KIYINISH MADANIYATI TARBIYA ORQALI SHAKLLANADI

…Xo‘sh, aslida ham «moda» yoshlarimizni buzayaptimi? Ularning milliy an’analarimizga xos kiyinishlariga nima to‘sqinlik qilayapti? Yoki modani taqiqlash kerakmi? Umuman, moda tushunchasi nima? Ularning tashabbuskorlari kim? Kiyinish madaniyati o‘zgarishi yoki buzilishiga faqat yangilikka o‘ch yoshlar sababchimi? …
Libos – inson ziynati. Davrlar, zamonlar yangilangani sari liboslar o‘zgarib boradi. Bir-biridan rang-barang, uzun-kalta, tor-keng, dabdabali-ko‘rimsiz, qimmat-arzon liboslar. Ko‘pchilik uchun bu liboslarning yarashgani, o‘ziga munosibligi, yoshiga, qomatiga, kiyadigan davrasiga to‘g‘ri kelish-kelmasligi muhim emas. Yangi chiqqan narsa, albatta, kiyilishi kerak, tamom. «Moda»ning talabi shu.
So‘nggi paytlarda yoshlarimizning kiyinish madaniyati haqida juda ko‘p gapirilyapti. Ularning aksariyatida yoshlar sha’niga nisbatan keskin, e’tirozli fikrlar bildirilayapti. Ayrim yigit-qizlarning ko‘r-ko‘rona moda izidan quvishi, ularning kiyinishi milliy an’analardan uzoqlashayotgani, tor, kalta, ochiq kiyimlarga qiziqish borgan sari ortayotgani, bu odatlar o‘zbekchilikka zidligi tan­qid ostiga olinmoqda. Albatta, bunday munosabatda jon bor. Haqiqatan ham oxirgi vaqtlarda yoshlarning kiyinishi mislsiz darajada o‘zgardi. Vaziyatning bunday tus olishi kishini o‘ylantiradi.
Xo‘sh, aslida ham «moda» yoshlarimizni buzayaptimi? Ularning milliy an’analarimizga xos kiyinishlariga nima to‘sqinlik qilayapti? Yoki modani taqiqlash kerakmi? Umuman, moda tushunchasi nima? Ularning tashabbuskorlari kim? Kiyinish madaniyati o‘zgarishi yoki buzilishiga faqat yangilikka o‘ch yoshlar sababchimi? Mazkur muammoga oydinlik kiritish maqsadida fikr-mulohazalarimizni aytib o‘tsak.

Avvalo, kiyim-kechak inson hayotida qanday rol o‘ynaydi? Savolning bunday qo‘yilishi bejiz emas. Chunki har bir inson o‘zi kiyayotgan kiyimning foyda-zararini, qanday matodan tikilganini, kerak bo‘lsa, tarixi va ahamiyatini bilishi lozim. Hech kim hech qachon to‘g‘ri kelgan matoni ustiga ilib ketavermaydi. Kiyinishning inson ruhiyati, fe’l-atvori, kayfiyati, tarbiyasi, did-farosati bilan bog‘liq jihatlari bor. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, kiyinish, shuning­dek, urf ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Kishilik jamiyatida kiyim-libos qachon paydo bo‘lganligi haqida yakuniy to‘xtamga kelinmagan.
Dastlab teri va jundan mato to‘qish va tikishni o‘rgangan odamzod, keyinchalik paxta va ipak tolalarining paydo bo‘lishi bilan liboslarga qulaylik va go‘zallik baxsh etdi. Demak, inson tafakkurining rivojlanishi uning libosiga ham madaniylikni olib kirdi.
Ajdodlarimizning kiyinish madaniyatiga nazar solsak, liboslari, zebu ziynatlari o‘ziga xos, rang-barang bo‘lganligini ko‘ramiz. Umuman, har bir davr libosi—o‘sha zamon madaniyatining ma’lum ma’nodagi ko‘zgusi hisoblangan. Ya’ni, libosga qarab har bir davr kishilarining kiyinish odobi, madaniyati xususida fikr yuritish mumkin. Qolaversa, bir mamlakat yoki millatning kiyinish madaniyatida boshqa bir xalq madaniyatining ta’siri, albatta, seziladi.
