Ko’chmanchi o’zbeklar davlati
Ko’chmanchi o’zbeklar davlati-Janubi-G’arbiy Sibirda Abulxayrxon asos solgan (1428) davlat. Poytaxti-Tura shahri. Bu davlatning paydo bo’lishida Dashti Qipchoqning sharqiy qismida ko’chib yurgan qabilalar va ularning boshliqlari katta rol o’ynaganlar. Abulxayrxon juda qisqa vaqt (1428-1430) ichida mayda-mayda qismlarga bo’linib ketgan Shaybon ulusining katta qismida o’z hukmronligini o’rnatgan. 1428-1446 yillarda ko’chmanchi o’zbeklar davlatiga Orol dengizining shimoliy qirg’oqlaridan to Irtish daryosining o’rta oqimigacha, sharqdan Sarisuv va Chu suv daryolari, g’arbda Yoyiq (Ural) daryosining so’l sohillarigacha bo’lgan yerlar qaragan. Abulxayrxon vafoti (1468) dan so’ng ko’p o’tmay ko’chmanchi o’zbeklar davlati inqirozga uchraydi. Abulxayrxon vafotidan so’ng uning o’g’li Haydarxon xon qilib ko’tariladi. Bu davrda Abulxayrxonning dushmanlari – Iboqxon, Birka sulton, Jonibek, Gireyxon, mang’it amirlaridan Yomg’urchi va Muso Mirzolar Oltin O’rda xoni Ahmadxon bilan ittifoq tuzib, Haydarxonga qarshi kurash olib bordilar va g’alabaga erishdilar. Haydarxon o’ldiriladi, Iboqxon va uning ittifoqchilari Abulxayrxonning qarindosh-urug’larini va tarafdorlarini qirg’in qiladilar. Bu qirg’indan Muhammad Shayboniyxon, uning ukasi Muhammad Sulton, Abulxayrxonning o’g’illari Suyunchxojahon va Ko’chkinchixon, Baxtiyor Sultonning o’g’li Mahdi Sulton, Hamza Sulton va boshqa beklargina qochib qutilgan xolos.