Lenin (Ulyanov) Vladimir Ilich

Lenin (Ulyanov) Vladimir Ilich [1870.10 (22).4. Simbirsk (hozirgi Ulyanovsk shahri) — 1924. 21.1, Moskva viloyati Gorki qishlog’i] — Rossiya bolsheviklar (kommunistlar) partiyasining asoschisi. SSSR deb atalgan «qizil imperiya»ning tashkilotchisi. Peterburg «Ishchilar sinfini ozod qilish uchun kurash soyuzi»ni tuzishda qatnashgan. 1895 yil RSDRPning 2-s’yezdi (1903)da bolsheviklar partiyasiga boshchilik qilgan. 1907 yildan muhojirlikda yashadi. 1917 yil aprelda Petrogradga kelib, sosialistik inqilob yo’lini ilgari surdi. Petrogradda oktyabr to’ntarishi (1917 yil 7- noyabr)ga rahbarlik qildi. Sovetlarning 2-butun Rossiya s’yezdida XKSga rais bo’lib oldi (1917 — 22). Lenin aksilinqilobiy harakatlar va sabotajga qarshi kurashuvchi butun Rossiya favqulodda komissiyasi tuzishning tashabbuskori. Uning ko’rsatmasi bilan 1918 yildan boshlab Rossiyada siyosiy terror avj oldi, muxolif partiyalarning a’zolari, ziyolilar, ruhoniylar qatag’on qilindi. 1922 yil Leninning sog’lig’i yomonlashdi va shu yil dekabr oyidan e’tiboran siyosiy faoliyatda qatnashmadi. Asosiy asarlari: «Rossiyada kapitalizmning taraqqiysi» (1899), «nima qilmoq kerak?»(1902), «materializm va empiriokritisizm» (1908) «imperializm kapitalizmning yuqori bosqichi» (1916), «Davlat va revolyutsiya» (1917). Leninning jasadi Moskvaning qizil maydonidagi mavzoleyga qo’yilgan. SSSR davrida Lenin qarashlari mutlaqlashtirilib, uning faoliyati va shaxsiy hayoti ilohiylashtirildi. Uning fikrlariga salgina shubha bilan qaraganlar yo’q qilindi. Biroq Rossiyadan xorijga jo’nagan ziyolilar va jahon siyosiy arboblarining ko’pchiligi o’sha paytdayoq uning «kommunizm qurish» rejasi xom xayol ekanligini aytishgan. 20-asr 80-yillari oxiri — 90-yllari boshida Sharqiy Yevropada sotsializmning tanazzulga uchrashi va SSSRning parchalanishi oqibatida Lenin nazariyasi asossiz ekanligi uzil-kesil isbotlandi. Lenin o’z siyosiy faoliyatida Turkistonga bolshevizm g’oyalarini tarqatishga, mintaqani sovetlashtirishga katta e’tibor qaratdi. Lenin va Stalin Turkiston muxtoriyatini tugatish rejasini qo’llab-quvvatladi. Leninning tashabbusi bilan Turkkomissiya (1919), Turkbyuro (1920), RKP (b) MK O’rta Osiyo byurosi (1922) kabi Markazning nazorat qiluvchi organlari tuzildi va Toshkentga yuborildi. Turkiston fronti (1919) tashkil qilinib, o’lkadagi sovet rejimiga qarshi qurolli harakatni tugatish uchun 200.000 ga yaqin qizil askar Turkistonga jo’natildi. Markaz yuborgan bolshevistik emissarlarga qarshi chiqqan mahalliy rahbarlarni Lenin «o’ng og’machilik»da aybladi. Lenin 1920 yilda Buxoro xonligi (amirligi) va Xiva xonligini qizil armiya tomonidan bosib olinishining tashabbuskori. Buxoro bosqini natijasida katta mikdordagi xazina Moskvaga olib ketildi va uning buyrug’i bilan iqtisodiy nochor sovet Rossiyasini saqlab qolish uchun sarflandi. Leninning 1920 yil 13 iyundagi ko’rsatmasiga ko’ra, yaxlit Turkiston mintaqasini parchalab tashlash jarayoni boshlandi va u 1925 yil boshlarida tugallandi. Shuningdek, Lenin Afg’oniston, Hindiston, Xitoy, qisman Eron, Turkiya kabi Sharq davlatlarida sotsializm qurish haqidagi rejasi uchun Turkistondan tayanch sifatida foydalanishni mo’ljallagan edi. Leninning «kommunistik g’oya»si 20-asr oxirida O’zbekistonda ham butunlay tanazzulga uchradi. Ad.: Latishev A.G., Rassekrechenniy Lenin, M., 1996; Istoriya Rossii. XX vek, M., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000.