KANZAS-SITI
KANZAS-SITI – AQShning markaziy qismidagi shahar, Missuri shtatida, Kanzas daryosining Missuri daryosiga quyilish yerida. Aholisi 441,5 ming kishi (2000). Transport yo’llari tuguni. Qishloq xo’jaligi rayonining muhim savdo markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari — oziq- ovqat, metallsozlik. Po’lat quyish, mashinasozlik, radioelektronika, neftni qayta ishlash, kimyo, yog’ochsozlik, poligrafiya sanoati korxonalari, universitet bor. Shaharga 19-asrda asos solingan. Amalda Kanzas-Siti Kanzas shtatidagi xuddi shunday nomlanuvchi shahar bilan birlashib ketib, 1,5 milliondan ortiq aholiga ega bo’lgan aglomeratsiyani tashkil etadi.