Krepostnoy huquq

Krepostnoy huquq (ruscha)-feodal davlatlarda dehqonlar qaramligining to’liq va mash’um ko’rinishini mustahkamlagan huquqiy me’yorlar majmui. Dehqonlarning o’ziga ajratilgan yerdan ketishini taqiqlash (ya’ni ularni yerga mahkam biriktirib qo’yish, qochoq dehqonlar majburan qaytarilgan), ma’lum bir feodalning ma’muriy va sudlov hokimiyatiga merosiy qaramlikni dehqonlarni yer uchastkasini sotish va ko’chmas mulkka ega bo’lish huquqidan mahrum etishni nazarda tutadi. O’rta asrlarda butun Yevropa bo’ylab keng tarqalgan. Ba’zi mamlakatlarda erta (Angliya, Fransiya, G’arbiy Germaniyada IX-X asrlarda) boshqalarida esa ancha kech (Shimoliy-Sharqiy Germaniya, Daniya, Avstriyaning sharqiy viloyatlarida XVI-XVII asrlarda) shakllangan. Krepostnoy huquqning tugatilishi ham bir vaqtda kechmagan: G’arbiy Germaniya, Fransiya va Angliyada o’rta asrlardayoq bekor qilingan bo’lsa, Germaniya, Polsha, Avstriya-Vengriya, Rossiya kabi mamlakatlarda XIX asrgacha yashagan.