KISLOROD YOSTIQ

KISLOROD YOSTIQ — kisloroddan nafas olish uchun mo’ljallangan maxsus moslama. Kislorod yostiq to’rtburchak shaklda bo’lib, rezinalangan matodan yasaladi; jo’mrak va mundshtuk ulangan rezina naychasi bor. Yostiqqa 10 l kislorod sig’adi, u dorixonadagi kislorod balonidan to’ldirib olinadi. Bemorga berishdan oldin yostiqqa jild kiygiziladi yoki toza choyshabga o’raladi; mundshtukka suv bilan ho’llangan toza doka yopiladi va bemorning og’ziga tutiladi, keyin jo’mragi ochiladi. Mundshtukni ishlatishdan oldin qaynatish yoki spirt bilan artish lozim. Kislorod yostiqni faqat vrach buyuradi, undan nafas oldirish chog’ida biror noxush alomatlar paydo bo’lganda, kislorod berish darhol to’xtatiladi.