Lashkar qushbegi

Lashkar qushbegi (? – 1842) -Toshkent hokimi (1810-40); Chitrol viloyatidan chiqqan eroniy qullardan. Ko’qon xonligi davrida yuqori lavozimlarni egallagan. 1809 yilda Olimxon Toshkentni bosib olgach, Lashkar qushbegini devonbegi lavozimida shahar hokimi etib tayinlagan. 1810 yil Olimxon o’ldirilgach, taxtga o’tirgan Umarxonni Toshkent zodagonlari sovg’alar bilan dabdabali kutib olishgan. Lashkar devonbegi va uning o’g’illari xon tomonidan alohida taqdirlangan. Xon unga qushbegi unvonini bergan. 1816 yil Turkiston shahrini Umarxon tomonidan egallanishida Lashkar qushbegi muhim rol o’ynagan. Lashkar qushbegi qozoqlardan tashkil topgan qo’shini bilan 1818 yilda Umarxonning O’ratepa va Jizzaxga (1819) qilgan yurishida qatnashgan. 1830 yil sentabrda Lashkar qushbegi 15 ming qo’shini bilan Muhammad Alixonning Qashqarga qilgan yurishida ishtirok etgan. Qo’qon qo’shini Sharqiy Turkistondagi yangi Hisor, Yorkend, Xo’tan sh.larini egallab Oqsuv va Uchturfonga qadar yetganlar, ko’p qiyinchiliklardan sung Qashqar viloyatidagi gulbog’ni qamal qilishgan. 3 oy davom etgan qamaldan so’ng, ko’p sonli Xitoy qo’shini yaqinlashayotganidan xabar topgan qo’qonliklar 70 ming qashqarlikni o’zlari bilan olib qaytganlar. Lashkar qushbegi ularning bir qismini Toshkentga keltirib joylashtirgan (shaharning Qashqar mahallasi nomi shundan). 1841 yilda Qo’qonda umumxalq qo’zg’oloni boshlangan. Xalq aybdorlarni jazolashni so’rab turgan vaqtda, xonning qabulida Toshkentdan kelgan Lashkar qushbegi bo’lgan. Xon Gadoyboy parvonachi bilan Lashkar qushbegidan har qanday yo’l bilan bo’lsa ham xalqni tinchlantirishni so’ragan. Xonning o’zi esa qochgan. Lashkar qushbegi va Gadoyboy parvonachi xalqqa soxta va’dalar berib tinchlantirganlar. Shu vaqtda Buxoro amiri Nasrullaxon Qo’qonga yurish qilgani haqida xabar kelgan. Xalq o’z kuchini shaharning mudofaasiga yo’naltirgan. Lashkar qushbegi 1842 yil Buxoro xoni Nasrullaxon Qo’qonni egallagan paytda o’ldirilgan. U Sirdaryo bo’ylarida Qo’qon xonligiga qarashli bo’lgan Cho’loq, So’zoq va Oqmachit qal’alariga asos solgan. Lashkar qushbegi davrida Toshkentda keng ko’lamda obodonchilik, qurilish ishlari amalga oshirilgan (Beklarbegi madrasasi, Qo’qon o’rdasi, Lashkar qushbegi saroyi va boshqalar qurilgan). Yangi mahallalar (Qashqar mahallasi, Qushbegi, Devonbegi va boshqalar) vujudga kelgan. Shahar mudofaa devorlari ta’mirlanib yangi darvozalar (Qashqar, Qo’qon, qo’ymas) o’rnatilgan, shahar hududi kengaytirilgan. Lashkar qushbegi Anhor kanalining chap sohili (taxminan hozirgi «Anhor» kafesi o’rni va uning yon atrofi)da yangi O’rda qurdirgan. Ad.h Beysembiev T.K., «Ta’rix-i Shaxruxi» kak istoricheskiy istochnik, Alma-ata, 1987; materiali po istorii Sredney i Tsentralnoy Azii X—XIX vv., T., 1988; Istoriya Uzbekistana, T., 1993. Mashhura Sharipova.