KAVSH QAYTARUVCHILAR

KAVSH QAYTARUVCHILAR, kavshovchilar (Ruminantia) — juft tuyoqli sut emizuvchilar kenja turkumi. Ko’pchiligining oshqozoni to’rt bo’lim: katta qorin, tur qorin, qatqorin va shirdondan iborat; ba’zi bir Kavsh qaytaruvchilarda qat-qorin yo’q. Yaxshi chaynalmagan oziq katta qoringa, bu yerda maydalanib, to’r qoringa va so’ngra qayta chaynash uchun og’izga qaytariladi. Kavsh qaytaruvchilarda oziq tishlar jag’da chuqur o’rnashgan, yuqori jag’ida kurak tishlar yo’q. Oyoqlarining 3 – va 4 – barmoqlari ancha kuchli rivojlangan. Kavsh qaytaruvchilar 5 oila 76 urug’ga mansub 180 turni o’z ichiga oladi. Kavsh qaytaruvchilarning yovvoyi turlari. Avstraliya, Madagaskar va Antil orollaridan tashqari, hamma yerda tarqalgan. O’rta Osiyoda muflon, alqor, sayg’oq, jayran, morxo’r va boshqalar uchraydi. Xo’jalikda katta ahamiyatga ega; asosiy chorva mollari sifatida go’shti va suti uchun boqiladi; yovvoyi turlari go’shti va terisi uchun ovlanadi.