Lesya Ukrainka

Lesya Ukrainka [taxallusi; asl ism-sharifi Kosach (Kosach-Kvitka) Larisa Petrovna; 1871.13(25).2, Novgorod- Volinskiy, hozirgi Jitomir viloyati — 1913.19.7(1.8), Surami (Gruziya); Kievda dafn etilgan] — ukrain yozuvchisi. Onasi Olyona Pchilka ham yozuvchi bo’lgan. Lesya Ukrainka she’riyatda va dramaturgiyada Shevchenko an’analarini davom ettirgan. Ilk she’rlar to’plami «qo’shiqlar qanotida» 1893 yilda nashr etilgan. Mazkur to’plamdan joy olgan she’rlarda ukrain xalq og’zaki she’riyatiga xos ohanglar ko’zga tashlanadi. «O’ylar va orzular» (1899), «aks-sadolar» (1902) to’plamlarida shoiraning chor hokimiyatiga nisbatan nafratli munosabati ifodalangan. Lesya Ukrainkaning «Oy afsonasi» (1892), «Robert Bryus, Shotland qiroli» (1893), «asir» (1903), «Oppoqqina Izolda» (1912) kabi dostonlari ham bor. Yozuvchining «Moviy gul» (1896) nomli birinchi dramasi o’sha yillardagi ukrain dramaturgiyasiga xos maishiy hayot va etnografik urf-odatlar tasviriga qarshi isyon sifatida maydonga kelgan. «Kuz ertagi» va «Mag’oralarda» (1906) dramalarida 1905 yil inqilobi bilan uyg’un g’oyalarni olg’a surgan. «Kassandra» (1908), «tosh xo’jayin» (1912) dramalarida mifologik obraz va syujetlarga murojaat etgan holda o’z davri voqealariga munosabat bildirishga uringan. «O’rmon qo’shig’i» (1912) dramasi Lesya Ukrainka ijodining cho’qqisidir. Bu asar xalq folklori asosida yozilganligi va faol gumanistik mohiyati bilan ajralib turadi. Unda ukrain adabiyotida birinchi marta inson va tabiat mavzui qalamga olindi. Ushbu drama asosida opera, balet va kino asarlari yaratilgan. Lesya Ukrainka «Dengiz uzra» (1898), «Do’stlik» (1905), «Xato» (1906) singari nasriy asarlarning ham muallifi. 1971 yilda Lesya Ukrainkaning 100 yilligi keng nishonlandi. As: o’tmish ertagi, T., 1961; tanlangan asarlar, T., 1971. Ad.: Rashidov A., Lesya Ukrainka, T., 1972. Naim Karimov.