Liktorlar
Liktorlar (lotincha lictores)-davlat xizmatchilarining maxsus turi; Qadimgi Rimda etrussk shohlari davri (miloddan avvalgi VII asr)dan ma’lum. Dastlab Liktorlar magistralarning buyruqlari ijrosi bilan shug’ullanganlar, keyinchalik ularning huzurida faqat qo’riqchilik vazifasini bajarganlar. Liktorlar, odatda, ozodlikka chiqqan qullardan tayinlangan. Liktorlar soni ular birga yuradigan shaxsning mavqeidan kelib chiqqan; vestalka 1 nafar, edil 2 nafar, konsul 12 nafar, dictator 24 nafar, imperator (milodiy I-II asrlarda) 24 nafar Liktorlarga ega bo’lgan. Ilk Respublika davrida Liktorlar Rim fuqarolariga tayinlangan o’lim jazosini amalga oshiruvchi ham hisoblangan.