KO’NIKMA
KO’NIKMA — insonning ilgarigi tajribalari asosida muayyan faoliyat yoki harakatni amalga oshirish qobiliyati. Ko’nikmalar amaliy faoliyatga, bilimlarni amalda qo’llay bilishga oid faoliyatning tarkibiy qismidir. Ko’nikma faoliyatning maqsadi va sharoitlariga mutanosib ravishda harakatni muvaffaqiyatli bajarish usullaridir. U hamisha bilimlarga asoslanadi, mahorat (malaka)ning negizi hisoblanadi. Ko’nikma mazmunan amaliy (jismoniy) va aqliy, shaklan oddiy va murakkab turlarga ajratiladi. Amaliy Ko’nikmalar mehnat faoliyatini amalga oshirishga, aqliy Ko’nikmalar bilim olishga, uni o’zlashtirishga yo’naltirilgan bo’ladi. Ko’nikmalarni bilim bilan adashtirmaslik lozim, chunki bilimlar voqelik to’g’ri aks ettirilgan hukm (mulohaza)larda ifodalanadi. Ko’nikmalar esa ko’proq aqliy va jismoniy harakatlarda mujassamlashadi.