Kallapo’sh
Kallapo’sh, ko’k kallapo’sh — ertapishar qovun navi. Shakli sal yalpoq, uzunligi 15-21 santimetr, og’irligi 2,5—3,5 kilogramm. Sirti tilim-tilim, tilimlari orasidagi yo’llari uncha botiq emas. Rangi oqish yashil, yashil xollari bor; po’stining qattiqligi o’rtacha. Etining qalinligi 5-5,5 santimetr, tig’iz, xushta’m, shirin. Tarkibida 6,2—8,6% qand, shu jumladan, 2,6—5,2% saxaroza, 8,1 — 11,4% quruq modda mavjud. Urug’lari butun urug’xonani to’latib turadi. Urug’idan unib chiqqandan keyin hosili 70-75 kunda pishadi. Quritilganda ko’p qoqi tushadi, qoqisi yuqori sifatli bo’ladi. Hosildorligi 180-250 ts/ga. Zarafshon vodiysida keng tarqalgan. Xorazm, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari uchun rayonlashtirilgan.