Lumbitepa
Lumbitepa — Andijon viloyatining marhamat tumani hududida, qadimgi Mingtepa shahri xarobasi (marhamat)dan 6 kilometr g’arbda joylashgan. Lumbitepa to’g’ri burchak (65×90 metr) shaklda. Janubiy-g’arbiy burchagida to’g’ri burchak (18×20 metr) tarhli, balandligi 3 metr bo’lgan tepalik — qal’a xarobasi joylashgan. 1988-89 yillarda stratigrafik shurf qazilgan va tepalikning ustki qatlami ochib tekshirilgan. Lumbitepa — ko’p qatlamli manzilgoh bo’lib, quyi qatlamdagi hayot milodiy 3— 4-asrlarga, ustki qatlamdagi hayot esa, 7-8-asrlarga to’g’ri keladi. Qazishmalar natijasida yangi tipdagi mustahkamlangan manzilgoh aniqlangan. U qalinligi 3 metrdan ortiq tashqi devor bilan o’ralgan, ichki qismida zich qurilgan inshootlar, mol qo’rasi joylashgan katta hovlisi bo’lgan. Manzilgoh devor bilan 4 qismga ajratilgan. Kattaligi bir xil bo’lgan xonalardan o’choqlar chiqqan.