Leviyev Manas (Menashe) Betyanovich

Leviyev Manas (Menashe) Betyanovich (1912.25.7, Namangan — 1990.30.4, Toshkent) — kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1962), O’zbekiston xalq artisti (1972). Samarqand musiqa va xoreografiya institutida ta’lim olgan (1930-32), Leningrad konservatoriyasini tugatgan (1944). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941-42). Leviyev ijodida o’zbek va tojik xalqlari ohanglari kompozitorlikka xos ko’p ovozlik vositalar bilan uyg’unlashgan. Kuylari nafis va jozibador, garmoniyasi oddiy va shirador bo’lib, deyarli barcha asarlari hayotbaxsh, ko’tarinkilik ruhi bilan sug’orilgan. Ko’p qirrali ijodida vokal musiqasi asosiy o’rin tutadi: «dilistonim, sen mening», «go’zal tong», «Sadoi bulbul» kabi romanslari, «O’zbek qizi ovozi», «o’rik gullaganda» singari qo’shiqlari va boshqalar. Leviyev o’zbek musiqali dramasi va ayniqsa, musiqali komediya janrining rivojiga katta hissa qo’shgan. «Oltin ko’l» (uyg’un, 1949, oxirgi tahriri 1958), «Toshbolta oshiq» (H. G’ulom, 1961), «Toshkentning nozanin malikasi» (H. Muhammad, 1978), «Qizil durrali nozik niholim» (Ch. Aytmatov, H. G’ulom, 1978) asarlari mazkur janrning barkamol namunalariga aylandi. Leviyevning «Suhayl va mexri» (M. Burhonov, Ik. Akbarov bilan hamkorlikda, 1958), «mahallada duv-duv gap» (1961), «o’tgan kunlar» (1969) kabi kinofilmlarga yozgan musiqasi yorqin va ommabop ohang hamda usullari bilan ajralib turadi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1979). Ad.h Jabborov A., Manas Leviev, T., 1986.