Lallemantsiya, lyallemantsiya
Lallemantsiya, lyallemantsiya (Lallemantia) — labguldoshlar oilasiga mansub bir yillik o’tsimon o’simliklar turkumi, moyli ekin. Osiyoda 6 (Hindiston va Pokistonda 5) turi ma’lum. Dehqonchilikda Lallemantsiyaning iberiy (L.iberica) turi, asosan, Eron, Qrim, Shim. Kavkaz, Armanistonda ekiladi. Lallemantsiya issiqlikka va namgarchilikka talabchan emas, qurg’oqchilikka chidamli. Poyasi tik, sershox, bo’yi 20-90 santimetr. Bargi cho’ziq, qarama-qarshi. Guli ikki jinsli, rangi oq, pushti yoki och binafsha, to’pguli ro’vaksimon. Mevasi ko’sakcha. Urug’i mayda, 1000 donasi 4-6 gramm, tarkibida 35— 38% tez quriydigan, asosan, lok-bo’yoq sanoatida va oziq-ovqatga ishlatiladigan moy bor. Kunjarasi mollarga beriladi. Lallemantsiya bahorda keng qatorlar (qator orasi 45 santimetr) ekiladi. O’suvdavri 70-90 kun. Hosildorligi urug’ bo’yicha 8-10 ts/ga.