KADR
KADR (Fransuzcha cadre — rom) — 1) Surat, fotoplyonka yoki fotoqog’ozga tushirilgan tasvirdan bir ko’rinish. Kadrning chegarasi, tasvir ko’lami, tuzilishi, Suratga olinadigan vaqti va boshqalar undan kuzatilgan maqsadga muvofiq belgilanadi; 2) kinokadr — kinoapparat b-n suratga olingan voqea (harakat, holat)ning kino- plyonkadagi bir ko’rinishi. Rejissyor va operator ko’zda tutgan har bir Kadr (suratga olinayotgan ko’rinish) asar g’oyasiga, mazmuniga xizmat qiladi, g’oya va mazmunni ifodalaydi; 3) montaj kadri — filmning tarkibiy qismi, biror harakatning tasvirdagi ma’lum holati; 4) stsenariy kadri — suratga olish ko’zda tutilgan holatning tavsifi; 5) teleko’rsatuv kadri — televizor ekranidagi tasvir.