KINO TARMOG’I

KINO TARMOG’I — aholini kino xizmati bilan ta’minlovchi madaniyat, tomosha muassasalarining umumiy nomi. O’zbekistonda Kino tarmog’i kinoteatr, kinolashtirilgan klublar, qishloq doimiy kino qurilmalari va ko’chma kinolardan iborat. Davlat (shaharlar, tuman markazlari, qishloq va boshqa joylardagi davlat kinoteatrlari, jamoa xo’jaliklari klublari, ko’chma kino qurilmalari, filmlarni ijaraga beruvchi idoralar, kinostudiyalar, filmdan nusxa quchiruvchi fabrikalar, filmlarga reklama tayyorlovchi bo’limlar) va kasaba uyushmalari (shahar va qishloqlardagi klublarda, madaniyat uylari va saroylari, dam olish maskanlarida kasaba uyushmalari ixtiyoridagi kino tarmoqlari) tomonidan boshqariladi. Panoramali, stereoskopik, aylana kinopanoramali, shuningdek, statsionar va ko’chma kinoqurilmalar bor. O’zbekistonda davlat kinoqurilmalarining soni 5 mingga yaqin (2002). Bundan tashqari, kasaba uyushmalari va muassasalar (shu jumladan, jamoa xo’jaliklari) ixtiyorida ham anchagina kino qurilmalar mavjud.