Labillik

Labillik (lotincha labilis — sirpanuvchan, beqaror) (fiziologiyada) — nerv va muskul to’qimalarining funktsional harakatchanligi; bunda to’qima ta’sirlanish ritmida eng katta chastota bilan qo’zg’aladi. Bu ta’limotni fanga rus fiziologi N. E. Vvedenskiy kiritgan (1892). Uning taklifiga binoan, qo’zg’aluvchi to’qimaga 1 sekundda beriladigan eng ko’p ta’sirotga to’qimaning o’shancha mikdorda harakat potentsiallari bilan bergan javob reaktsiyasi Labillik o’lchovi qilib olinadi. Labillik to’qimaning faoliyati jarayonida ortib-kamayib turishi mumkin, bu ta’sirotning kuchi va chastotasiga, neyrogumoral ta’sirlarga bog’liq. Yo’g’on nerv tolalari eng katta Labillikka ega, ular 1 sekundda 500-600 impuls o’tkazadi. To’qimalarning funktsional holatini aniqlashda, shuningdek, mehnat va sport fiziologiyasida Labillik muhim ahamiyat kasb etadi. Biologiya va tibbiyotda “Labillik” harakatchanlikni, beqarorlikni (masalan, kishilarning ruhiyati, fiziologik holatini), ya’ni organizmning tashqi va ichki omillarga nisbatan o’zgaruvchanligini anglatadi.