Luqmon
Luqmon — Qur’onda tilga olingan donishmand (31-Luqmon surasi). Naql qilishlaricha, Luqmon ming yil umr ko’rgan bo’lib, Alloh u zotga narsa va voqea-hodisalarning mohiyat — haqiqatiga bexato etish va eng to’g’ri hukm chiqara olish ne’matini, ya’ni hikmatni ato etgan ekan. Qur’onda Luqmonning o’g’liga qilgan pand-nasihatlari (Allohga shirk keltirmaslik, yaxshi amallar qilish, namoz o’qish, sabr-toqatli bo’lish, kibr-havoli, maqtanchoq bo’lmaslik kabilar) keltiriladi. Luqmon haqida rivoyatlar ko’p. Shulardan biriga ko’ra, Luqmon Od qavmidan bo’lib, uni Luqmon ibn Od deb atashgan. Afsonada aytilishicha, Arabistonda yashagan ana shu xalq Allohning g’azabiga uchrab qurg’oqchilikka duchor bo’ladi. Xalq bu ofatdan qutulish maqsadida o’z vakillarini Makkaga yomg’ir so’rab duo o’qish uchun yuboradi. Ularga Luqmon boshliq bo’ladi, lekin u Allohdan o’ziga uzoq umr so’raydi. Allohga yettita burgut umriga teng keladigan uzoq umr ato etadi. O’rta Osiyo xalqlari orasida Luqmon buyuk Hakim, dono, bilimdon inson sifatida mashhur bo’lgan.