Kent

Kent — katta qishloq, shahar. Sug`d yozuvida va arab geograflarining asarlarida kat (kas) shaklida qayd qilingan va «uy» ma’nosini anglatgan. K- (kat) qadimiy atamalardan bo`lib, butun O`rta Osiyoda, shuningdek Sharqiy Turkistonda, Eron va Afg`onistonda ko`plab joy nomlari tarkibida uchraydi. Kat eroncha, to`g`rirog`i, sug`diycha bo`lib, dastlab bir oila yoki bir necha oila yashaydigan va devor bilan o`ralgan hovlini anglatgan. Kat hind-yevropa, fin-ugor, mongol tillarida ham turli shakllarda ishlatiladi (ukraincha xata so`zi ham kat so`zidan olingan). Kent so`zi joy nomlari tarkibida kan, kand, kat shakllarida ham saqlanib qolgan. Kent shahar nomlari tarkibida ham va qishloq nomlari tarkibida ham uchraydi. Masalan, arab geograflarining asarlarida Iloqda, ya’ni Ohangaron vodiysida tilga olingan 14 shahar va qishloqdan 7 tisa, Choch, ya’ni Toshkent atrofida qayd qilingan 27 shahar va qishloqdan 14 tasi kat so`zidan tarkib topgan. Hozirgi davrda joylarga nom qo`yishda kent so`zidan kam foydalaniladi.