Livan, Livan Respublikasi
Livan, Livan Respublikasi (Al-Jumxzfiya al-Lubnoniya) — G’arbiy Osiyodagi davlat. O’rta dengizning Sharqiy sohilida. Maydoni 10,45 ming km2. Aholisi 3,6 million kishi (2001). Poytaxti — Bayrut shahri. Livan ma’muriy jihatdan 6 muhofaza (viloyat)ga bulingan. Davlat tuzumi. Livan — parlamentli respublika. Amaddagi Konstitutsiyasi 1926 yil 23 mayda kuchga kirgan, keyinchalik unga tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (1998 yildan Emil Laxud). Deputatlar palatasi (parlament) tomonidan 6 yilga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 128 deputatdan iborat deputatlar palatasi. Ijroiya hokimiyatni prezident va u tayinlaydigan hukumat (Vazirlar Kengashi) amalga oshiradi. Tabiati. Qirg’oqlarining ko’pi past. Sohili tekislik. Sharqida Livan tizmasi mamlakatning katta qismini egallagan (balandligi 3088 metrgacha). Tog’lar, asosan, ohaktosh, qumtosh va boshqalardan tuzilgan. Temir rudasi va qo’ng’ir ko’mir konlari bor. Iqlimi subtropik, yozi quruq, qishi sernam. Sohilida yanvarning o’rtacha temperaturasi 13°, iyulniki 28°. Yillik yog’in sohilda 750-1000 mm, tog’larda 1000 mm dan ko’p. Daryolari qisqa, yozda ko’pincha qurib qoladi. Yirik daryosi Al- Litoni. Sohilida qo’ng’ir tuproq, tog’yon bag’irlarida bo’z-qo’ng’ir, yuqorirog’ida qo’ng’ir Toshloq tuproqlar tarqalgan. O’simliklarining aksari butalar. Livan tizmasining yon bag’irlarida eman, chinor, zarang, Halab qarag’ayi o’rmonlari bor. Hayvonlardan sirtlon, chiyabo’ri, g’izol, har xil kemiruvchilar va parrandalar yashaydi. Aholisining 90% dan ortig’i arablar, shuningdek, armanlar, kurdlar, cherkaslar, turklar va boshqalar yashaydi. Rasmiy tili — Arab tili. Aqolining 60% musulmon (sunniy, shia, druz), qolgan qismi xristianlar (Maroniy, pravoslav, katolik). Aholining 83,7% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Bayrut, Tripoli, sayda va Zahla. Tarixi. Livan hududida odam quyi va yuqori paleolit davridan, o’troq xalq miloddan avvalgi 5-ming yillikdan yashaydi; 3— 2 ming yilliklarda qadimgi Livan hududida finikiyaliklarning shahar-davlatlari Bibl (Jubayl), Tir (Sur), Sidon (Sayda), Berit (Bayrut) va boshqalar vujudga keldi. Ular miloddan avvalgi 8-4-asrlarda Ossuriya, Bobil, Axomaniylar davlati va makedoniyalik Aleksandr qo’l ostida bo’lib keldi. Miloddan avvalgi 2-asrdan Livan hududi Salavkiylar saltanati tarkibida va miloddan avvalgi 64-yildan Rim hukmronligida bo’ldi. Milodiy 4-6-asrlarda Livan Vizantiya imperiyasi tarkibiga kirdi. 7-asr boshida Livanni sosoniylar, keyinroq arablar egalladi. 7-11-asrlarda Livan bir necha sulola qo’l ostida bo’ldi. Livan 11-asr oxirida salibchilar, 13-asrdan 16-asr boshlarigacha Misr mamluklari hukmronligida bo’ldi. 1516 yil Livan hududi Usmonli turk saltanati tarkibiga kirdi. 17-asrda Amir Faxriddin II butun Livanni birlashtirdi. 1697 yildan Livan Shihablar sulolasi qo’l ostiga o’tdi. 18-asr oxiri, 19-asr boshlarida hukmronlik qilgan Amir Bashir II Shihab Livanni markazlashtirish siyosatini qo’lladi. U mamlakatni Turkiya hukmronligidan ozod qilish niyatida Misr hukmdori Muhammad Ali bilan ittifoq tuzdi. 1861 yil iyunda xalqaro komissiya (Frantsiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Prussiya, Rossiya, Turkiya) ishlab chiqqan Nizomga muvofiq, mamlakat rasman Livan nomini oldi. 19-asrning 50-70-yillarida Livan Arab ma’rifatchilik harakati markazlaridan biriga aylandi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Livan G’arbiy Yevropa davlatlarining yarim mustamlakasiga aylandi; 1918 yil oktabrda Angliya va Frantsiya qo’shinlari Livanni bosib oldi. 1922 yil Livanga Frantsiya mandati Millatlar Ligasi tomonidan tasdiqlandi. 