Lebap viloyati
Lebap viloyati — Turkmanistondagi viloyat (dastlab 1939 yil 20 noyabrda tashkil etilgan, 1963 yilda tugatilgan. 1970 yil 14 dekabrda qayta tiklangan). 1993 yilgacha Chorjo’y viloyati nomi bilan yuritildi. Qoraqum cho’lining sharqida Amudaryo o’rta oqimining har ikki sohilida joylashgan (Lebap — Labiob, ya’ni, Daryo bo’yi, nomi shundan). Maydoni 93,8 ming km2. Aholisi 1034,7 ming kishi (1999). Viloyatda 13 tuman, 4 shahar, 26 shaharcha, 103 qishloq va 458 aholi punkti bor. Viloyat markazi Turkmanobod shahri. Tabiati. Lebap viloyati hududining 75%ni Qoraqum cho’li egallagan. Viloyat hududi shimoli-g’arbdan Janubi-sharqqa 690 kilometrga cho’zilgan, eni sharqdan g’arbga 135— 225 kilometr. Lebap viloyati shimolda Amudaryoning g’arbida Zaunguz Qoraqumigacha etib, Mari—Turkmanobod temir yo’ldan Janubda Qorakumning Janubiy-Sharqiy qismini o’z ichiga olgan. Viloyatning Janubiy-g’arbiy chekkasida Qorabel qirlarining bir qismi joylashgan. Shimoliy-Sharqiy qismi (Amudaryoning o’ng sohili) Qizilqum cho’lidan iborat, undan Janubiy-Sharqda Sandiqli qum cho’li mavjud. Viloyatning Janubiy-Sharqiy chegarasida Mukri platosi bilan Gugurttog’ va Ko’hitang (eng baland joyi 3139 metr) tog’lari bor. Lebap viloyati iqlimi keskin kontinental, quruq. Yozi issiq, qishi mo’tadil sovuq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 29,5°, yanvarniki shimolda -4°, Janubda 2°. Yillik yog’in miqdori shimolda 100 mm, Janubda 150— 200 mm. Vegetatsiya davri 203-235 kun. Ko’llardan Botli, Qarg’ali, Qizilcha, Patdali, Sulton Sanjar va boshqalar bor. Tuprog’i, asosan, bo’z tuproq. O’simliklardan cho’l qismida qum bardidoshi, oq saksovul, quyonsuyak, Qandim va boshqalar, Amudaryo vodiysida to’qay o’simliklardan turang’il, terak, tol o’sadi, tog’larda archazorlar uchraydi. Yovvoyi hayvonlardan cho’llarda jayran, dasht mushugi, tulki, bo’ri, chiyabo’ri, kemiruvchilardan qumsichqon, yumronqoziq, qushlardan xo’jasavdogar, cho’l qizilishtoni, sudraluvchilardan ilon, kaltakesak, toshbaqa, Amudaryo vodiysida Buxoro bug’usi, qobon yashaydi. Lebap viloyati hududida Ko’hitang va Repetek qo’riqxonalari joylashgan. Aholisi, asosan, turkmanlar, shuningdek, o’zbek, rus, tatar, ukrain, ozarbayjon, arman va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi 445 ming kishi, qishloq aholisi 589,7 ming kishi. Aholisi zichligi 1 km2 ga 11 kishi (1999). Xo’jaligi. Viloyatda yengil va oziq- ovqat, gaz, kimyo, paxta tozalash, Ipakchilik, Qorako’l terisiga dastlabki ishlov berish, yog’-moy kabi sanoat tarmoqlari rivojlangan. Asosiy korxonalar Turkmanobodda. Tuman markazlarida paxta tozalash zavodlari, Otamurodda sut, go’sht, non kombinatlari, gilam fabrikasi, qishloq xo’jalik mashinalarini tuzatish zavodi, Gugurttog’da oltingugurt kombinati, Seydi shahrida neftni qayta ishlash zavodi bor. Turkmanoboddan shimolda neft-kimyo majmuasi barpo etilgan. Qishloq xo’jaligida sug’orib dehqonchilik qilinadigan yerlarining asosiy ekini—paxta (jumladan, ingichka tolali navlar ham ekiladi). G’alla, poliz («gulobi» qovun navi mashhur), sabzavot ekinlari ekiladi. Bog’dorchilik va tokchilik bilan shug’ullaniladi. Cho’l yaylovlarida Qorako’l qo’ylari, Amudaryoga yaqin yerlarda qoramol boqiladi. Lebap viloyati Turkmanistonning asosiy ipakchilik rayoni. Temir yo’l, avtomobil yo’llari bor. Amudaryo va Qoraqum kanalida kema qatnaydi. Asosiy pristanlari Otamurod, Nichkapir, Turkmanobod. Viloyat markazi havo yo’llari orqali Ashxobod va boshqa shaharlar bilan bog’langan. Pedagogika instituti, 3 o’rta bilim yurti, 8 litsey, jamoat kutubxonalari, 4 muzey, teatr, 26 kasalxoa bor. «Turkman gundogari» («Turkman sharqi») gazeta chiqadi.