KABISA YIL

KABISA YIL (Arabcha — to’liq) — oddiy yildan bir kun (Fevral oyida) ortiq bo’lgan kalendar yil. Bunda 4 ga qoldiqsiz bo’linadigan yil Kabisa yildir (faqat ikkita nol bilan tugab, 400ga bo’linmaydigan yil bundan mustasno. Masalan, 1700, 1800, 1900, 2100 yillar Kabisa yil emas). Qadimgi Eronda yil 365 kunli (12 oy 30 kundan va yana qo’shimcha 5 kun) bo’lib, har 120 yilda bitta qo’shimcha oy kiritilgan. Umar Xayyom kalendarida har 33 yilning 8 yili (4, 8, 12, 16, 20, 24, 28 va 33-yillari) Kabisa yil hisoblanadi. Bunda har 4500 yilda bir sutkaga teng xato yig’iladi. Bu esa hozir qo’llaniladigan Grigoriy kalendaridan ham aniqroq.