1926 yil mayda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiq, Livan respublika deb e’lon qilindi. Biroq Frantsiya uning tashqi aloqalari va mudofaasi ustidan nazoratni o’z qo’lida saqlab qoldi. 1936 yil noyabrda milliy ozodlik harakati tazyiqi ostida Frantsiya hukumati bilan Livan o’rtasida Livanga 3 yildan keyin mustaqillik berish to’g’risida shartnoma tuzildi. Shartnomaga binoan, Frantsiya Livan hududida o’z qurolli kuchlarini saqlash, Livan tashqi siyosati va ichki ishlariga aralashish huquqiga ega bo’ldi, frantsuz reaktsiyasining aralashuvi bilan Livanga mustaqillik berish haqidagi shartnoma tasdiqlanmay qoldi. 2-jahon urushi boshida Frantsiya taslim bo’lgach, 1940 yil Livan Italiya bilan Germaniyaning yaqin Sharqdagi tayanch nuqtasiga aylandi. 1941 yil 8 iyunda «ozod Frantsiya» harakati va ingliz qo’shinlari Suriya va Livanga bostirib kirdi. Frantsiya qo’shinlarining bosh qo’mondoni general Katru Frantsiya mandatini bekor qildi, 26 noyabrda u Livan milliy ozodlik harakati talabiga javoban Livanga mustaqillik berish haqidagi bayonotni tasdiqladi. Biroq Livan 1943 yil 22 noyabrdagina haqiqiy mustaqillikka erisha oldi. 1945 yil Livan Arab davlatlari Ligasi tuzilishida ishtirok etdi va shu yili BMTga a’zo bo’ldi. 2-jahon urushidan keyin ham Frantsiya Livanda o’z hukmronligini saqlab qolishga urinib, bir qancha tadbirlar ko’rdi, biroq Livan hukumati bu mavzuda muzokara o’tkazishdan bosh tortdi. Buyuk Britaniya va Frantsiya o’z qo’shinlarini 1946 yil 31 dekabrda Livan hududidan olib chiqib ketishga majbur bo’ldi. Livan hukumati 1967 yil iyunda Isroil tajovuziga duchor bulgan Misr va boshqa Arab davlatlariga o’z xayrixohligini bildirdi va yaqin Sharqdagi siyosiy ziddiyatlarni tinch yo’l bilan hal qilish to’g’risidagi BMTning 1967 yil 22 noyabr rezolyutsiyasini ma’qulladi. 1968 yildan Livan hududida Falastin qarshilik harakati yuzaga keldi. O’sha yili Livanga qarshi Isroil tajovuzi boshlandi. Natijada Livan, ayniqsa, uning Jan. hududlari qattiq zararlandi. 1970 yil 17 avgustda parlament S. Franjeni prezidentlikka sayladi. Soyib Salom hukumat rahbari bo’ldi. Livanning yangi hukumati betaraflik siyosatini ilgari surdi va milliy iqtisodiyotni mustahkamlashga, mehnatkashlarning turmush darajasini yaxshilashga va’da berdi, biroq va’dani bajarish o’rniga demokratik huquq va erkinliklarni cheklashga harakat qildi; bu hol ish tashlash va namoyishlar boshlanishiga sabab bo’ldi (1972 yil oxiri — 1973 yil boshlari). 1975 yil apreldan Livanda keskin siyosiy tanglik vujudga keldi. 1975-76 yil Livandagi xristian va musulmon qo’shinlari o’rtasida qurollir mojaro boshlandi. O’ng xristian kuchlar Livanda turgan Falastin qarshilik harakati askarlari bilan, so’ngra musulmonlar bilan qurolli to’qnashuv chiqardilar. Mamlakat ikkiga bo’linib qoldi. Arablararo kuchlar (salkam 35 ming askar) Livanga kiritilgandan keyin urush harakatlari to’xtadi. 1978 yil Isroil qo’shinlari Livanga bostirib kirdi. BMT xavfsizlik Kengashining 425-qaroriga binoan, BMT muvaqqat kuchlari mamlakat Janubga kiritildi. Isroilning 1982 yil tajovuzi natijasida Livan hududining anchagina qismi 1985 yilgacha egallab turildi. Isroil Livan Janubda 10 kilometrga yaqin kenglikdagi «xavfsizlik mintaqasi»ni ishg’ol qilib turdi. 