KURBE (COURBET) JAN DEZIRE GYUSTAV

KURBE (COURBET) JAN DEZIRE GYUSTAV (1819.10.6, Orvan, Fransh-Konte — 1877.31.12, Turde-Peyls, Shveytsariya) — frantsuz rassomi, jamoat arbobi. 1837 yildan rassomchilik maktabiga qatnab o’qigan, 1839 yildan xususiy atelelar (jumladan, K. Shtyoben atelesi)ga qatnagan, naturadan asarlar yaratgan, lekin rassom sifatida mustaqil shakllangan. Kurbe ispan va golland rang-tasviridan (ayniqsa, Rembrandt, F. Xals ijodidan) ta’sirlangan. Kurbe realistik san’at taraqqiyotiga katta ta’sir qilgan; asarlarida ijtimoiy hayotda sodir bo’layotgan o’zgarishlarni, o’zi bilgan, uni o’rab turgan voqealarni tasvirladi: «tosh maydalovchilar» (1849), «Ornanda dafn marosimi» (1849), «cho’milayotgan ayollar» (1853), «uchrashuv» (1854), «qishloqlik nozik oyimlar» (1851), «qishki manzara» (1867), «tog’dagi kulba» (taxminan 1874) va boshqalar. Kurbe, shuningdek, barelef va haykallar ham yaratgan.