Lad

Lad (ruscha — uyg’unlik, tartib), pardalar tuzilmasi, tuzuk — 1) keng ma’noda, musiqiy-estetik tushuncha sifatida — pardalarning o’zaro mutanosibligi, turli balandlikdagi musiqiy tovushlarning uyg’unligi; 2) musiqa nazariyasining asosiy tushunchalaridan biri, musiqiy pog’onalarning bosh parda (yoki asosiy pardalar qo’shilmasi) atrofida o’zaro bog’lanish tizimi. Lad pog’onalari o’zining turg’un (tayanch)ligi jihatidan bir-biridan farqlanadi, turg’un bo’lmagan pog’onalar turg’un pog’onalarga «tortilib» (intilib) turadi. Lad pog’onalarining ketma-ket kelishi uning gammasinn tashkil etadi, ularning tartibli o’zaro bog’lanishi tovushqator yordamida ifodalanadi. Lad pog’onalarining soni va ular orasidagi intervallar sifatiga qarab ekmelika (balandligi o’zgaruvchan tovushlardan iborat), angemitonika (yarim tonliksiz tovush-qatorlarga asoslangan), diatonika (shu jumladan, major va minor), xromatika kabi Lad turkumlari ajratiladi. Kuy rivojidagi tayanch va notayanch pog’onalarning almashinuv jarayonining o’ziga xosligi modal (monodik), garmonik, tonallik va boshqa turlarni tashkil etadi. Bir asar davomida boshlang’ich Ladning balandligi (tonalligi) o’zgarsa, og’ishma yoki modulyasiya sodir bo’ladi. Sharq musiqa amaliyoti va nazariyasida Ladlar turlicha nomlanib kelgan: Arabcha makam, forscha parda, O’zbekcha maqom, ozarbayjoncha Mug’om va boshqalar. Ular o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib, pog’onalarning oralig’i 90, 114, 180, 204 tsentli Intervallarga asoslanadi va ko’p pog’onali turli Ladlarni tashkil qiladi. Ladlar turli xalqlar musiqa merosi, o’tgan zamon va hozirgi davr bastakorlari va kompozitorlari asarlarining muayyan asosini tashkil etadi. Shu bilan birga 20-asr ba’zi musiqa yo’nalishlari (atonal musiqa, dodekafoniya, sonorizm va boshqalar)da aniq bir Laddan chetlanish uchraydi; 3) musiqiy tovush-qatorning turi (masalan, Major, minor). Ad.: Kon Yu., Nekotorie Voprosi ladovogo stroeniya uzbekskoy narodnoy pesni i eyo garmonizasii, T., 1979. Olimjon Bekov.