Kubizm nima?

Kubizmga, musavvirlar Pablo Pikasso, Jorj brak va Xuan Grislar tomonidan asos solingan edi. U 1907 yildan 1920 yilda qadar kechgan oraliqda rivojlandi. Kubizm namoyandasi bo’lmish musavvirlar bir vaqtning o’zida ham harakat, ham turg’unlik ramzi sanalgan manzaralar va kishilar tasviri orqasidan mashhur bo’lib ketdilar. Bu narsa ular nazdida muhimi — ottenkalar galma-galligi maromi, shakl, makon esa o’z navbatida ikkinchi darajali mavqe kasb etadi. Ayrim kartinalar faqat och tusdan o’ta to’q tusga tomon o’zgarib boruvchi bittayu-bitta rang negiziga tayanib yaratilgan (masalan, jigarrang, kulrang yoki moviy rangning turfa ottenkalari). Shakllar va kontur-tarhlar handasaviy taassurot uyg’otadi, chunki barcha buyumlar kublar va kvadratlarning birikuvidan iborat (oqimning nomlanishi ham shundan). Kartinalarda xuddi shuningdek prizmalar, silindrlar va doiralarni ham ilg’ay olish mumkin. O’yga tolgan musavvir buyumni uni tarkib toptiruvchilarga ajratgandek va tamomila boshqa bir shakl o’z navbatida yana bir boshqasi bosib ketadigan tartibda qayta yig’gandek tuyuladi. Kubistlar buyumni har tomonlama tahlil qiladi. Keyinchalik nafaqat kartinalar chizdilar, qolaversa salmoqli hajmdagi materiallar bilan (yog’och, arqon, gazeta) va hatto kollajlar bilan (buyumning rasmlar bilan birlashtiriladigan yelimlangan bo’laklari) tayyorlaydigan bo’ldilar. Albatta, buyumlarning bu tarzda bo’laklab tashlanishi jarayonida reallik bilan har qanday aloqa avvaliga buziladi, keyinroq esa tamomila yo’qoladi. Uzoq yillik qat’iy eksprementlardan so’ng Pikasso yangicha yo’llarni izlashga kirishib ketdi. U turli-tuman uslublardan foydalanib judayam xilma-xil asarlar yaratdi, biroq asosiysi odamzot tasviriga qiziqishni qayta tiklash edi. Pikassoning eng mashhur kartinasi — «Gernika»— Ispaniyadagi fuqarolar urushi paytida Gernika shahrida fashistlar tomonidan bomba yog’dirilishidan kelib chiqqan shafqatsizlik va zo’ravonlikning majoziy timsolidir. Mazkur kartina qurboni Ispaniya Respublikasi bo’lgan tajovuzning guvohnomasi sifatida 1937 yildagi Xalqaro ko’rgazmaning Ispaniya pavilonida namoyish etilgan edi. Shuning uchun siz muzey yoki rasmlar galereyasiga borgan paytingizda, iltimos, nimani tomosha qilishingizni bilib oling. Kubistlarning rasmlari yoki haykallari yoniga shunchaki turvolib, ularga voqelikning munazzam tasviri sifatida tomosha qilishning iloji yo’q. Ularni ham real, ham to’qima, buyum va muallifning u haqidagi o’y-kechmishlari birlashtirilgan yaxlit timsol sifatida idrok etish lozim.