Lahja, dialekt

Lahja, dialekt — umumxalq tilining muayyan chegaralangan hududda joylashgan kishilar jamoasida bevosita aloqa vositasi sifatida qo’llanuvchi va nisbatan yaxlit lisoniy tizim bilan ajralib turuvchi ko’rinishi. Lahja bir qator kattaroq til tuzilmasi tarkibiga kiradi, ushbu butunlikning boshqa qismlariga, boshqa Lahjalariga qarshi qo’yilib, taqqoslanadi va ular bilan umumiy xususiyatlarga ega bo’ladi. Hududiy Lahjalar tovushlar tarkibi, grammatika, so’z yasalishi, leksika nuqtai nazaridan muayyan tafovutlarga ega bo’ladilar. Bunday farqlar sezilmas darajada bo’lib, aniq, bir tilning turli Lahjalarida so’zlovchilar bir-birini yaxshi tushunishadi (masalan, o’zbek tili Lahja va shevalari), boshqa tillarning Lahjalari bir-biridan kuchli farq qilib, bunda turli Lahjalarda so’zlovchilarning o’zaro aloqasi qiyinlashadi yoki mumkin bo’lmaydi (masalan, nemis, Xitoy tillari Lahjalari). Lahja umumxalq tilining quyi bosqichi hisoblanadi, u shevaga nisbatan keng ma’noga ega bo’lib, shevalar yig’indisidan tarkib topadi. Masalan, etnogenetik jihatdan ko’p tarkibli bo’lgan o’zbek tilida 3 ta asosiy Lahja farqlanadi: qorluq-chigil-uyg’ur Lahjasi — Farg’ona vodiysidagi, Toshkent va Zarafshon vohalaridagi shaharlar va ularga yaqin aholi maskanlari shevalarini o’zi ichiga oladi; qipchoq Lahjasi — Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Shimoliy Xorazmdagi hamda Farg’ona va Ohangaron vodiylaridagi «j»lovchi o’zbek shevalarini o’z ichiga oladi; o’g’uz Lahjasi — Janubiy Xorazm (Urganch, Xiva, Xonqa, Hazorasp va boshqalar) va Turkmanistondagi o’zbek shevalaridan iborat. Mazkur Lahjalarning fonetikasi, grammatikasi va lug’at tarkibida bir-biridan farq qiluvchi xususiyatlar mavjud, lekin bu farqlar ularni bir-biridan keskin ajratmaydi. Bu Lahjalar o’zbek xalqi va tilining paydo bo’lishi va rivojlanishida yetakchi o’rin egallab, hozirgi o’zbek adabiy tilining shakllanishi va undagi ayrim lisoniy hodisalarning barqarorlashishida ishtirok etgan. Qorluq Lahjasining Toshkent va Farg’ona tip shevalari hoz.irgi o’zbek adabiy tilining tayanch shevalari hisoblanadi. O’zbek adabiy tili hozir ham Lahjalardagi eng ifodali, ko’p ma’noli so’zlar va iboralar, maqbul grammatik shakllar hisobiga boyib bormoqda. Abduvahob Madvaliyev.