Limpopo, Timsohli daryo

Limpopo, Timsohli daryo — Janubiy Afrikadagi daryo. Uzunligi 1600 kilometr, havzasining maydoni 440 ming km2. Eng katta irmog’i — Ulifants. Vitvaters- Rand tizmasining shimoliy yon bag’ridan boshlanadi. Mozambik pasttekisligidan o’tib, Hind okeaniga quyiladi. Yuqori qismida qurg’oqchil erlardan oqib o’tgani uchun suvi kam, quyi qismida bir necha irmoq quyiladi. O’rtacha suv sarfi 800 m3/sek. Yozda yog’ingarchilik davrida daryoning quyi oqimida suv sathi 5-7 metr ko’tariladi. Quyilish joyidan boshlab 160 kilometr masofada yil davomida kema qatnaydi. Sug’orishda foydalaniladi.