Vaqt o‘tib, faqat liboslargina emas, shu bilan birga bosh kiyim, poyabzal, zebu ziynatlar, soch turmaklash, pardoz qilish — hammasi birgalikda kostyum ansambliga aylandi. «Kostyum» so‘zi frantsuz tilidan olingan bo‘lib, inson tashqi ko‘rinishining, kiyinishning butun bir tizimi — sistemasini anglatadi. Ana shu kostyumlar bugungi kunda ma’lum shaxslar, ijodkorlar, ya’ni modelerlar, libos dizaynerlari tomonidan yaratiladi. Bu kostyumlar ham ijod mahsuli hisoblanadi. Hozirgi paytda liboslar sanoati bilan shug‘ullanuvchi «Kristian dior», «Versache», «Pol Makkarti», «Shanel» kompaniyalarining mahsulotlari dunyo bozorida eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Uni urfga, odatda el nazariga tushgan kishilar, ya’ni kiyim namoyish qiladigan manekenlar, mashhur artistlar, qo‘shiqchilar, sportchilar olib kiradilar. Boshqalar, ayniqsa, shunday kishilarning ixlosmandlari o‘z-o‘zidan ularga ergashadilar. Qarabsizki, o‘sha kiyim rusumi ko‘chaga chiqadi. Misollarga murojaat qilsak, Rossiya estrada yulduzi Alla Pugachevaning kiygan liboslari yoki soch turmaklashi 70—80-yillarda butun ayollarning urfi-modasi bo‘lgan yoki Madonna, Patrisiya Kass, Uitni Xyuston, Britni Spirs kabi qo‘shiqchilarning kiyinishlariga Yevropa va Amerikada e’tibor katta. Basketbolchi Maykl Jordan, futbolchi Ronaldo, qo‘shiqchilar Tarkan, Sting yoki boshqalar kiygan kiyim tez orada yoshlar orasida urfga aylanadi.
Uzoqqa bormaylik, o‘zimizda ham shunday holatlarni kuzatish mumkin. Qo‘shiqchilar, ayniqsa, bu borada haqiqiy «jarchilar»dir. Ularning kiygan kiyimlari, soch turmaklashlari tez orada muxlislar tomonidan o‘zlashtiriladi. Xulosa qiladigan bo‘lsak, ma’lum bir davrda paydo bo‘lgan va urfga aylangan kiyinish uslubi bu — modadir.
Modani ikkiga bo‘lish mumkin. Birinchisi, tor doirada, ya’ni mahalla, qishloq, shahar ­miqyosida hamda ikkinchisi, keng doirada mamlakat, dunyo miqyosidagi modalar. Tor doiradagi liboslarda milliy o‘ziga xoslik ustun bo‘ladi. Keng doirada, ya’ni butun dunyoda urf bo‘lgan kiyinish ma’lum mamlakatda paydo qilinsa-da, unga boshqa mamlakatlarning ta’siri ham bo‘ladi.
Bugungi kunda turli mamlakatlarda paydo bo‘layotgan har qanday liboslar, kostyumlar tez orada dunyo miqyosida urfga aylanyapti. Buning sababi nimada? Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, urfga aylanayotgan kostyumni targ‘ib qiluvchi vositalarning hozirgi paytda kuchli taraqqiy etgani, ya’ni sun’iy yo‘ldoshlar, ommaviy axborot vositalari, internet orqali jahonda paydo bo‘layotgan kiyinish yangiliklari haqida axborotga ega bo‘lish. Ikkinchisi, hozirgi paytda erkinlikka intilish hamda madaniyatlarning o‘zaro yaqinlashuv jarayoni bilan bog‘liq. Muammolar umumiylashmoqda. Bu hodisa o‘z navbatida madaniyatga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Masalan, Braziliyada paydo bo‘lgan kiyinish G‘arbda ham, Sharqda ham bir xil qabul qilinayapti.
Bugungi yoshlarimiz juda qiziquvchan, yangilikka o‘ch. Ular har bir voqea-hodisani e’tiborsiz qoldirmaydilar. Ayniqsa, dunyoda paydo bo‘layotgan modalar hamisha ularning diqqat markazida.
…Farzandlarim bilan bozorga kiyim-kechak xarid qilgani borgandik. Kichik o‘g‘lim tinmay Amerika bayrog‘i yoki burgut va yoxud boshqa timsollar aksi tushirilgan to‘rtburchak kichkina ro‘moldan («pandu», deb nomlanar ekan) olib bering, deb xarxasha qilaverdi. «O‘g‘il bola ro‘molni nima qiladi», desam, «Shohruh repper ro‘mol o‘rab ustida kepka kiyib yuradi» deydi. Jahlim chiqdi. Ammo ikki kundan keyin o‘g‘limning maktabiga bayram tadbiriga borsam, sinfdosh o‘rtoqlari bozorda ko‘rgan ro‘moldan o‘rab, ustidan kepkani bostirib, qo‘llariga qo‘lqoplarni kiyib, ashula aytishdi. Hech narsaga tushunmadim. Lekin bolalarning qiliqlari, o‘zlarini tutishlarini ko‘rib, kattalar kulishdi. Nahotki, bayram tadbirini tayyorlagan ustozi uning mazmuni, ta’siriga e’tibor bermagan bo‘lsa? Demak, kiyimning ahamiyati, mazmunini bolalarimizga biz ota-onalar, ustozlari tushuntirishimiz kerak ekan.
