Kosmik nurlar nima?

Siz, albatta, uchirilayotgan sun’iy yo’ldosh har xil tadqiqotchilik va ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi to’g’risida o’qigandirsiz. Shu bois, balki, ularning sirtiga kosmik nurlarni aniqlovchi va tekshiruvchi uskunalar o’rnatilganiga ham ko’zingiz tushgandir? Bu nurlar biz uchun hanuzgacha jumboq bo’lib kelyapti. Bundan 60 yillar burun olimlar g’alati hodisaning guvohi bo’ldilar. O’shanda yopiq konteynerda tajriba-sinov uchun olingan havo namunasi o’zi orqali elektrni arzimas miqdorda o’tkazganligi ayon bo’ldi. Hatto konteynerni qalin qatlam bilan himoyalanib o’ralganida ham baribir shu hodisa ro’y berdi. Bu holat har qanday jismning ich-ichidan o’tuvchi, o’tkir quvvatga ega, ko’zga ko’rinmas raditasiya konteynerga tushib qolganligini anglatar edi! Bu qanday sirli radiasiya bo’ldi? Ushbu savolga javob topish maqsadida ko’pdan-ko’p tajribalar o’tkazildi. Dastlab bu nurni kurrai zaminga xos bo’lmagan bir hodisa deb baholashdi, chunki uning dengiz ustida ham mavjudligi kuzatildi. Bu radiatsiya kechayu kunduz barqaror edi, shu boisdan uning Quyosh nuri emasligi ham aniq edi. Havo sharida osmonga ko’tarilganlar bu nurning hamma yerda, hatto koinotda ham mavjudligini qayd etishdi — xuddi shu sababli uni «kosmik», ya’ni hamma yerda uchratish mumkin bo’lgan nur deb atashdi. Kosmik nurning o’zi qanday nur? Bu nur — atomlarning zarralari. Ular yer atmosferasidan tashqarida yorug’likka teng tezlik bilan harakatlanadi. Bu nurlarning ayrimlari yer atmosferasidan ham o’tadi. Atomlarning ushbu zarrachalarini «birlamchi kosmik nurlar» deb ta’riflashadi. Ular havo tarkibidagi atomlar bilan to’qnashadi. Pirovardida yangi zarrachalar paydo bo’lib, o’sha «birlamchi zarrachalar» singari katta sur’at bilan o’z yo’nalishi bo’yicha harakatlanishda davom etadi. Bu yangi zarralar «ikkilamchi kosmik nurlar» deb ataladi. Ular o’z navbatida boshqa atomlar bilan to’qnashib, yangi zarralarni dunyoga keltiradi. Shunday qilib, yer yuzini haqiqiy raditasiya seli «bombardimon» qiladi. Koinotdan keladigan yolg’iz bitta proton 90 kvadrat kilometr yerni yoritishga xizmat qiladigan nurlanishni vujudga keltiradi. Yer yuzini bombardimon qiladigan kosmik nurlar, bizga ma’lumki, hech bir zararsiz. Mana, oradan milliard yillar o’tibdiki, ular yerdagi hayotga biron-bir salbiy ta’sir ko’rsatgani yo’q. Fanga esa bu kosmik nurlarning paydo bo’lish manbai haligacha noma’lum. Biroq koinotni tadqiq etish jarayonida asta-sekin bu muammo ham hal etiladi, deb umid qilamiz.