1989 yilda mamlakatda yana qurolli mojaro chikdi. Arab mamlakatlari uchlar qo’mitasi (jazoir, Saudiya Arabistoni, Marokash)ning faol ishtirokida va xalqaro kuchlarning madadi bilan Livan milliy inoqlik Xartiyasi ishlab chiqildi. Toif bitimi deb atalgan bu hujjatda davlat boshqaruv idoralarini shakllantirishning diniy belgilaridan asta-sekin voz kechish ko’zda tutilgan. Shu asosda 1992 va 1996 yillarda parlament saylovi o’tkazildi. Tashki siyosatda Livan ijobiy betaraflik, bloklarga qo’shilmaslik siyosatiga amal qiladi. Livan O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 30 dekabrda tan oldi va 1998 yil 22 oktabrda diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. Milliy bayrami — 22 noyabr — Mustaqillik kuni (1943). Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Arab sotsialistik uyg’onish partiyasi, 1950 yilda umumarab Baas partiyasining bo’limi sifatida tuzilgan; Kataib (yoki Livan falanglari) partiyasi, 1936 yilda asos solingan; taraqqiyparvar sotsialistik partiya, 1949 yilda tuzilgan; Milliy blok, 1943 yilda tuzilgan; Milliy liberal partiya (Erkin vatanparvarlar partiyasi), 1958 yilda asos solingan; Livan kommunistik partiyasi, 1924 yilda tuzilgan. Livan mehnatkashlari umumiy konfederatsiyasi, 1958 yilda asos solingan. Xo’jaligi. Livan — agrar-Industrial mamlakat. Livan iqtisodiyotining asosi bank-moliya faoliyati, savdo va sayyohlikdir. Yalpi ichki mahsulotda xizmat sohasi, savdo, moliya 50,3%, sanoat va qurilish 17,8%, qishloq xo’jaligi 9,8% ni tashkil etadi. Sanoati, asosan, to’qimachilik, oziq- ovqat, kimyo va farmatsevtika, yog’ochsozlik, neftni qayta ishlash korxonalaridan iborat. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Livanda hunar-mandchilik korxonalari, Tripoli va Saydada neftni qayta ishlash zavodlari mavjud. Tsement, metallurgiya, metallni qayta ishlash va kimyo sanoati korxonalari, ip gazlama kombinati, qand-shakar zavodi bor. Yiliga o’rtacha 4,7 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Qishloq xo’jaligida mehnatga layoqatli aholining 30% band bo’lib, milliy daromadning 10% hosil qilinadi. Bug’doy, arpa, tamaki ekiladi, banan, tsitrus, zaytun, sabzavot, olma va boshqa mevalar yetishtiriladi. Qoramol, echki, qo’y, parranda boqiladi, baliq ovlanadi. Transporti. Avtomobil transporti yetakchi o’rinda. Avtomobil yo’llari uzunligi -7,4 ming kilometr; temir yo’l uzunligi — 417 kilometr. Livan hududidan Saudiya Arabistoni va Iroqdan keluvchi neft quvurlari o’tgan. Dengiz savdo flotining tonnasi 438 ming tonna dedveyt. Dengiz portlari: Bayrut, Tripoli, Sayda, Juniya. Bayrutda Aeroport bor. Livan chetga tsitrus mevalar, gazlama, qog’oz, metall buyumlar chiqaradi; chetdan mashina va uskunalar, yog’och-taxta, oziq-ovqat, xom ashyo keltiradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Saudiya Arabistoni va boshqalar. Arab mamlakatlari, G’arbiy Yevropa mamlakatlari, AQSh. Pul birligi — Livan funti. Tibbiy xizmati. Vrachlar Livandagi Amerika universiteti tibbiyot fanlar fakulteti tarkibidagi Oliy tibbiyot maktabi va Frantsiya universitetining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. Livanda tibbiy xizmat tizimi asosan xususiydir. Maorifi, madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1960 yildan davlatga qarashli boshlang’ich maktablarda bepul o’qitish joriy etilgan. Biroq o’quv muassasalarining yarmidan ko’prog’i xususiy. Maorif tizimi 5 yillik boshlang’ich, 4 yillik to’liqsiz o’rta va 3 yillik o’rta maktablardan iborat. Hunar-texnika bilim yurtlari, pedagogika o’quv muassasalari mavjud. Bayrutda 4 ta universitet: Livan universiteti (1953), Amerika universiteti (1866), Frantsiya avliyo Iosif universiteti (1881), Arab universiteti (1960); Juniyada xususiy universitet (1950) bor. Livan milliy kutubxonasi (1921), universitetlar huzurida Yirik kutubxonalar, Livan milliy muzeyi (1920), nafis san’at muzeyi, Amerika universiteti muzeyi mavjud (hammasi Bayrutda). Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Livanda bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: «Al-Amal» («harakat», Arab tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1939 yildan), «Al-Anba» («xabar», Arab tilidagi haftalik gazeta, 1953 yildan), «Al-Anvar» («Nur», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1959 yildan), «Al-bayroq» (Arab tilidagi kundalik gazeta, 1912 yildan), «Ad-Diyor» («Vatan», Arab tilidagi haftalik gazeta, 1941 yildan), «An-nahor» («kun», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1933 yildan), «An-nido» («Chaqiriq», Arab tilidagi kundalik gazeta, 1959 yildan), «Oryan-jur» («Sharq kuni», frantsuz tilidagi kundalik gazeta, 1971 yildan), «Revey» («Uyg’onish», Fransuz tilidagi kundalik gazeta, 1908 yildan), «As-Sayyod» («ovchi», Arab tilidagi haftalik jurnal, 1943 yildan), «at-tariq» («Yo’l», Arab tilidagi oylik jurnal, 1941 yildan), «Al-Usbua-al-Arabi» («Arab haftasi», Arab tilidagi haftalik jurnal, 1959 yildan), «Ash-Shaab» («Xalq», Arab tilidagi kundalik gazeta 1961 yildan). Milliy axborot agentligi Livan hukumat axborot Mahkamasi bo’lib, 1962 yilda tashkil etilgan. Livan radioeshittirish xizmati hukumat qaramog’ida, 1937 yilda asos solingan. Livan teleko’rsatuv kompaniyasi tijorat telekompaniyasidir (1959). Adabiyoti. 7-asrdan Livan adabiyoti umumarab adabiyoti bilan birga rivojlandi. Turklar hukmronligi davrida madaniyat, xususan, adabiyot turg’unlikda bo’ldi. 19-asrda Livanda Misr, Suriya va boshqa Arab mamlakatlaridagi singari ma’rifatchilik g’oyalari keng yoyildi, publitsistika asosiy janr bo’ldi, tarjimachilik rivojlandi (Iosif al-YAzijiy, Butrus al-Bo’stoniy va boshqalar). 19-asr 2-yarmi — 20-asr boshlarida Livan adabiyotida ma’rifatparvarlik goyalari yanada kuchaydi. 1-jahon urushi arafasida Livan adabiyoti taraqqiyotining yangi bosqichi boshlandi: xalqning orzu-umidlarini ifodalovchi va hayot kamchiliklarini tanqid qiluvchi oqim shakllandi. Umar Faxuri, Tavfiq Yusuf Avvod va boshqa yozuvchilar Livan adabiyotida o’zlarining haqqoniy asarlari bilan tanildilar. 2-jahon urushi yillari va urushdan keyingi davrda Umar Faxuri, An-Tuan Tobit va Rauf al-huriy tomonidan tashkil etilgan «at-tariq» jurnalida Livanning taraqqiyparvar yozuvchilari faol qatnashdilar. Livan adabiyoti va davriy matbuotida fashizmni, mustamlakachilikni, ijtimoiy tengsizlikni fosh qilish yetakchi o’rinni egalladi. Yozuvchi va filolog Morun Abbudning «Kichik bahodirlar», «qog’ozdagi siyoh» kabi hikoyalar to’plamlari dehqonlar turmushiga va Livan yoshlarining taqdiriga bag’ishlangan. Arab mamlakatlari ijtimoiy va siyosiy hayotining murakkab tomonlari bir qator qissa, novella, poema va boshqalarda o’z aksini topgan. Keyingi yillarda Livan adabiyotida yozuvchilarning yosh avlodi katta e’tibor qozondi. Shoirlardan Al-Xuri, S. Akd, nasrchi S. Idris, L. Baalbeki mumtoz adabiyot an’analarini davom ettirdi. Me’morligi. Livanda miloddan avvalgi 5-4-ming yilliklarga mansub toshdan qurilgan mudofaa inshootlari, turar joylarning qoldiqlari topilgan. Mamlakatga arablar kelgach (7-asr), masjid, minora, Madrasa, karvonsaroylar qurila boshladi. 