Qayd etish kerakki, modalarning rivojlanishi va tarqalish darajasi baland. Eng qizig‘i, modalar bir mamlakatdan ikkinchisiga emas, balki bir paytning o‘zida dunyoga tarqalayapti. Bu albatta, tsivilizatsiyaning natijasidir. Ammo tsivilizatsiyaning ta’siriga ko‘r-ko‘rona tushib qolmaslik kerak. Balki uni qabul qilishda ham did, fahm-farosat va bilim zarurdir.
Ko‘chadagi yoshlarga e’tibor bersangiz, masalan, qizlarimiz egnida tor shim, ochiq koftalar, uzun-tor yoni ochiq, etagi keng, kalta yubkalarni ko‘proq kiyishayapti. Yigitlarimiz esa oq, qizil, alvon, yashil rangli shim, turli xil yengi bor, yengi yo‘q maykalar, tizzasidan yuqorida shortiklar kiyishadi. Muammo shundaki, ko‘pchilik yoshlarimiz qaysi joyda qanday kiyimni kiyish kerakligi, o‘zining bo‘y-bastiga nima ko‘proq yarashishi mumkinligi haqida o‘ylamaydilar ham.
Agar har bir inson o‘zining bo‘yi, gavda va yuz tuzilishi, sochi, ko‘zi, terisining rangini, qomatiga nima yarashishini bilsa, ko‘r-ko‘rona modaning ketidan quvmaydi. Qolaversa, bu sohada ularga yordam beradigan mutaxassislar bor. Ular yangi mavsumiy kiyimlarni reklama qilishda yoki modalar haqida matbuot, radio, televidenie orqali chiqishlarida yuqoridagi me’yorlarni hisobga olib tavsiyalar beradilar.
Yoshlarimiz kiygan kiyimlari ularning muomalasi, yurish-turishi, xatti-harakatlari, o‘zini tutishi, og‘izlaridan chiqayotgan so‘zlariga ham ta’sir etmay qolmaydi. Natijada, ba’zan noo‘rin so‘zlar, xatti-harakatlar jamoatchilik orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otadi. Har bir shaxs oilada kamol topadi. Uning atrofida tergaydigan ota-onasi, buvi-bobosi, amma-xolasi bor. Ammo ba’zan ular o‘zlari o‘rtoqlaridan qolmasin, deb qizlariga tor shim, kalta yubka yoki yelkasi, qorni ochiq kiyimlarni kiyishga izn berayotgan ekan, demak, bu borada faqat yoshlarni ayblash adolatdan emas. Qolaversa, ma’lum ma’noda oiladagi, maktabdagi muhit ham bunga sababchi. Aynan oilaning o‘zi shunday kiyimlarni kiyishni, «zamonaviy» bo‘lishni talab qilishi afsuslanarlidir.
…Bir o‘zbekona tarbiya ko‘rgan qiz o‘zga xonadonga kelin bo‘lib tushdi. Bu xonadon a’zolari o‘ta «zamonaviy» ekan. Qiz uyda atlas ko‘ylak-lozim kiyib yurganda miyig‘ida kulishibdi. Bundan uyalgan yostiqdoshi esa unga sport kostyumi sovg‘a qilib, «Uyda shunday yur» debdi. Qizning ne-ne orzu-havaslar bilan tiktirgan sarpolari javonda taxi buzilmay qoldi. Uydan ko‘chaga chiqqanlarida tor shim, kalta yubka, mehmonga, tomoshalarga borganda yelkasi ochiq ko‘ylaklar kiyishga o‘rgatishdi. Dastlab bularning hammasi unga erish tuyulib, onasiga yuragini yordi. Onasi ham «Bolam, oilang, turmushingning tinchligini o‘yla, endi biz senga xo‘jayin emasmiz, endi kuyov nima desa, shuni qilasan-da» dedi. Shu-shu qiz ham «moda»da kiyinadigan bo‘ldi. Shunga qarab avval bir gapni gapirishga iymanadigan qiz, hech narsadan tap tortmaydigan, xonasi kelsa, so‘kib yuboradigan bo‘ldi.
