Kamon, kamalak, yoy, o’q-yoy

Kamon, kamalak, yoy, o’q-yoy-mezolit davrida (miloddan avvalgi 10-5 ming yillik) ibtidoiy ovchilar tomonidan ixtiro qilinib, XVII asrgacha, ba’zi joylarda XX asrgacha qo’llanilgan ov va jang quroli. Kamonning ixtiro qilinishi kishilik tarixida ulkan yutuq bo’lgan. Kamon 2 qismdan iborat: egma cho’p; tirkash. Kamonning egma cho’pi sariq tol, sambit, yovvoyi jiyda va jing’il shoxidan yasalib, uning ikki uchiga ba’zan suyak yoki qimmatli metal qoplangan. Kamonning tirkashi, asosan, paydan qilingan. Kamonning 2 xili mavjud: oddiy Kamon; murakkab Kamon. Oddiy Kamon yarimdoira shaklida. Murakkab Kamon esa yoyilgan qo’sh qanot shaklida. Murakkab Kamon asrlar davomida takomillashib borgan. Asosan, Sharq xalqlari qo’llagan. Murakkab Kamon O’rta Osiyo xalqlarida miloddan avvalgi 1-mingyillikdan ma’lum. U O’rta Osiyo xalqlari harbiy texnikasida so’nggi o’rta asrlarga qadar eng muhim jangovar qurol vazifasini bajarib kelgan. Xunlar davrida (miloddan avvalgi III asr) turkiy qavmlar Kamon o’qini otganda xushtak tovushini eslatuvchi yangi turini ixtiro etishgan. Manbalarga ko’ra, o’rta asrlarda Kamon o’qi 500-600 metrdan ziyod masofaga yetgan.