Lazer asboblar
Lazer asboblar — 1) lazer nuridan foydalanib turli materiallarni payvandlash, kesish, chiniqtirish va parmalash, gaz quvurlarini qirqish uchun mo’ljallangan asbob va jihozlar. Ular bilan ishlov berilganda materialda mexanik zo’riqish paydo bo’lmaydi, payvandlangan choklar, ochilgan teshiklar juda aniq (0,003—1 mm) chiqadi. Lazer asboblar lazer nurini zarur joyga muayyan yo’nalishda yo’naltirib beradigan optik tizimdan iborat. Ular bilan istalgan qattiqlikdagi materiallarga, hatto olmos, Rubin va boshqalarga ishlov berish mumkin. Lazer nuri zichligini oshirish va ishlov berilayotgan joyni cheklab turish uchun Lazer asboblarda turli optik tizilmalardan foydalaniladi. Lazer asboblardan foydalanilganda ish unumdorligi xam juda yuqori bo’ladi. Masalan, teshiklarni parmalaydigan lazer jihozlar bilan har minutda 60-240 ta teshikni parmalash mumkin. U lazer kallak, optik tizim, boshqarish tizimi, tok bilan ta’minlash manbai, sovitish tizimlardan iborat; 2) biologya va tibbiyotda qo’llaniladigan asboblar. Lazer nuridan foydalanib jarrohlik operatsiyalarini o’tkazish (masalan, ko’z to’r pardasini operasiya qilish), terapiya usulida davolash, fizioterapiyada bo’g’inlarni davolash mumkin; 3) qudratli lazer nuridan foydalanib dushman kuchlari va texnikasiga talofat yetkazadigan lazer qurollar. Lazer asboblardan kosmonavtikada ham foydalanish mumkin.