Kavkaz tillari

Kavkaz tillari (Iboriy-Kavkaz tillari) — Kavkazdagi 50 ga yaqin tillarning majmui. Shartli ravishda Kavkaz tillari deb ataladi. Kavkaz tillari Shimoliy Kavkaz, Turkiyada va kichik guruhlari Suriya, Eron va ba’zi Yaqin Sharq mamlakatlarida tarqalgan. Kavkaz tillari 3 guruhga bo’linadi: abxaz-adigey (G’arbiy Kavkaz), kartvel (Janubiy Kavkaz) Vanax-Dog’iston (Sharqiy Kavkaz). Kavkaz tillaridan 12 tasi (gruzin, abxaz, abazin, adigey, Kabardin-cherkas, chechen, ingush, avarlak, Dargin, lazgin, tabasaran) o’z yozuviga ega. Ulardan faqat gruzin tili ko’p asrlik adabiy an’anaga ega bo’lib, uning qadimgi yodgorliklari miloddan avvalgi 5-asrga oid. Boshqa Kavkaz tillari yozuvi 14 — 16-asrlarda yaratilgan. Abxaz-adigey tillarida undosh tovushlar ko’p. Otlarning turlanishi kam rivojlangan, fe’llarning tuslanishiga boy. Kartvel tillari undoshlarga boyligi, fe’l nisbatlari borligi va ergashgan qo’shma gaplarning turlari rivojlangani bilan ajralib turadi. Nax-Dog’iston tillarida ham undosh tovushlari ko’p, kelishiklar ancha rivojlangan (ba’zan 40 taga yetadi). Kavkaz tillari o’rtasidagi genetik aloqalar aniq emas. Ba’zi olimlar ularni qarindosh deb hisoblasa, boshqalar buni inkor etadi. Kavkaz tillari Ispaniyadagi bask tiliga, shuningdek, qadimgi Yaqin Sharqdagi ba’zi xurrit-urart tillari bilan qarindosh bo’lgan, degan taxminlar bor. Ayrim olimlar esa Kavkaz tillarining fonologik va grammatik xususiyatlarini hind-Yevropa tillariga qiyoslash asosida ular qadimgi bir oilaga Birlashgan, degan fikrni aytadilar.