zlarini o’nglab olgunga qadar bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab turildi. Mirzacho’lda yangi tashkil topgan rus qishloqlari aholisi mahalliy aholiga nisbatan ancha ko’p ekin maydonlariga ega bo’ldi. Ma’lum davrgacha ular soliqlardan ozod etildi, natijada qisqa vaqtda ishlab chiqarishning texnikaiy zaminini yaxshilab oldilar. Bunday imtiyozlar Rossiya imperiyasi ma’murlari uchun O’rta Osiyoga yanada ko’proq aholini ko’chirib keltirish Rossiyada tobora chuqurlashib borayotgan ichki ziddiyatlarni hal etishning birdan bir yo’li edi. Turkistonda rusiyzabon aholining ko’payishi Rossiya uchun harbiy va siyosiy tayanch bo’ldi. Ular ayni paytda mahalliy xalqlarning mustamlakachilik tuzumiga qarshi bo’lgan harakatlarini bostirib turishga xizmat qildi.