12-asrda salibchilar tomonidan Bofor qasri, monastirlar, cherkovlar bunyod etilgan. Usmonli turk saltanati hukmronligi davrida to’rk me’morligi ta’siri kuchaydi. Livan mustaqillikka erishgach, shaharlar ta’mirlanib, ko’p qavatli turar joylar, kinoteatr, maktab, klinikalar qurildi. Mahalliy an’analar davom ettirildi, ravoqli, peshtoqli yirik binolar qurishda ko’proq temir-betondan foydalanila boshladi. Tasviriy san’ati. Miloddan avvalgi 5-4-ming yilliklardan naqshin sopol idishlar, 3-2-ming yilliklardan Finikiya san’ati asarlari — shoh Axiram tosh tobutidagi qabariq tasvir va yozuvlar, zargarlik buyumlari, qurol-yarog’ saqlanib kalgan. Asrlar davomida binolarga o’ymakorlik va naqsh ishlangan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida H. Sururning hayotiy portret va natyurmortlari, X. Salibiyning ko’tarinki ruxdagi kartinalari mashhur bo’ldi, ularning ijodi keyingi rassomlarga katta ta’sir ko’rsatdi. 30-40-yillarda realistik yo’nalish yetakchi o’rinni egalladi. 50-60-yillarda formalistik oqimlarning ta’siri kuchli bo’ldi (rassomlardan S.Baltekse, P.Kirakosyan, I.Shamut, haykaltarosh yu.Xoayek va boshqa realistik an’analarni davom ettirdilar). Plakat, karikatura, kitob bezash taraqqiy etdi. Amaliy san’atda qadama naqsh, metall va yog’och buyumlarga sayqal berish, kandakorlik, kashtado’zlik, gilam to’qish va boshqalar rivoj topgan. Musiqasi — qadimgi bo’lib, johiliya davridan birmuncha murakkab cholg’u kuylar va qo’shiq turlari shakllangan. Ayniqsa, badaviylarning rechitasiyali — shargi va dabka nomli jadal sur’atli raqs kuylari ommalashgan. Keyinchalik dialogli atoba, kasbiy yo’nalishdagi maqam uslubiga mansub murakkab asarlar rivoj topdi. Bayrutda Milliy konservatoriya, uning huzurida kamer orkestr bor. 1956 yilda Livan musiqachi yoshlar jamiyati tuzilgan. U boshlang’ich musiqiy ta’lim, kontsertlar uyushtirish bilan shug’ullanadi. 1966 yil Bayrutda joylashgan Amerika unti tarkibidagi Oliy san’atshunoslik maktabi huzurida musiqashunoslik bo’limi tashkil etilgan. Livan xalq qo’shiqlarining ommalashuvida ashulachi Feyruzning hissasi katta. 1966 yildan boshlab har yili o’tkaziladigan Ba’labakka festivallari Livan musiqiy hayotida muhim ahamiyatga ega. Teatri. Marosim, bayram va boshqalarda qadimdan turli tomoshalar ko’rsatilgan, lekin teatr truppalari 20-asrning 2-yarmidangina paydo bo’ldi. Qiziqchi artist shushu tashkil etgan Milliy teatrda Moler, Shekspir, Gyote va boshqalarning asarlari qo’yildi. Bayrutdagi Livan drama teatrida jahon mumtoz adabiyoti namoyandalarining asarlari bilan bir qatorda mahalliy mualliflarning pesalari ham sahnalashtirilgan. Pyesalar Arab, frantsuz va ingliz tillarida qo’yiladi. Livandagi teatrlar xususiy bo’lib, davlatdan moddiy yordam olmaydi. Bayrutda 1965 yil ochilgan Milliy va Bayrut teatrlari, Ba’labakka festivali teatri (1968) va boshqa teatrlar mavjud. Kinosi. Birinchi badiiy film 1929 yil suratga olingan. «Ba’labakka xarobalari ostida» nomli badiiy film, kinojurnallar va hujjatli filmlar 20-asrning 30-yillarida chet el firmalari buyurtmasi bilan suratga olingan. 60-yillarda «Ba’labakka», «Nier ist sa-und», «Al-asriy» kinostudiyalari tashkil topdi. Keyingi yillarda «Salom, muhabbat!» (rejissyor M. Salmon), «shayton arava» (rejissyor J. Kan), «qayrilgan qanotlar» (rejissyor Yu. Ma’luf), «gung va muhabbat» (rejissyor A. Bahriy) kabi filmlar tomoshabinlar diqqatiga sazovor bo’ldi.