Kumush nima?
Kumushni qadim zamonlarda ham olishgan. Yevropada bisotidagi Kumushning miqdoriga qarab qirollarning qudratiga baho berishgan. Ispaniyada kumush qazib olinadigan konlarning boyligi kamaygach, Ispaniya qiroli Amerikaning ochilishi to’g’risidagi xabarni cheksiz sevinib qarshi oldi: axir, bu Meksika va Peruning kumush rudalariga boy konlariga yo’l ochar edi-da. Keyingi 250 yil mobaynida ispan qirollari Perudagi Potosi konidan har yili 4 million dollar qiymatiga ega bo’lgan kumush olib turdilar! Kaliforniyada oltin jazavasi avj olgan yillarda olg’ir kimsalar oltin konlariga yonma-yon bo’lgan «qoramtir yerlar»ning po’stagini qoqib so’kinar edilar. Va faqat bir hodisa sabab bo’lib, bu yerlar o’z tarkibida kumushni mujassamlashtirgan ruda konlari ekanligini fahmladilar. Kumush — keng tarqalgan metallardan biri. Ba’zida sof holdagi yombi Kumushni ham uchratishgan. Norvegiyada esa bir zamonda 750 kilogramm keladigan sof, yaxlit holdagi kumushni ham topib olishgan! Aslida esa kumush asosan tarkibidan ajratib olinadigan rudada bo’ladi. Bunday ruda kumush oltingugurt bilan birgalikda kumush sulfidini hosil qilgan holda bo’ladi yoki mis sulfidi, qo’rg’oshin sulfidi yoki margimush sulfidan kabi boshqa sulfidlarning tarkibida mavjud bo’ladi. AQShda kumush qo’rg’oshin bilan birga birikma holida qazib olinadi. Kumush boshqa har xil metallar bilan birikma holida mavjudligi sababli uni yondosh metallardan ajratib olishning xilma-xil usullari vujudga kelgan. Hozirgi vaqtda butun dunyoda bir yilda 850 000 kilogrammgacha sof kumush qazib olinadi. Meksika, AQSh va Kanada asosiy kumush ishlab chiqaruvchi mamlakatlar hisoblanadi. Kumush — yumshoq metaldir, shu boisdan uni boshqa metallar bilan birikmalarga kiritish uchun qo’llaniladi. Masalan, kumush tangalar tarkibida 90% kumush va 10% mis bor. Taqinchoqlar zargarlik buyumlari va oshxonabop buyumlarning tarkibida 92,5% kumush bilan 7,5% miqdorida mis mavjud. «Sterling» kumushi atamasining tug’ilishi ajabtovur tarixga ega. U Shimoliy Germaniyada yashovchi Isterlinglar oilasi bilan bog’liq ravishda kelib chiqqan. Ushbu oila o’z pokdomonligi bilan nom chiqargan edi, shu sababdan Angliya qiroli Jon 1215 yilda ularga Angliya qiroli uchun metall tangalar tayyorlab berishni topshirdi. Vazifa shu qadar ko’ngildagidek uddalandiki, natijada ularning nomi ishonchlilikning oliy namunasiga aylanib qoldi. Sterling tangasi «sterling» so’zi yoki bu tangani joriy etgan mamlakatga bog’liq bo’lgan biror-bir belgi kabi maxsus tamg’alarga ega. Sof holdagi kumush havoda aslo qoraymaydi. Qorayish esa, masalan, havoning ifloslanishi yoki yaqin o’rtada neft ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjudligi tufayli havoda qo’rg’oshin paydo bo’lganligini anglatadi. Oltindan keyin kumush eng oson qayta ishlanadigan metallardan biridir. 30 mgr. kumushdan uzunligi 50 kilometr keladigan sim tortish mumkin. Ayni paytda kumush odamlarga ma’lum eng yaxshi issiqlik va elektr o’tkazuvchi metallardan hisoblanadi.