KANT GIPOTEZASI
KANT GIPOTEZASI, astronomiyada — nemis faylasufi I. Kant Quyosh sistemasining paydo bo’lishi haqida yaratgan gipoteza (1755). Unga ko’ra, dastlab olam gaz va chang bulutlaridan iborat bo’lib, vaqt o’tishi bilan butun olam tortishish qonuniga ko’ra, gaz-chang zarralari o’zaro tortishib, nisbatan zich bulutlarni shakllantirgan. Keyinchalik ulardan Quyosh va sayyoralar paydo bo’lgan. Bu gipoteza, bir qarashda to’g’ridek tuyulsada, o’sha davrda uni gazlarning kinetik nazariyasi, termodinamika va atom nazariyasi asosida qarashga imkon bo’lmaganligi uchun jiddiy kamchiliklarga ega bo’lgan (gipotezada «zarralar» haqida gapiriladi, biroq Kant davrida gazlar atom va molekulalardan tashkil topganligi va ularning changlardan farqi ma’lum emas edi).