KSILEMA

KSILEMA (ksilo…) — quruqlikda o’sadigan o’simliklarning suv va mineral tuzlarni ildizdan yuqoriga o’simlik bo’ylab o’tkazuvchi to’qimasi. Ksilema tutash qalqalar yoki o’tkazuvchi naycha tolalari bog’lami holida joylashadi, Ksilema asl o’tkazuvchi (traxeidlar va traxeyalar, ya’ni naychalar) va mexanik (libroform) hujayralardan hamda yog’och va nursimon parenximadan iborat. Ksilema hamma hujayralarining devori yog’ochlanadi. Asl Ksilema qirqquloqsimonlar, ochiq urug’lilar va gulli o’simliklarga xos. Ko’p yillik poya va ildizlar Ksilemasi ko’pincha, yog’och deb ataladi. Birlamchi Ksilema prokambiydan, ikkilamchi Ksilema esa kambiydan hosil bo’ladi.