KONSTITUTSIYAVIY SUD

KONSTITUTSIYAVIY SUD — bir qancha davlatlarda yagona yoki asosiy ishi konstitutsiyaviy nazoratii amalga oshirish bo’lgan alohida organ. Birinchi marta 1920-yil Avstriyada ta’sis kilingan. Shundan e’tiboran bu tartibot G’arbiy va Sharqiy Yevropada keng yoyildi, shuningdek, Osiyo, Afrika va Amerikaning ayrim mamlakatlarida qabul qilingan. Konstitutsiyaviy sud odatdagi oliy sudlardan farq qilib, umumiy yurisdiksiya sudlari tizimiga kirmaydi. Ba’zi mamlakatlarda (masalan, RF) Konstitutsiyaviy sud alohida toifadagi sud hisoblanadi va shunga ko’ra sud tizimiga kiradi, boshqa mamlakatlarda (GFR, Italiya, Ruminiya, Bolgariya, Mongoliya) – sud hokimiyatiga aloqasi yo’q alohida nazorat organi hisoblanadi. Konstitutsiyaviy sud a‘zolari parlament tomonidan saylanadi (GFR, Xorvatiya) yoki, davlat boshlig’i tomonidan tayinlanadi (Kipr); ba’zida Konstitutsiyaviy sud a‘zolarini parlament va hokimiyat hamda adliyaning boshqa organlari tayinlaydi (masalan, Italiya Konstitutsiyaviy sudni teng miqdorda prezident, parlament va magistratura tayinlaydi). Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish bilan bir qatorda turli mamlakatlarda konstitutsiyaga sharh berish huquqiga ega, siyosiy partiyalarning faoliyati konstitutsiyaga muvofiq kelish-kelmasligi masalasini hal qiladi, vakolatlar bilan bog’liq nizolarni ko’rib chiqadi va hokazo. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sud sud tizimiga kirib, qonunlar va boshqalar hujjatlarning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi, Konstitutsiya himoyachisi hisoblanadi.