KISANGANI

KISANGANI (1966 yil iyulgacha Stenlivil) — Kongo Demokratik Respublikasidagi shahar. Yuqori Kongo provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 418 ming kishidan ziyod (1990- yillar o’rtalari). Kongo daryosi bo’yidagi port. Avtomobil yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Muhim savdo-taqsimot va sanoat markazi. Qishloq xo’jalik mahsulotlarini dastlabki ishlash (paxta tozalash, sholi oqlash va boshqalar), oziq-ovqat, to’qimachilik, kimyo, yog’ochsozlik lak-bo’yoq korxonalari, universitet bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Shaharga 1883 yilda asos solingan.