KO’HAKIY (KO’YKIY) SULTON MUHAMMAD HOFIZ TOSHKANDIY

KO’HAKIY (KO’YKIY) SULTON MUHAMMAD HOFIZ TOSHKANDIY, Hofiz Ko’ykiy (1490, oktabr — 1584) — tarixchi, huquqshunos, tarjimon. Ali Qushchining nabirasi, parkentlik ziyoli Mirzo Kamoliddin oilasida tug’ilgan. Keyinchalik Toshkent shahriga ko’chib kelgan. U jug’rofiya, etnografiya, handasa, riyoziyot, falsafa, mantiq, fiqh va adabiyot sohalarining ham bilimdoni bo’lgan. Ko’hakiyning ilmda Kamolot cho’qqisiga chiqqan davri Ubaydullaxon va Abdullaxon II davrlariga to’g’ri keladi. Olim 10 dan ziyod asarlar yozgan. Shulardan «Risolai fifanniy — at tavsir val kalom» («E’tiqodga oid ilmlar haqida risola») nomli asari qo’lyozma holida bizgacha etib kelgan. Ko’hakiy Toshkentning hozirgi Sag’bon ko’chasidagi o’z hovlisida qurdirgan madrasasida mudarrislik qilgan. Iroq, Misr, Suriya, Afg’oniston, Eron, Turkiya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda bo’lgan. Ko’hakiy o’z zamovasining ilmli va obro’li kishisi bo’lganligi uchun Toshkentdan to’y munosabati bilan Hindistonga Bobur huzuriga yuborilgan (1528). Bobur «Boburnoma»da bu haqsa yozadi: «ulug’osh tortilganidan keyin… Xoja Mirsultong’a va o’g’lonlariga va Hofiz Toshkandiy va Mullo Farrux boshliq xojaning mulozimlariga va o’zga elchilarga ham oltundin, kumushdin tarkash bila In’omlar bo’ldi». Shuningdek, hind tarixchisi Abdulqodir Mulukshoh Badavoniy o’zining «Muntaxab at-tavorix» nomli tarixiy asarida keltirishicha, Ko’hakiy 2-marta Hindistonga boradi (1569-70), Akbar tomonidan qabul qilinadi va olimlik mahorati uchun katta tuhfalar olishga muyassar bo’ladi. Akbarshoh Ko’hakiyni bobosi Boburni ko’rgan tabarruk kishi sifatida ulug’lab, Dehlidan bir kunlik yo’lga chiqib tantana bilan ko’tib olgan. Badavoniy yozadi: «u Hindistondan Makkaga boradi va u yerdan Turkiyaga keladi. Turk sultoni bilan uchrashadi. Hind diyorida topgan izzat-obro’ni u yerda ham topadi. Vazirlikka qilingan taqlifni rad etib, o’z diyori Movarounnahrga (Toshkentga) qaytib keladi va u yerda vafot etadi». Toshkentlik tarixchi Muhammad Solih Qoraxo’ja o’g’lining «tarixi jadidai Toshkand» asarida «Toshkent diyoridagi Hofiz Ko’hakiy mahallasidan Mavlono Ko’hakiy aqliy va vaqliy ilmlarda zo’r olim bo’lgan. Jomiy Hirotiyning Arab tili grammatikasiga oid «sharhi mulla» asariga xrshiya yozgan. Bahs va jadal ilmining qoidalarini a’lo darajaga yetkazgandir. Hofiz Ko’hakiy Toshkent aholisi va olimlarining iftixori bo’lib, Dashti Qipchoq, Farg’ona, Movarounvahr, Buxoro, Eron va Xurosonda keng shuhrat qozongan olimdir», deb ta’riflanadi. Ko’hakiy «Tarixi oliy Chingiz» («Chingizxon va uning avlodlari tarixi») asarini yozishda Juvayniyning «tarixi jahonkushoy» kitobidan keng foydalangan. Ko’hakiy Muhammad ibn Adnonning 2 jildli «tarixi Turkiston» nomli asarini fors tilidan o’zbek tiliga tarjima qilgan va unga ba’zi ma’lumotlarni qo’shib boshqa nom bilan atagan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida uning «sharhi Odobul al-munozara» («Odob va axloq to’g’risida munozara» kitobiga sharh) kitobining Arab tilida ko’chirilgan nusxasi va Arab tilida yozilgan «Favoid ziyoiya» («Munavvar foydalar») nomli sharxlangan asari saqlanmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Ko’hakiy Qaffol Shoshiy maqbarasiga kiraverishda o’ng tarafga dafn etilgan. Hozirgi Toshkent shahrining Sobir Rahimov tumanida Ko’hakiy yashagan mahalla «Hofiz Ko’ykiy» deb ataladi. Ad.: Munirov Q., Irisov A., Nosirov A., Toshkent tarixida ba’zi siymolar, T., 1983.