Lazgi

Lazgi — Xorazm xalq kuyi va raqsi. Kuy kichik muqaddima va 3 qismdan iborat. 6/8 o’lchovli gul Ufori usulida ijro etiladi. Raqs sekin va oddiy harakatlar bilan boshlanadi — oldin barmoqlar, bilaklar, yelka va keyin butun tana jonlana boshlaydi. So’ngra birdaniga ko’l, oyoq, tana ishtirok etadigan murakkab harakatlar ulanib ketadi. Kuyning bir qismi takrorlangan holda raqs harakatlari almashib boradi. Kuy xarakteri o’zgarishi va sur’at tezlashishi bilan raqs tobora qizg’inlasha borib, keskin holda tamom bo’ladi. Erkaklar (jangovar va qahramonlik ruhida) va ayollar (lirik, hazilomuz) raqslari farqlanadi. Hozirgi davrda Xorazmda Lazgi raqsining 9 turi mavjud bo’lib, ular «qayroq lazgisi», «Dutor lazgisi», «surnay lazgisi» va hokazolar. Bulardan tashqari, 20-asr o’rtalaridan boshlab so’z bilan ijro etiladigan, turli ijrochilar tomonidan yallali Lazgilar yaratilgan: «kimni sevar yorisan» (K. Otaniyozov), «Loyiq» (A. Otajonov va M. Rahimov), «sani o’zing bir yona» (O. Hayitova, B. Jumaniyozov), «Gal-gal» (B. Hamdamov), «parang ro’mol» (O. Xudoyshukurov), «Xorazmning lazgisi» (O. Otajonov), «O’yna-o’yna» (K. Rahmonov), «Ajoyib» (T. Shomurodov) va boshqalar. Lazgining kuy va usulidan Sh. Ramazonov «Xorazmcha syuita»sida, M. Yusupov «Xorazm qo’shig’i» operasi va «Gulsanam» baletida, B. Gienko «Xorazm mavzulariga syuita»sida, S. Yudakov «Xorazmcha bayramona yurish»ida, M. Bafoyev «Xorazmcha kaprichchio»sida unumli foydalanishgan. Botir Matyoqubov.