Ko`chki

Ko`chki – 1) tog`larda yonbag`irning yuqori qismida yig`ilib qolgan qorning shiddat bilan otilib tushishi. Qor ko`chishiga qorning ko`p yig`ilib qolishi, yonbag`irdagi qorning qaytadan kristallanishi, harorat ta’sirida zichlanishi oqibatida qor qoplami ichida bo`sh qatlamning vujudga kelishi sabab bo`ladi. Bir qor ko`chishda 1,5-2 mln. m.kub gacha qor ko`chgani kuzatilgan. Qulab tushgan qorning qalinligi 60 m ga yetgan. Qor ko`chkilari O`rta Osiyoda, Kavkazda, Alp, Kordilyera tog`larida ko`p ro`y berib turadi. Ba`zan qishloqlarga, yo`llarga, aloqa liniyalariga, tog`lardagi o`rmonlarga katta zarar yetkazadi; 2) tog` jinslarining og`irlik kuchi ta’sirida yonbag`ir bo`ylab pastga surilib tushishi (Surilma); 3) tog` jinslari katta massasining tog`larining tik, jarlik yonbag`irlarida tog`dan uzilib, qulab tushishi.