Luvr

Luvr (Louvre) — jahondagi eng yirik muzeylardan. Parijdagi mashhur me’moriy yodgorlik — sobiq Qirollik qarorgohi binosida joylashgan. 1791 yilda inqilobiy Konvent dekreti bilan milliy badiiy muzey sifatida asos solingan va 1793 yil 8 noyabrdan omma uchun ochilgan. Luvr fondini sobiq Qirollik to’plami, shuningdek, monastir, cherkov va aslzoda oilalarning musodara qilingan to’plamlari tashkil qildi; Napoleon yurishlarida qo’lga kiritilgan, turli davlatlardan sotib olingan, ko’plab hadya qilingan san’at asarlari bilan boyib bordi. Muzey 6 bo’limdan iborat: tasviriy va amaliy san’at, haykaltaroshlik (o’rta asrlar, Uyg’onish davri, keyingi davr), Yunon va Rim yodgorliklari, qadimgi Sharq yodgorliklari, qadimgi Misr yodgorliklari. Bular orasida Sharq yodgorliklari dunyo bo’yicha muhim ahamiyatga ega; frantsuz san’ati (ayniqsa, kartinalar galereyasi) juda mukammal. Luvrda jahonga mashhur (Mikelanjelo, Leonardo da Vinchi, Rafael, Tisian, Rembrandt, Rubens va boshqalar) nodir san’at asarlari to’plangan. Muzey ekspozitsiyasi xronologik tartibda va milliy maktablar tarzida, hadya etilgan yirik xususiy to’plamlar alohida joylashtirilgan. Luvr binosi Parijning tarixiy qismidagi asosiy me’moriy yodgorlik bo’lib, 13-asr boshi — 14-asrlarda eski qasr o’rniga qurilgan. 1546-74 yillarda me’mor P. Lesko Renessans usulida saroy qurgan, haykaltaroshlik bezaklarini J. Gujon ishlagan. Binoni kengaytirish va qayta qurish (J. Lemerse, 1624 yildan; L. Levo, 1661-64; K. Perro, 1667-74; L. Viskonti va E. Lefyuel, «Yangi Luvr”, keyinchalik kartinalar galereyasi) 20-asrning oxirlarigacha davom etdi.