«Moda»da kiyinishga qarshi bo‘lganlar jon kuydirib bunday holatga chek qo‘yish, o‘quv muassasalarida taqiqlash lozimligini kuyinib aytadilar. Modani taqiqlash mumkinmi? Inson tabiatida taqiqlangan narsaga qiziqish kuchli bo‘ladi. Ota-onasi taqiqlasa ham bola avval shuni qilib ko‘radi. Yomon tomoniga guvoh bo‘lgach, bu ishdan o‘zini tortadi. 70-yillarda ba’zi oliy o‘quv yurtlarida kalta kiyishni taqiqlash hollari bo‘lgan. Shuningdek, yaqingacha Toshkent davlat texnika universiteti qoshida malayziyaliklar bilan hamkorlikda ochilgan «Menejment» fakultetida ham o‘quv dargohiga yigitlar krossovka yoki jinsida, qizlar kalta yubka yoki jinsida kelishlari man qilingan. Ammo bugungi yoshlarimiz bunga ko‘nadimi? Man qilishdan ko‘ra yoshlarga tushuntirish, ularning didi, fahm-farosatini tarbiyalash ko‘proq ijobiy natijalar bermaydimi? Shundan keyingina tanlash huquqini yoshlarning o‘zlariga qo‘yish kerakdir, balki. Muhimi, bu borada ota-onalar ham farzandlarini tushunib, o‘zlarini ularning o‘rinlariga bir zum qo‘yib ko‘rsalar, yomon bo‘lmasdi. To‘g‘ri, inkor qilmaymiz, me’yor buzilgan. Shu ma’noda, milliy liboslarimiz noyob namuna sifatida faqat ma’lum bir davralar­da, aytaylik, bayramlar, to‘ylarda kiyiladi. Shunda ham zamonaviy tus bergan holda, albatta. Ayniqsa, bu poytaxtda juda bilinadi. Viloyatlar, tumanlar, qishloqlar nisbatan kichkina hudud bo‘lganligi, hamma bir-birini tanigani bois, odamlar har holda andisha qiladilar.
Yoshlikning o‘zi go‘zal. Bugungi yoshlarimizning g‘arb modasiga mukkasidan ketayotgani, ular milliy kiyinish an’analarini unutdilar, degani emas. O‘zbegimizning milliy iftixori bo‘lgan atlasga hamisha e’tibor katta. U bizda hech urfdan tushmaydi. Shu bilan birga yaqin-yaqingacha unutilgan adras, banoras, beqasam matolar yana urfga kiryapti. Bu quvonchli hol, albatta. Hozirda bu matoga qiziqish ortdi. Zamonaviylik hamda milliy uyg‘unlik aks etgan andozalarda tikilgan liboslar qizlarimiz husniga yana ham ko‘rkamlik baxsh etadi. Bu matolarni faqat to‘yu tantanalarda emas, ish sharoitlari uchun ham moslashtirish niyatida mutaxassislarimiz izlanmoqdalar. Ularning namunalari yoshlarimizning egnida paydo bo‘lganligi hali bu borada yangi-yangi milliy libos rusumlari yaratilishiga umid uyg‘otadi.
Faqat modada kiyinish zamonaviylikni bildirmaydi. Zamonaviylik avvalo insonning ichki va tashqi dunyosini zamonga uyg‘unlashtirish demakdir. Shu ma’noda har bir kostyum, libosning o‘z mazmuni bor. Uning to‘g‘ri tanlanishi, atrofdagilar tomonidan iliq qabul qilinishi ham urfni belgilaydi. Shu bilan birga kishining kayfiyati, qanday ish bilan shug‘ullanishida ham kostyum kiyishning o‘rni bor. Shu o‘rinda milliy me’yor masalasiga to‘xtalmoq joiz, deb o‘ylaymiz. Barcha rivojlangan davlatlarda oiladan tashqari maktabda, o‘quv yurtlarida insonning turli davralarda o‘zini tutishi, muo­malasi, buyumlarning ishlatilishi, o‘zi uchun munosib ki­yimni tanlash borasida maxsus bilimlar beriladi. Bizda bunday bilimlar maktablarda «Odobnoma», «Oila psixologiyasi», oliy o‘quv yurtlarida «Etika», «Estetika» singari fanlarda umumiy o‘rgatiladi. Vaholanki, bu fanlarni har birining o‘z vazifasi bor. Aytmoqchi bo‘lganimiz, yoshlarning modaga ruju qo‘yishi, ochiq-sochiq kiyinishini faqat tanqid qilish, yomonlash bilan cheklanib qolmay, uning oldini olish choralarini, yaxshi tomonga o‘zgartirish yo‘llarini izlash lozim.
Har kimning kelbatiga yarasha didi, fahm-farosati ham bor. Eng zaruri, ana shu didni, fahm-farosatni to‘g‘ri tarbiyalay bilish kishini bezaydi, yanada xushsurat qilib ko‘rsatadi. Tarbiyalaydigan esa, jamoatchilik, ya’ni sizu biz — barchamiz.