Karimxon, Zand, Muhammad
Karimxon, Zand, Muhammad (1704/5 — 1779) — Erondagi zandlar sulolasi asoschisi. Uzoq davom etgan ichki nizolardan so’ng Eronni (Xurosondan tashqari) birlashtirgan va vakil nomi bilan hokimiyatni yolg’iz o’zi boshqargan (1760-79). Urushlarda vayron bo’lgan Eronni yuksaltirish maqsadida sug’orish tizimlarini tiklagan, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoni (Ost-Indiya kompaniyasi bilan 1763 yilgi savdo bitimi) rivojlanishiga homiylik qilgan; dehqonlardan olinadigan soliqarni kamaytirishga, mulkdorlarning zo’ravonligini cheklashga harakat qilgan. Sherozni mamlakat poytaxtiga aylantirgan (1760), bu yerda saroy, masjid, bozor, karvonsaroylar qurilgan. Hofiz va Sa’diy Sheroziy maqbaralari qayta tiklangan.