KAVENDISH (CAVENDISH) GENRI
KAVENDISH (CAVENDISH) GENRI (1731.10.10, Nissa — 1810.24.2, London) — ingliz fizigi va kimyogari. London Qirollik jamiyati a’zosi (1760 yildan). Kembrij universitetini tugatgan (1753). Hayotining ko’p qismini tanholikda o’tkazib, butun faoliyatini fanga bag’ishlagan. Ishlari gazlar kimyosi, elektr, amaliy fizikaga oid. Vodorod gazini toza ko’rinishda olgan (1766), havodagi kislorod miqdorini (1781) va suvning kimyoviy tarkibini aniqlagan (1784) hamda sun’iy yo’l bilan suv olish mumkinligini ko’rsatgan. Elektr zaryadlarning o’zaro ta’sirini o’rganib, Kulon qonunini avvaldan aytib bergan (1771). Kavendish fanga elektr sig’imi tushunchasini kiritgan. Kondensator sig’imita muhitning ta’sir etishini kashf qilgan, bir necha moddalarning dielektrik Singdiruvchanligini aniqlagan. Gravitasion doimiyni, yer massasini va uning o’rtacha zichligini aniqlagan (1798). 1881 yilda Kembrij universiteti qoshidagi fizika Laboratoriyasi Kavendish nomiga qo’yilgan. Keyinchalik bu laboratoriya fizika, biologiya va boshqa fanlar tadqiqotlari bo’yicha jahonning yetakchi ilmiy tadqiqot markaziga aylandi.