MAFIYA
MAFIYA (lot. maffi a, ital. mafia – maxfiy) — zo’rlik, qo’rqitish, terror, qotillik, ig’vogarlik usuli bilan iqtisodiy va siyosiy maqsadlarga erishish uchun tuziladigan maxfiy uyushma; uyushgan jinoyatchilik tashkiloti. Bir-biri bilan o’zaro bog’langan va poraga sotilgan davlat amaldorlari, davlat organlaridan yordam oladigan jinoyatchi guruhlar. XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida Italiyaning Sitsiliya orolida paydo bo’lgan. XX asrda Mafiya tashkilotlari faoliyati shaharlarda avj oldi. Mafiya, odatda, qimorbozlik, bangilik, fohishabozlik kabi ijtimoiy axloqsizlikni uyushtiradi va o’z homiyligiga oladi, siyosiy hayotga faol aralashadi. Mafiya davlat idoralari, sud va politsiya amaldorlari, muayyan siyosiy doiralar bilan birikib ketadi. Keyinchalik uyushgan jinoyatchilikning davlat hokimiyati, sud, prokuratura va boshqa idoralar xodimlari bilan til biriktirishi va o’zaro bir-birini himoya qilishi Mafiya deb ataladigan bo’ldi.