KONSERVATIZM

KONSERVATIZM — ijtimoiy va madaniy hayotda an‘ana va vorislik g’oyasiga tayanuvchi xilma-xil g’oyaviy-siyosiy va madaniy oqimlar majmui. Tarixda Konservatizm turli shakllarda namoyon bo’lgan, lekin, umuman olganda, mavjudva barqaror ijtimoiy tizimlar hamda me’yorlarga moyillik, inqilob va keskin islohotlarni qabul qilmaslik – Konservatizmga xos asosiy xususiyat hisoblangan. Ijtimoiy o’zgarishlar yuz berayotgan sharoitda Konservatizm eski tartiblarni qayta tiklash, boy berilgan mavqelarni asl holiga qaytarish va o’tmishni ideallashtirishda ko’rinadi. «Konservatizm» termini birinchi bor fransuz adibi F. Shatobrian tomonidan qo’llanilgan hamda XVIII asr oxirida Buyuk fransuz inqilobi davrida aristokratiya mafkurasini ifodalovchi qarashlar yig’indisini bildirgan. Kapitalizm qaror topayotgan davrda Konservatizm g’arbda liberalizm va sotsializma qarshi turgan. Davlat va ijtimoiy hayotning tarixiy shakllarini, ayniqsa oila, milliy o’ziga xoslik, din mulkchilik kabi institutlarda gavdalangan qadriyatiy asoslarini saqlab qolish va qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.